Ma’ruza-5. O’RTA OSIYO PALEOLIT DAVRI ASOSIY MUAMMOLARI.
Reja:
O’rta Osiyo paleoliti xorijlik mutaxassislar nigohida
(munozara va tanqidiy qarashlar)
Xalqaro hamkor ekspedisiyalarning amaliy ahamiyati.
O’zbekiston paleolitini o’rganishda xalqaro hamkorlikning ilmiy ahamiyati.
Tayanch iboralar: Selungur makoni, nukleuslar, V.A. Ranov, O’.I.Islomov, Obiraxmat g’ori, R.X. Suleymanov, O’zbekiston-Fransiya, O’zbekiston-Polsha, O’zbekiston-Rossiya, Texniko-tipologiya, Xronologiya, paleoantropologiya, trassalogiya,
1.Markaziy Osiyo mintaqasidan qadimgi tosh davriga oid yuzlab yodgorliklar ochib o’rganilgan. Ushbu yodgorliklar orasida dunyoga mashhur klassiklari ham bo’lib, ulardan olingan arxeologik ma’lumotlar O’zbekiston tarixi bilan qiziquvchi bir qator xorijlik mutaxassislar tomonidan turlicha munozoralarga sabab bo’lganligini guvoxi bo’ldik.
Ilk paleolit davri g’or makoni – Selungur makonidan paleoantropologik, paleofaunistik va paleofloristik qoldiqlardan tashqari 5000 ga yaqin tosh buyumlar qo’lga kiritilgan. Yodgorlikning industriyasida yirik va qo’pol, zarb maydonchalari keng uchirindilar ko’pchilikni tashkil qiladi. Plastinalar deyarli uchramaydi. Levallua tipidagi uchirindilar juda kam. Nukleuslar to’plamda ko’p emas, ular asosan haddan tashqari ishlov berilgan tashlandiq ko’rinishlarga ega.
Ikkilamchi ishlov berilgan tosh buyumlar foizi yodgorlikdagi umumiy toshlarning o’ndan birini tashkil qiladi. Tosh qurollar orasida chopperlar, to’g’ri yoki bo’rtib chiqqan qirrali qirg’ichlar, tishsimon retushli, o’yib-kertib ishlangan hamda kompozit qurollar, retushlangan tosh bo’laklar va uchirindilar mavjud. Bundan tashqari, to’plamda kliverlar (tosh bolta), qo’l cho’qmorlari, tosh randalar, paykonlar va limaslar uchraydi.
Selungur g’ori materiallari madaniy jihatdan Osiyocha ashel madaniyatiga kiritilgan. Ma’lumki, ashel ilk paleolitning Afrika, Yevropa va G’arbiy Osiyoga xos madaniyatlaridan biri bo’lib, ular asosan bifaslar ishlab chiqarilishi bilan xarakterlanadi. Osiyocha ashel esa undan biroz farq qilib, bifaslar, ya’ni qo’l cho’qmorlari bilan birga kliverlarni ham uchrashi bilan ajralib turadi.
Selungurning materiallari texnik-tipologik, paleontologik, ximik (uran-ion uslubi asosida sanalash), palinologik, geologik, paleoantrapologik va boshqa uslublar bilan anchayin yaxshi o’rganilishiga qaramasdan, yodgorlik materiallarining tahlili atrofida bir nechta munozaralar mavjud bo’lib, ular avvalo Selungurning sanasi masalasidagi turlicha qarashlardir. Yodgorlikni bevosita o’rgangan tadqiqotchilar manzilgohning sanasi 1,5 million yillar bilan belgilashgan. Biroq, qator chet el adabiyotlarida uning anchayin yoshartirilgan xronologik davrlarga xosligi to’g’risida fikrlar mavjud. Ayrim xorijiy mualliflar Selungur qatlamlarining sanasini 300-250 ming yillar bilan davrlashtirganlar. Shuningdek, V.A. Ranovning fikriga ko’ra, Selungurning industriyasida muste davriga xos bifaslar uchraydi.
Yodgorlikdan topilgan antropologik materiallarning o’rganilishi ham munozaralarga sabab bo’lishi mumkin. Negaki, bu topilmalar arxantroplarga xos deb talqin qilingan. Biroq, arxantrop termini o’tgan asrning XX asrning 50 - yillarida qabul qilingan bo’lib, ular qatoriga gibbonlar ham kiritilgan edi. Keyingi kashfiyotlar gominidlarning nisbatan aniqroq fizik tiplarini belgilash imkonini berdi va arxantrop termini ilmiy muomiladan chiqarib tashlandi. Hozirda arxantrop termini odam ajdodlarining fizik tipini belgilamaydi.
Selungur makonining tadqiqotchilari yodgorlikning barcha madaniy qatlamlarini ashel davriga oid deb hisoblaydilar. Biroq, Selungurni bunday sanalash ayrim mutaxassislar tomonidan shubha ostiga olingan: “Selungur industriyasini ashel deb, talqin qilish jiddiy shubha uyg’otadi: uning industriyasida haqiqiy qo’l cho’qmorlari uchramasa ham ashel to’g’risida gapirish mumkinmi? Boshqa bir tomondan, xom-ashyoning xarakteri qayroqtosh, chopperlarning mavjudligi, tipologik jihatdan aniq nukleuslarning yo’qligi, kalta va yirik yo’nilg’ilarning ko’pligi hamda plastinalar yoki ularga yaqin yo’nilg’ilarning uchramasligi Selungurni O’rta Osiyoning, xususan, Qoratov va Laxuti yodgorliklari materiallari bilan yaqinligini ko’rsatadi. Agar, Selungurning barcha qatlamlari materiallarini umumlashgan holatda qaralsa, bunday deyish, toki yodgorlikning industriyasi sinchiklab o’rganilguniga qadar yagona to’g’ri xulosa bo’lib qoladi. Janubiy Tojikiston materiallari bilan taqqoslanganda, Selungurda ayrim mustega xos tosh buyumlar shakllari mavjud va hatto, Selungur biroz arxaik ko’rinishga ega. Aftidan, Selungurni ilk paleolitga xos yodgorlik, deb hisoblash bilan birga, uni ashelga emas, qayroqtoshli madaniyatlar doirasiga kiritish to’g’ri bo’lur edi”.
“Selungur qatlamlarining geologik qadimiyligi ham hozirda o’zining to’liq isbotini topgan emas. O’. I. Islomov va uning xodimlarining maqolalarida yodgorlik qatlamlarining ilk pleystosenga oidligi ishonch bilan ta’kidlanadi. Biroq, buni isbotlovchi dalillar hali yetarli emas”. Palinologik va faunistik materiallarning guvohlik berishicha, yodgorlik materiallari o’rta pleystosen davriga xosdir. Tosh buyumlarining texnik-tipologik tahlili esa, yodgorlikning absolyut sanasi haqida yetarli ma’lumotlarni bermaydi. Shunday bo’lsada, Selungur O’rta Osiyoda hozirda ma’lum bo’lgan yodgorliklar ichida eng qadimgilaridan biridir. Bu haqda antropologik, paleontologik va arxeologik materiallarning birgalikda topilishi hamda yuqori madaniy qatlam ustidan olingan travertin bo’lagi bo’yicha amalga oshirilgan uran-ion uslubi bilan sanalash natijalari (126 +/-5 ming yil (LU- 936)) shundan guvohlik beradi.
Yuqorida ta’kidlangan turli xil munozoralarga chek qo’yishning choralaridan biri Selungurning industriyasini zamonaviy texnik-tipologik uslublar yordamida tadqiq qilish, hamda tosh buyumlarning to’liq va aniq tip-varaqalarini ishlab chiqishdir.
Obiraxmat g’ori materiallarining sanasi borsida ham mahalliy kadrlar bilan xorijlik mutaxassislar o’rtasida turli qarashlar mavjud. Masalan, prof. R.X. Suleymanov tadqiqotlarida yodgorlik madaniy qatlamlarining sanasi 80 ming yil bilan belgilangan bo’lsa, O’zbekiston-Rossiya ekspedisiyasi tadqiqotlarida ushbu sanalash o’zining yangi tasdig’ini topdi.
Obiraxmat g’ori industriyasidagi ko’p sonli levallua texnikasi ham ikki xil talqin qilindi. Bunda mutaxassislarning levallua texnikasi tushunchasiga bo’lgan qarashlarining turlichaligi sabab bo’ldi. Arxeologik adabiyotlarda levallua tushunchasi bundan 100 yil avval paydo bo’lgan. Ammo, hanuzgacha ushbu tushunchaga umumiy qabul qilingan aniqliklar ishlab chiqilmagan va u yakdillik bilan qabul qilinmagan. Levallua texnikasi haqidagi munozoralar hanuzgacha tingani yo’q. Obiraxmatni dastlab o’rgangan R.H. Suleymanov levallua texnikasi tushunchasini “tor ma’noda” qabul qilganligi uchun yodgorlik industriyasida plastinali levallua texnikasi uchramasligini qayd etgan bo’lsa, Rossiyalik mutaxassislar levallua texnikasini “keng ma’noda” qabul qilganlar va Obiraxmatda plastinali levallua foizi juda yuqori darajada ekanligi ta’kidlangan.
Ayrim xorijlik mutaxasislar O’zbekistondagi paleolit davri yodgorligi Ko’lbuloq topilmalari haqida fikr yuritib, undagi arxeologik materiallar aralashib ketgan, degan xulosalarga kelishgan. Ularning fikricha, Ko’lbuloqdan topilgan materiallar yodgorlikning yaqinida va yuqoriroqda joylashgan Jarsoy, G’ishtsoy va boshqa soylardan sel oqimlari yordamida oqizib keltirilgan. Shuningdek, M.R. Qosimov va u bilan birga ish olib borgan mutaxassislar Ko’lbuloqning yuqori qatlamlari sel oqiziqlari tufayli biroz aralashib ketganligini tan oladilar. M.R. Qosimovning fikricha, Ko’lbuloq ashel (49-27), o’rta (28- 4) va so’nggi paleolit (3-1) davrlariga oid 49 ta madaniy qatlamlardan iborat hamda ular 10-20 sm dan to 2 m gacha yetadigan oraliq sof qatlamlar bilan ajratilgan. Demak, M. R. Qosimovning talqinicha yodgorlik 49 marta ibtidoiy odamlar tomonidan makon tutilgan va shuncha bor tashlab ketilgan. “Ammo, bunday deyish uchun yetarli asos yo’q, chunki, bu qatlamlarning ko’pchiligida 20-30 dona ba’zan undan ham kamroq tosh buyumlar topilgan. Qatlamlarning boshqa belgilari, masalan, kul qoldiqlarining to’planishi, qatlamdagi aralash jinslarning intensiv holatda rangdorligi va makonni tashkillashtirish elementlari ayrim holatlardagina uchraydi yoki butunlay uchramaydi. Shuningdek, Ko’lbuloq qazishmalarining palinologik kesmasi to’liq namoyon qilingan emas. Undan olingan tahlillarning katta qismi (80% ga yaqini) hyech qanday natija bermagan, qolganlarida esa 20-30 ta boshoqli ekinlar qoldiqlari aniqlangan”.
“Ko’lbuloqda fauna qoldiqlari ham juda kamchilikni tashkil qiladi. Bu yerda ko’proq bug’u, ibtidoiy tur, quyon, ot, sibir tog’ echkisi, cho’chqa, g’or shoqoli kabi hayvon suyaklari qoldiqlari uchraydi. Biroq, tabiiy fanlar bergan natijalar yodgorlik qatlamlarining yoshini aniqlash uchun yetarli emas. M.R. Qosimov va M.X. Godinlarning yozishicha, yodgorlikning quyi qatlamlari ilk pleystosen davriga oid, ammo bunday talqin qilish uchun yetarlicha ilmiy asoslar yo’q”.
V.A. Ranov va S.A. Nesmeyanovlar Ko’lbuloqda madaniy qatlamlarning mavjudligini shubha ostiga qo’yadilar. «Bu shubha yodgorlikda turli xildagi (davriy va patina jihatidan) arxeologik materiallarning aralashib yotganligi bilan isbotlanadi. Chunki, qatlamlarda muste davriga oid tosh buyumlar bilan birga so’nggi paleolitga oid mayda tosh buyumlar qorishib yotadi. Bundan tashqari, bu yerdagi muste davri materiallari ko’proq patinizasiyalashgan va ba’zan, yemirilgan. Aftidan, qatlamlardagi muste va so’nggi paleolit davri materiallarining ko’milib qolishi har xil davrlarda sodir bo’lgan. Bunday turli xil tosh buyumlarning bir davrda yasalganligi shubhalidir. Shuning uchun, aytish mumkinki, Ko’lbuloqning yuqori qatlamlaridagi (I-III) faqat so’nggi paleolitga xos buyumlar mahalliy kelib chiqish xarakteriga ega bo’lib, mustega xos materiallar esa boshqa joydan kelib qolgan. Ularning qanday kelib qolganligi noma’lum. Ehtimol, arxeologik materiallarning ko’pchiligi Ko’lbuloqdan yuqoriroqda joylashgan soylardan oqizib keltirilgan. Ularning bu yerda to’planishi Ko’lbuloqning geomorfologik holati bilan bog’liq. Gap shundaki, yuqoridagi Jarsoy Ko’lbuloqqa kelib, keskin past qiyalik hosil qiladi va ehtimol, shuning uchun bu yerga sel oqiziqlari yotqizilgan bo’lishi mumkin. Ko’lbuloqning qalin tosh g’o’lalardan iborat qatlamlari ham ana shunday sel oqiziqlari bilan bog’liq bo’lishi mumkin».
Ko’lbuloqning yuqori qatlamlari materiallari, xususida «Paleolit SSSR» kitobida Z.A. Abramova tomonidan mahalliy tishsimon mustedan o’sib chiqqanligi haqidagi fikrlari muxim hisoblanadi.
Boysuntog’dagi mashhur Teshik-tosh g’or makoninidan topilgan arxeologik va paleoantropologik materiallar uni dunyoga tanitdi. Makonning tosh industriyasi turli tadqiqotchilar tomonidan turlicha tipik muste, obiraxmat hamda sharant muste madaniyatlariga ajratilgan. Teshik-tosh g’ori madaniy qatlamlarining sanasi borasida ham turli fikrlar yuzaga keldi. Ayrim adabiyotlarda uning sanasi 100 ming yillar bilan belgilansa, boshqa mutaxassislar yodgorlik uchun o’rta paleolitning ikkinchi yarmiga oid sanani taklif etishgan.
Tadqiqot uslublarining taraqqiy qilib, tosh davri arxeologik tadqiqotlariga bir qator aniq fanlar uslublarining yordamga kelishi munosobati bilan hozirda yodgorliklardan olingan na’munalarni sanalash imkoniyatlari kengayib bormoqda. Biroq, Teshik-tosh makoni madaniy yotqiziqlaridan bunday na’munalar olishning imkoni yo’q, negaki, yodgorlik to’laligicha qazib tugatilgan.
Ma’lumki, Yevropada o’rta paleolit bundan 100 ming yillar burun boshlanib, 35 ming yillargacha, ya’ni zamonaviy tipdagi odam paydo bo’lgunga qadar davom etgan va bu davrda u yerda faqat neandertal tipidagi odamlar yashagan. Ammo, O’rta Osiyo hududi neandertal odami tomonidan bundan 50-60 ming yillar muqaddam o’zlashtirilgan, degan fikrlar ham mavjud. Zarafshon vohasidagi Qo’tirbuloq yodgorligi tadqiqotchilar tomonidan texnik-tipologik hamda qiyosiy tahlillar yordamida 60-70 ming yillar bilan davrlangan bo’lsa, 1990-yillarda amalga oshirilgan uranium-allyuminostat tahlillar uning sanasini 32 ming yillar bilan belgiladi. Shuningdek, yodgorlikni bevosita o’rgangan tadqiqotchilar madaniy qatlamlarni aralashmagan desalar, boshqalar ularni aralashib ketgan holatda yotadi, degan fikrlarni bildirganlar. Qo’tirbuloqning madaniy xosligi borasida ham turli tadqiqotchilar orasida xilma-xil qarashlar mavjud. Masalan, yodgorlikning tadqiqotchilari uni obiraxmat madaniyati doirasiga kiritsalar, boshqa xorijiy mutaxassislar tishsimon yoki tipik muste madaniyatiga oid deb topganlar.
Samarqand makoni materiallarining tashqi ko’rinishi Sibir so’ngi paleoliti materiallariga o’xshashligi (Malta, Buret, Achinskaya va h.k.), ushbu hududlar madaniyatlari o’rtasida etnik aloqalar bo’lganligi haqidagi fikrlarni keltirib chiqardi. Galkali hamda plastinali texnikalarni birga uchrashining nomutanosibligi va Samarqand makoni industriyasining xususiyatlari haqidagi aniq texnik-tipologik tasavvurlarning yo’qligi uning madaniy-genetetik hamda xronologik taraqqiyoti yo’llari to’g’risidagi turli xil fikrlarni paydo bo’lishiga olib keldi. A.P. Okladnikovning fikricha, Samarqand makoni inventari tarkibiy jihatdan Malta, Buret, Achinskaya yodgorliklari industriyalarini takrorlaydi. Samarqand makoni materiallarini Yenisey bo’yi so’ngi paleolit davri industriyalari bilan ham o’xshashligi 3. A. Abramova tomonidan ta’kidlangan. Z.A. Abramova dastavval, Samarqand makoni materiallarini Ovropa yoki Old Osiyo madaniyatlarining bir variantiga kiritgan edi. G. F. Korobkova esa, Samarqand makoni industriyasining o’ziga xosliklariga e’tibor berar ekan, uning O’rta Osiyo hamda unga qo’shni hududlarda o’xshashi yo’q degan edi. Bunday munozoralardan V.A. Ranov ham chetda turmadi va u Samarqand makoni industriyasini tipologik jihatdan Osiyo madaniyatlari taraqqiyoti yo’nalishiga kiritishni taklif qildi. D.N. Lev esa Samarqand makoni industriyasini genetik jihatdan Omon-Qo’tonning muste davri materiallari bilan bog’lagan edi. Yodgorlikning Sibir so’ngi paleoliti materiallariga o’xshashligi M.J. Jo’raqulov tomonidan ham qayd qilingan. Bundan tashqari, Samarqand makoni materiallari Pokistondagi Sangao g’ori industriyasiga ham o’xshashligi qayd etilgan.
Tojikistondagi so’ngi paleolit davriga oid Shugnou makonining ochilishi taqqoslashlarning yangi to’lqinini keltirib chiqardi. V.A. Ranov hamda Yu.P.Xolyushkinlar Shugnouning Samarqand makoni bilan davriy jihatdan yaqinligini ta’kidladilar. M. J. Jo’raqulovning keyingi tadqiqotlarida Samarqand makoni Sibir-Xitoy paleolit davri madaniyatlari doirasiga kiritildi.
Dastavval, Samarqand makoni arxeologik va stratigrafik jihatdan so’ngi paleolitning boshlari bilan yoki er. av. 40-ming yilliklar bilan sanalandi. Ushbu fikrni P.P. Yefimenko va P.I. Boriskovskiylar ham tasdiqladi. M.J. Jo’raqulov yodgorlik uchun er. av. 33 ming yilliklar bilan sanalashni taklif qildi. Z.A.Abramova esa, Samarqand makonini bunday qadimiyligiga shubha bilan qaradi. V. A. Ranovning fikriga ko’ra, Samarqand makoni so’ngi paleolitning ikkinchi yarmi, ya’ni er. av. 15-20-ming yillar bilan sanalanishi lozim, deb topildi. Yodgorlikni bunday sanalash Yalangdasht (Golodnostep) hamda Sirdaryo bosqichlari boshlarini geologik baholash hamda yuqori pleystosen davri faunasini o’rganish bilan o’z tasdig’ini topdi. Quyi terassadan olingan materiallarga asoslanib G.F. Korobkova Samarqand makoni materiallarini so’ngi paleolitning finaliga oid deb topdi. Yu. P. Xolyushkin Samarqand makoni materiallarini Shugnouning yuqori qatlamlari industriyasiga o’xshashligini hisobga olib, uning materiallarini davriy jihatdan Shugnouning 1 va 2 gorizontlari orasiga joylashtirdi. Ammo, Samarqand makonining madaniy xosliklari haqida aniq fikrlar yo’q. D.N. Lev Samarqand makoni industriyasining o’ziga xosliklaridan kelib chiqib, uni mustaqil Samarqand so’ngi paleolit madaniyatiga ajratishni taklif qilgan va bu fikr V.A. Ranov hamda Yu.P.Xolyushkinlar tomonidan qo’llab-quvvatlangan edi. Yu.P. Xolyushkin Samarqand makonini alohida madaniy-iqtisodiy kompleks deb qaraydi. M.J. Jo’raqulov esa, bunday xulosalarni hali erta deb hisoblaydi.
Samarqand makonining funksional mohiyati haqida ham yakdillik yo’q. D.N. Levning fikriga ko’ra, u toshga ishlov beriladigan ustaxonadir, Yu. P. Xolyushkin uchun – makon-ustaxona, G. F. Korobkova esa yodgorlikni ba’zi joylarida toshlarni chaqmoqlashga mo’ljallangan maydonli makon, deya talqin qiladi.
Yodgorlik joylashgan uchala quyi terrasaning sinxronligi borasida ham turli xil fikrlar mavjud. Shuning uchun ham har uchala qatlamning materiallari umumlashtirilgan holatda talqin qilingan. Ushbu masalaga S.A. Nesmeyanov ayrim aniqliklarni kiritgan. U geologik va palinologik ma’lumotlarga asoslanib, Samarqand makoni qatlamlarining turli davrlarga oid bo’lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Ushbu fikrni L. B. Vishnyaskiy ham inkor etmaydi. Hozirda yodgorlikning stratigrafik holati borasidagi har ikkala farazni isbotlash uchun dalillar yetishmaydi. Birinchidan, yodgorlikning yuqori terrasasidagi quyi qatlamidan juda kam arxeologik materiallar yig’ib olingan. Ikkinchidan, yodgorlikning madaniy qatlamlari materiallari aniq tipologik, texnologik va qiyosiy jihatdan yetarlicha o’rganilmagan.
Shunday qilib, Samarqand makoni atrofidagi ilmiy munozoralar hozirgacha tinchigan emas. Baxtga qarshi, yodgorlikning planigrafiyasi va tosh buyumlarining funksional analizlari to’liq chop etilmagan.
