Qon aylanishining katta va kichik doiralari. Bu qon aylanish doiralari o‘rtasida jiddiy funksional farq bor. Katta qon aylanish doirasi orqali yurakdan chiqadigan qon barcha a‘zolarga taqsimlanadi. Bu a‘zolarning qonga bo`lgan talabi tinchlik holatida ham juda o‘zgaruvchan. Ish vaqtida esa bu ehtiyoj keskin oshadi. Faol holatdagi a‘zolarni qon bilan yetarli miqdorda ta‘minlash uchun tomirlardagi qonni a‘zolar o‘rtasida qayta taqsimlash zaruriyati tug‘iladi. Bu ishni boshqaruv mexanizmlari yuzaga chiqaradi.
Kichik qon aylanish doirasida qon faqat o‘pkadan o‘tadi. Bu doirada qon aylanishining boshqarilishi ancha sodda.
Qonning qon tomirlardagi harakatini o‘rganuvchi fan gemodinamika, deb ataladi. Bu fan gidrodinamikaning bir qismi.
Gidrodinamika qonuniyatiga ko‘ra, naylarda suyuqlikning oqishi ikki kuchga: suyuqlikning harakatini yuzaga keltiruvchi bosim, ya‘ni nayning boshi va oxiridagi bosimlar farqiga va oqayotgan suyuqlikka ko‘rsatiladigan qarshilikka bog`liq.
Bu kuchlarning birinchisi – bosimlar farqi suyuqlikni harakatga keltirsa, ikkinchisi – gidravlik qarshilik suyuqlikning harakatiga to‘sqinlik qiladi. Bosimlar farqining qarshilikka nisbati vaqt birligida naylardan oqayotgan suyuqlik hajmini, ya‘ni suyuqlik oqimining hajm tezligini belgilaydi. Bu bog‘lanish quyudagi tenglama bilan ifodalanadi:
P1 – P2
Q = R
Turli tomirlardagi qarshilikni ularning uchi va oxiridagi qon bosimi farqidan bilish mumkin. Qon oqimiga qarshilik qancha katta bo'lsa, tomirda qonning harakatiga shuncha ko'p kuch sarflanadi, binobarin, bu tomirdagi bosim shuncha ko'p pasayadi.
Turli tomirlardagi qarshilikni ularning uchi va oxiridagi qon bosimi farqidan bilish mumkin. Qon oqimiga qarshilik qancha katta bo'lsa, tomirda qonning harakatiga shuncha ko'p kuch sarflanadi, binobarin, bu tomirdagi bosim shuncha ko'p pasayadi.
Tomirlardagi qon bosimini bevosita o'lchash uning yirik va o'rta arteriyalarda atigi 10%, arteriolalarda va kapillyarlarda esa 85% pasayishini ko'rsatadi.
Qon oqimining ikkita tezligi o'rganiladi. Birinchisi – chiziqli tezlik. Chiziqli tezlik qon zarrachalarining tomirda siljish tezligini aks ettiradi. Uni mm/s yoki sm/s da ifodalanadi. Ikkinchisi – hajm tezlik. U qon tomirlardan vaqt birligida oqib o'tgan qonning hajmini ko'rsatadi va ml/s da o'lchanadi. Aorta yoki kovak venalar orqali, o'pka arteriyasi yoki o'pka venalari orqali 1 daqiqada o'tadigan qon hajmi bir xil. Yurakdan ketayotgan qonning miqdori unga kelayotgan qon miqdoriga teng. Katta va kichik qon aylanish doirasining butun arterial tizimi yoki barcha arteriolalar, yoxud barcha kapillyarlar yoki butun venoz tizimi orqali o'tgan qon hajmi bir xil.