2. Krit madaniyati.
Mil.avv. III–II ming yilliklarda Egey dengizi orollarida kelib
chiqishi sharqdan bo‘lgan krit-miken sivilizatsiyasi shakllandi. Bu madaniyat Kritning
afsonaviy podshosi nomi bilan Minoy sivilizatsiyasi ham deb ataladi. Krit
sivilizatsiyasi hali yunonlar ibtidoiy jamoa davrini boshidan kechirayotgan paytda
vujudga kelgan buyuk madaniyat edi. Ular yunonlargacha bo‘lgan, yunoncha
so‘zlashmagan, o‘z yozuvlariga ega xalq bo‘lgan. Krit yoki Minoy madaniyati uch
davrga: Ilk Minoy (mil.avv. 3000–2300/2100-yillar), O‘rta Minoy (2300/2100–1600-
yillar) va So‘nggi Minoy (1600–1200-yillar)ga bo‘linadi. Kritning ilk gullab-yashnash
davri va uning Egey dunyosidagi yetakchiligi mil. avv. III–II ming yilliklarga to‘g‘ri
keladi. Dastlab orolning janubiy-sharqiy qismi rivojlangan.
O‘rta Minoy davrida Kritda «birinchi saroylar» davri bo‘ldi. Knoss, Fest va
Malliya kabi shahar markazlari rivojlandi. Krit me’morchiligining Kiklad va Ellada
sivilizatsiyalaridan ajratib turadigan xususiyati, bu saroylarning ulug‘vor qurilgani va
saroylardagi nafis freska tasvirlarining yuksak san’at darajasida bo‘lganidir. Freska
tasviriy san’atining gullab-yashnashi «ikkinchi saroylar davriga» (mil.avv. XVII asr)
va So‘nggi Minoy davriga to‘g‘ri keladi. Krit orolida qudratli davlat tashkil topgan,
uning kemalari dengizda hukmron bo‘lgan. Krit bilan raqobat qiladigan biror-bir
davlat bo‘lmagan. Orolning mudofaa devorlari bilan o‘rab olinmagani bundan dalolat
beradi. O‘rta Minoy davri Kritda taxminlarga ko‘ra, yer qimirlashi natijasida halokat
bilan tugallandi. Mil.avv. XVII asrda Knoss, Fest, Malliya saroylari xarobaga aylandi.
Ellik yildan so‘ng Krit yana qayta tiklandi va bu yuksalish mil.avv. 1400-
yillargacha davom etdi. Bu davrda Krit dengizda cheksiz hukmronlik qildi. Krit
Bolqon yarim oroli, Misr, Iberiyaga oliy nav vino, zaytun moyini eksport qildi.
Misrdan rangli shisha, fayans; Kipr orolidan mis; Suriyadan otash; Liviyadan
qimmatbaho metallar va fil suyagi olib kelindi.
Kritning Egey dengizidagi yangi yetakchiligi mil.avv. 1700-yildan boshlanib,
Knoss va Festda yangi saroylar qurilib, uning devorlari ajoyib freskalar bilan
bezatilgan. Ingliz arxeologi Artur Evans Knoss saroyini 40 yil davomida tekshirdi va
ajoyib san’at namunalarini topdi. Bir necha qavatli saroy Kritdagi ulug‘vor inshoot edi.
U bir necha marta qayta qurilgan bo‘lib, podsho oilasi istiqomatgohi, rasmiy qarorgoh
va xo‘jalik inshootlaridan iborat edi. Saroyda ko‘plab xona va zal devorlari did bilan
bezatilgan. Krit me’morlari misrliklardan kolonnalar qurish san’atini egalladilar.
Ularning tosh saroylarida juda yo‘g‘on, lekin kalta kolonnalar mavjud. Devoriy
tasvirlarda hashamatli kiyingan ayollar va erkaklar, saroy hayoti manzarasi, o‘simlik
va hayvonlarning hayotiy ko‘rinishlari yuqori darajadagi badiiy usulda tasvirlangan.
Krit kulolchiligida badiiy san’atning nihoyatda yuksak darajasida shakllangani
ko‘rinadi. Sopol idishlarda tabiatning boy manzaralari mohirona tasvirlanadi. Bunday
tasvirlar ko‘za (amforalar), zaytun yog‘i va vino saqlanadigan, bo‘yi 2 m gacha
bo‘lgan xum (pifos)larning sirtiga chizilgan.
Krit orolining janubidagi fest katta madaniyat o‘chog‘i bo‘lib, Knoss saroyiga
o‘xshash ulug‘vor saroy ansambli – uch tosh terilgan hovli teatr – 500 kishilik,
ziyoratgoh, ibodatxonalar mil.avv. 2200-yillar atrofida qurilgan. Mil.avv. XVIII
asrdagi zilziladan so‘ng saroy qayta qurilib, kengaytiriladi. Saroy yuqori me’morchilik
namunasi darajasida bunyod qilingan. Ko‘p sonli xonalar, uzun yo‘laklar, devorlari
toshdan yo‘nilgan plitkalar freska-tasvirlar bilan bezatilgan. Saroy atrofida shahar joy-
lashgan. Mil.avv. 1470-yildagi zilzila festni to‘la vayron qilgan. Krit madaniyatining
yuqori darajada rivojlanganligining yana bir dalili, Knoss saroyidagi bizgacha yetib
kelgan raqqosa tasvirining bir qismidir. Raqqosaning go‘zal qaddi-qomatini nafis
noziklikda tasvirlanganligidan hayratda qolgan arxeologlar uni shartli «parijlik ayol»
deb nomladilar. Bu raqqosaning sochi o‘ziga xos did bilan ma’lum bir uslubda
turmaklangan. Knoss saroylaridan topilgan kohinalarning fayans haykalchalarida uzun
yubka, yarim yalang‘och ko‘krak, nozik yelkalarga tushib turgan sochlar tasviri
saroyda hukm surgan nozik did, yuksak madaniyat dunyosidan dalolat beradi.
Devoriy tasvir-freskalar va Krit xudolar panteonida ayol ma’budalarining oldingi
o‘rinda turgani, Krit jamiyati hayotida ayollarning mavqeyi yuqori darajada bo‘lganini
anglatadi. Bundan tashqari, gemma va uzuklarda qalqon tutgan ayol, kabutar bilan
ma’buda, tog‘ cho‘qqisidagi ma’buda va ikki sher o‘rtasidagi ma’buda tasvirlari
buning yaqqol misoli bo‘ladi.
Freskalarda Krit orolining saroy va diniy hayoti tasvirlari: yosh yigit-qizlarning
yurishi, gullar orasidan yurib kelayotgan hokimning tasviri, qo‘shiq aytib raqs
tushayotgan raqqosalar, qo‘lida marosim ko‘zalarini ko‘tarib ketayotgan o‘smirlar,
Kritda diniy ramz sanalgan ikki yoqlama bolta-labris ushlagan kohina kabi tasvirlar
aks ettirilgan.
Taxminlarga ko‘ra, O‘rta Minoy davrida orolning shimoliy qismida (poytaxti
Knoss) mustaqil sulola, boshqasi janubda (poytaxti Fest) hukmronlik qilgan. Hokim
oliy kohin vazifasini ham bajargan. So‘nggi Minoy davrida Kritdagi butun hokimiyat
Knoss hokimlari qo‘liga o‘tadi. Siyosiy hokimiyat tuzilishi bilan Sharq despotiyasiga
o‘xshash bo‘lgani ehtimoldan xoli emas. Podsho yerning oliy egasi bo‘lib, ishlab
chiqariladigan moddiy ne’matlarning katta qismini tasarruf qilgan. U mamlakatni o‘z
ayonlari, yaqinlari yordamida boshqargan. Joylarda podsho noiblari boshqaruv
ishlarini amalga oshirgan. Krit podsholari oliy dunyoviy hokimiyatdan tashqari, diniy
hokimiyatga ham ega bo‘lganlar. Fukididning ma’lumotlariga ko‘ra, podsho Minos har
9 yilda Zevs tasviri turgan muqaddas g‘orga borib, uning oldida o‘z podsholik
boshqaruvi to‘g‘risida hisobot bergan va o‘z hukmronligining navbatdagi muddati
uchun yorliq olgan.
Knoss saroyi xarobalari qazib ochilganda, podsho taxti bilan taxt turgan inshoot
topilgan. Katta zalning ikki tomonida ehtimol davlat ishlarini muhokama qilishga
to‘planadigan podsho kengashi a’zolari o‘tiradigan uzun o‘rindiqlar qo‘yilgan.
Devoriy tasvirlarda Krit podshosi odatdagi odamlardan ko‘ra, bo‘yi bir necha marta
baland qilib tasvirlangan.
Knoss saroyida 10 ming taxtachada qadimgi krit yozuvlari topildi. A.Evans bu
yozuvlarni 30 yil davomida o‘qishga urindi, lekin ocha olmadi. U 1940-yil vafot qildi.
1950-yil B-chiziqli yozuv o‘qildi. U Knoss saroyining xo‘jalik hujjatlari edi. Hozirga-
cha B - chiziqli krit yozuvi o‘qilgani yo‘q.
Mil.avv. XVI asrda yunon hali ibtidoiy jamoa davrida yashagan paytlarida, Kritda
rivojlangan davlat va jamiyat, yozuv, yuqori darajadagi madaniyat hamda suv quvuri
(vodoprovod) mavjud edi. Ushbu ajoyib sivilizatsiyani sharqdan kelgan qandaydir xalq
yaratgan edi. Krit sivilizatsiyasini yunonlar o‘zlashtirdilar. Shu sababli Krit madaniyati
Yevropa sivilizatsiyasining asosi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |