O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida antik va ilk o‘rta asrlarga oid devoriy suratlar ko‘plab aniqlangan. Devoriy suratlarga O‘rta Osiyo hududida hukm surgan zardo‘shtiylik, buddizm, manixeystva ko‘plab dinlarni tarqatuvchilari murojaat qilgan. Devoriy suratlarda ajdodlarga sig‘inish, topinish va dostonlarning turli qahramonlari bilan bog‘liq mavzular aks etgan. Devoriy surat davr ruxiga moslashishga va uzoq vaqt mobaynida saqlanib qolishga muvaffaq bo‘ldi
Arxeologlar tomonidan ochilgan kushon davriga oid Qoratepa, Fayoztepa, Dalvarzintepa, Xolchayon, Tuproqqal’a, Guyarqal’a, ilk o‘rta asrlarga oid Bolaliqtepa, Afrosiyob, Varaxsha, Tavka, Ustrashona, Panjikent, Ajinatepa va boshqa yodgorliklar har bir davr mafkurasida diniy ta’limotlarni targ‘ibot qilishda suratlardan keng foydalanilganligini tasdiqlaydi. Ko‘p hollarda devoriy suratlarga turli tuman haykaltaroshlik va barelef tasvirlar birgalikda qo‘llanilgan.
Bolaliqtepa devoriy suratlari O‘rta Osiyo halqlarining madaniyati va san’ati yodgorliklarining ajoyib namunalaridan biridir. Devoriy suratlar 1953-1955 yillarda L.I. Albaum boshchiligidagi qadimshunoslar tomonidan Bolaliqtepa arxeologik yodgorligida topilgan. Yodgorlik Surxondaryo viloyatining Angor tumanida, aniqrog‘i Termiz – Angor yo‘lidan 2 km sharqda joylashgan.
Obida 1953-1956 yillarda arxeolog L.I. Albaum tomonidan o‘rganilgan. Unga ko‘ra yodgorlik tarxda to‘rtburchak shaklda va olam tomonlariga qaragan. Tepalik yon-atrofidagi hozirgi yer sathidan taxminan 10 m balandlikda, asosining o‘lchamlari 30x30 m ni tashkil qiladi. Tepalikning quyi tomonida paxsa bloklari va g‘isht taxlami ko‘zga tashlanadi. Tekshiruvlardan aniq bo‘ldiki, xom g‘isht to‘g‘rito‘rtburchak shaklda bo‘lib, 45x25x10 sm dan 50x25x10 gacha bo‘lgan turli o‘lchamda.
Yodgorlikda yirik me’moriy inshoot qazib ochilgan va tadqiqotchilarning aniqlashicha qasr bo‘lgan. U ko‘plab xonalardan iborat bo‘lgan. 1-xona qasrning shimoliy-g‘arbiy burchagida joylashgan. Binoning qurilish chog‘ida janubiy devorning o‘rtalarida xonani isitish va taom pishirish uchun maxsus o‘choq – kamin qilingan. 2-xona deyarlik to‘liq saqlangan. Xonaning eni 2,4 m ga, uzunligi esa 5,15 m ga teng. Xona devorlari 50x30x10 sm o‘lchamdagi xom-g‘ishtlardan taxlangan. Shimoliy devorda ikkita shinak (mudofaa tizimi bilan bog‘liq: kamondan o‘q uzush uchun tuynuk) qilingan. Xonadan qazishmalarda ikkita xum bo‘laklari, sopol idishlar va qurib qolgan uzum qoldiqlari aniqlangan.
3-xona ancha talofat ko‘rgan. Keyingi xonaning g‘arbiy tomonida sufa joylashgan. Xonadan XV asrga taaluqli oq fonda ko‘k ornamentli sirlangan sopol idish bo‘lagi, tutatqidon (rus. kurilnitsa) bo‘laklari, uning yonidan noksimon shakldagi medalon topilgan. Medalon yashilsifat rangdagi shishani eritib quyish orqali yasalgan va kumush gardishga o‘rnatilgan. Uning tepasiga ip yoki zanjirga osib qo‘yish uchun halqacha biriktirilgan.
Medalonda oyoqlarini chalishtirib o‘tirgan holatda chaqaloqni emizayotgan ayol obrazi tasvirlangan.
Inshootning janubiy-sharqiy qismi tepalikning janubida joylashgan. Afsuski, bu tepalikda biror bir xonaning qoldiqlari saqlanmagan. Lekin, bino tarxini rekonstruksiyasida bu yerda kirish vazifasini o‘tagan 9-xona bo‘lganligini taxmin qilish mumkin
12-xona eng qiziqarli xonalardan biridir. Bu yerda madaniy qatlam ostidan qalin devorli xum bo‘laklari hamda kamdan-kam uchraydigan sirlangan oq keramika fragmentlari topilgan. Xonadan shuningdek, ko‘plab sopol idishlar, jigar-rang shisha idish va yog‘och qoshiq ham topilgan. Boshqa topilmalar ichida yog‘ochdan yasalgan musiqa asboblari alohida o‘rin tutadi. Ularning ichida musiqa asbobi simini sozlash uchun xizmat qiladigan “quloq” yaxshi saqlangan.
Qasrning 13-xonasi tarxda noto‘g‘ri shaklda. Xonaning g‘arbiy tomonida ikkita sufa bo‘lgan Bu xonada uchta kirish yo‘lagi bo‘lib, uning bittasi suratlar bor 14-xonaga olib boradi. Bolaliktepadagi devoriy suratlar ilk bor 1953 yilda qazib ochilgan turar-joy majmuasining 14-xonasida aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |