2. Xalqaro hamkor ekspedisiyalarning amaliy ahamiyati.
Respublikamiz mustaqillikka erishganidan keyin, barcha jabhalarda bo’lgani kabi ilmiy tadqiqotlar masalasida ham dunyoning eng ilg’or maktablariga keng yo’llar ochildi. Chet ellik hamkor mutaxassislar ko’magida yosh tadqiqotchilarimiz Ovro’paning turli ilmiy markazlarida grant asosida ta’lim olishib, o’z malakalarini oshirib qaytdilar va bu o’z navbatida, yurtimizdagi ilmiy ishlarni rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatmoqda.
1997 yilda O’zR FA Arxeologiya institutida kadrlar qo’nimsizligi tufayli tosh davri bilan shug’ullanuvchi tadqiqotchilarga muhtojlik sezilardi. Shu munosabot bilan o’sha davrdagi Arxeologiya instituti direktori t.f.d., prof. T.Sh. Shirinov hamda O’zbekiston-Fransiya qo’shma ekspedisiyasi rahbari prof. F. Grenelar ishtirokida Parijdagi Moddiy Madaniyat Tarixi Milliy Muzeyi professori, A. De Lyumley o’rtasida O’zbekiston uchun bitta paleolitchi mutaxassis tayyorlash haqida kelishuv amalga oshirildi. Bunday mas’uliyatli malaka oshirish uchun Arxeologiya institutining aspiranti B.Q. Sayfullayev tanlab olindi va Fransiyaga yuborildi. B. Sayfullayev Fransiyadagi paleolit davri bilan shug’ullanuvchi qator laboratoriyalarda o’zining bilim va malakalarini oshirib qaytdi. Natijada uning tomonidan F. Bord tadqiqot uslubining ilg’or de Lyumley sistemasi sinchiklab o’rganildi va ilk marotaba rus tiliga tarjima qilindi. Shuning bilan birga, ushbu tadqiqot uslubi yurtimizdagi Zarafshon, Ohangaron vohalari va Qizilqum paleolit davri materiallarini o’rganishda muvaffaqiyatli qo’llandi. Natijada, qator yangi ma’lumotlar qo’lga kiritildi.
Hozirda B.Q. Sayfullayev O’zR FA Arxeologiya institutining paleolit davrini o’rganuvchi asosiy tadqiqotchilaridan biridir. U mutaxassis sifatida Fransiya maktablarida shakllandi va hozirda O’zbekiston paleolitining eng dolzarb muammolarini zamonaviy talablarga mos ravishda tadqiq etishda davom etmoqda, ushbu davrga oid qator yangiliklarni amalga oshirmoqda.
O’zR FA Arxeologiya institutining B.Q. Sayfullayev ishtirokida paleolitchilar guruhi tomonidan Qizilqumdagi Ko’kayoz 1-8, Oyoqog’itma, Qashqadaryodagi Shayx-Avval 2 kabi tosh davriga oid yangi yodgorliklar topib o’rganildi. Ushbu texnokomplekslar industriyalarini o’rganishda zamonaviy tadqiqot usullari qo’llanildi.
Shuningdek, B. Sayfullayev O’zbekiston-Rossiya, O’zbekiston-Polsha hamda O’zbekiston-Fransiya xalqaro qo’shma ekspedisiyalari qatorida tengma-teng ilmiy tadqiqotlar olib bordi va bu borada unga Ovro’pada orttirgan bilim va malakalari asqotdi. Hozirda u H.Xoshimov, A. Rajabov kabi yosh olimlarga tosh davri arxeologiyasi sirlarini o’rgatmoqda. B. Sayfullayevning bevosita ilmiy maslahatchiligida N.Xushvaqov, S. Mirsoatova kabi fan nomzodlari tayyorlandi va bevosita ishtirokida O. Ergashevning tosh davri ustaxonalari bo’yicha tadqiqotlari e’lon qilindi.
B. Sayfullayev tomonidan arxeologik materiallarni o’rganishda qo’llanilayotgan zamonaviy uslublar asosida Zarafshon vohasi paleolit davri industriyalarini o’rganish yangi pog’onaga ko’tarildi. Uning tomonidan Qo’tirbuloq va Zirabuloq yodgorliklari to’plamlaridan tosh buyumlarning qator yangi tiplari aniqlandi va ilmiy muomalaga kiritildi. B. Sayfullayev amalga oshirgan yana bir muhim yangilik, bu – paleolit davri industriyalarining taraqqiyotida xom-ashyoning roli masalasining tadqiq qilinishi bo’ldi. Tadqiqotlar natijasida, O’zbekiston paleoliti industriyalarining aksariyati (Qo’tirbuloq, Zirabuloq, Ko’lbuloq va h.k.) sifatli xom-ashyoning tanqis sharoitlarida rivojlanganligi va bu holat toshga ishlov berish texnikasi taraqqiyotiga o’z ta’sirini o’tkazganligi, shuningdek, O’zbekiston paleolitining qator o’ziga xos xususiyatlari aniqlandi.