Trassologik analizlar asosida G.F. Korobkova Samarqand makonining genetik kelib chiqishini unga qo’shni bo’lgan muste davri yodgorliklari bilan bog’laydi. Samarqand makonida ustun bo’lgan texnikaning genetik bog’liqligi unga qo’shni bo’lgan, biroq ancha qadimgi yodgorliklarda kuzatiladi. Gap, so’ngi muste davriga oid Qo’tirbuloq hamda Zirabuloq xususida boradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, Qo’tirbuloq va Zirabuloq industriyalari asosida Samarqand so’ngi paleolit madaniyatini keltirib chiqargan asosiy va boshlang’ich plast hisoblanadi. M.J. Jo’raqulov hamda Ye.N. Amarsevalarning keyingi tadqiqotlari ushbu fikrni yana bir bor tasdiqladi. Samarqand makoni bilan Qo’tirbuloqning yuqori qatlamlari industriyasini parallel yelkali yo’nilg’ilar nisbatining o’sishi hamda zarb maydonlarning kam hollarda tekislanishi ham yaqinlashtiradi.
Qo’tirbuloq bilan Samarqand makonini ularda qo’llanilgan xom-ashyoning o’xshashligi, chaqmoqlash texnikasi, ikkilamchi ishlov berish va hatto, instrumentlar tarkibi bilan ham yaqinlashtiradi. Ammo, Qo’tirbuloqda ikkilamchi ishlov berish uning xarakterli belgisi bo’lsa, Samarqand makonida tosh qurollar ancha kam sonli ko’rsatgichlarga ega. Bundan tashqari, Samarqand makoni industriyasida atayin kesilgan plastinalar hamda uchirindilar soni ham juda kam va hatto, ba’zan uchraydiganlari ham atayin kesilmagan, balki ular turli xil tosh qurollarning siniq bo’laklaridir (ularda atayin kesilganlik elementlari yo’q). Shunday bo’lsada, muste davrida qo’lga kiritilgan an’analar Samarqand madaniyati yodgorliklari industriyalarida davom ettiriladi. Har ikkala yodgorliklarda ham gardishsimon va bir yoki ikki zarb maydonli, levallua o’zaklarning kichik seriyalari, plastinalar, uchirindilar, ko’plab o’yib-kertib ishlangan qurollar, turli xil qirg’ichlar, nukleussimon qurollar, shakli turli xil qalin shaklli qirg’ichchalar, iskanasimon qurollar uchraydi. Qo’tirbuloqda ham Samarqand makonida ham qayroqtoshli qurollar nisbati ko’p emas. Har ikkala yodgorlikda ham turli xil retushlash, kesgichlar ishlab chiqarish hamda yo’nilg’i uchlarini yo’nish texnologiyalari kuzatiladi.
Ammo, Samarqand makoni industriyasi Qo’tirbuloqning yuqori qatlamlaridagiga ko’ra ancha rivojlangan ko’rinishga ega. Tipologik xarakterlarning o’xshashligiga qaramasdan Samarqand makonida qurollar hajmining kichikligi va yupqaligi ko’zga tashlanadi.
Samarqand makoni bilan Zirabuloqning industriyasida ham o’xshashliklar mavjud. Ushbu har ikkala to’plamda ham prizmatik nukleuslar, to’g’ri qirrali plastina va plastinkalar, o’yib-kertib ishlangan qurollar, qirg’ichlar, qalin tipli qirg’ichchalar, paykonlar uchraydi.
Bir vaqtning o’zida Qo’tirbuloqning industriyasi Samarqand makoninikidan tarkibida haddan tashqari ishlov berilgan nukleuslarning mavjudligi, plastinasimon tanovorlarning uzunligi, ikkilamchi ishlov berishning va qurollar tiplarining turli-tumanligi bilan ajralib turadi. Ammo, bunday tafovutlar madaniy-genetik emas, balki davriy jihatdandir. Zirabuloq bilan Samarqand makoni o’rtasidagi asosiy o’xshashlik har ikkala industriyada ham yirik, ammo tekislangan va asosan, uchburchak shaklli uchirindilarning mavjudligidadir. Biroq, Zirabuloq sanasining nisbatan qadimiyligiga Samarqand makoni to’