O’zbekiston-Rossiya qo’shma ekspedisiyasida ilmiy-tadqiqot ishlaridan tashqari, “Talabalar va aspirantlarning dala qidiruv ishlari maktabi” ta’lim proyekti ham muvaffaqiyatli ish olib bordi (2007 yildan). Ushbu maktabning vazifalariga fan va oliy ta’limni integrasiyalash uchun yosh mutaxassislarni ilmiy tadqiqot ishlariga faol jalb qilish, mahalliy ilmiy maktablarni tayyor hamda jahon standartlari talablariga javob beradigan, yuqori malakali yosh avlod bilan ta’minlash va talabalar, aspirantlar, yosh mutaxassislar ishtirokidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari kiradi.
Hozirda ushbu maktabning ilmiy ishlarida O’zbekiston, Rossiya, Qirg’iston, Qozog’iston, Olmoniya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Eron va Xitoydan kelgan yosh tadqiqotchilar qatnashmoqda. Dala-qidiruv ishlari maktabi faoliyatida yosh avlodni arxeologiyaning prinsiplari va uslublarini o’rgatish bilan birgalikda, absolyut, nisbiy sanalash bo’yicha hamda paleoiqlimni rekonstruksiya qilish borasidagi eng yangi uslublar va natijalar bilan tanishtirib boriladi. Shuningdek, ibtidoiy arxeologiya borasida obro’li olimlar tomonidan davrning dolzarb muammolariga bag’ishlangan ilmiy ma’ruzalar tashkil qilinadi. Ekspedisiya tarkibining internasionalligi tufayli yosh mutaxassislar o’zlarining keyingi tadqiqotlari uchun ilmiy aloqalar o’rnatmoqdalar.
Ekspedisiya ishlarida Respublikamiz yoshlaridan ko’plab vakillar ishtirok etdilar. Biroq, bevosita paleolit davri bilan shug’ullanib kelayotgan mutaxassislar ham tayyorlandi. Hozirda ular xalqaro ekspedisiyalar tarkibida ishtirok etish bilan birgalikda, o’zlari mustaqil ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.
Qashaqadaryodagi Angillak makonini o’rganish ishlari esa xalqaro O’zbekiston-Amerika talabalar ilmiy arxeologik ekspedisiyasi tomonidan amalga oshirildi. Qazish ishlarida talabalardan tashqari, O’zMU o’qituvchilari hamda Kolorado Universiteti antropologiya departamenti mutaxassislari, O’zR FA tarix va arxeologiya instituti xodimlari va O’zR Prezidenti qoshidagi Davlat va Jamiyat qurilish akademiyasi xodimlari ishtirok etishdi. Natijada, yuqorida ta’kidlangan ilmiy markazlar bilan yurtimizning yosh tadqiqotchilari o’rtasida mustahkam aloqalar o’rnatildi. Bundan tashqari, ushbu xalqaro hamda multidissiplinar tadqiqotlarda yosh olimlarimiz o’zlarining malakalarini oshirib bormoqdalar.
O’zbekistonda tosh davrini o’rganuvchi mahalliy kadrlarning soni ham ortib bormoqda. O’tgan yillarda yurtimizdan B.Sayfullayev, N. Xushvaqov, S. Mirsoatova, O. Ergashev, X. Xoshimov, kabi fan nomzodlari yetishib chiqdi va qator yosh tadqiqotchilar soha bo’yicha o’z ilmiy ishlarini davom ettirmoqdalar.
Shunday qilib, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq O’zbekistonda paleolit davrini o’rganish jadal suratlar bilan rivojlandi. Buning asosiy omillaridan biri xalqaro hamkorlikning yo’lga qo’yilishi bo’ldi. Yurtimizda arxeologik tadqiqotlar xorijiy grantlar hisobiga amalga oshirila boshlandi. Birgina O’zbekiston-Rossiya qo’shma ekspedisiyasini moliyaviy jihatdan turli yillarda turli va obro’li ilmiy fondlar: L.S.B. Leakey Foundation, INTAS hamda Wenner-Gren fondlari qo’llab quvvatladi. Ekspedisiya natijalari uning ishtirokchilari tomonidan 20 dan ortiq xalqaro ilmiy anjumanlarda bayon qilindi. Ekspedisiya asosida ikkita xalqaro ilmiy konferensiya o’tkazildi (2002 va 2004 yillarda). Ekspedisiya qatnashchilari tomonidan mahalliy va xorijiy nashrlarda 50 dan ziyod ilmiy ishlar chop etildi hamda ko’plab ma’ruzalar qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |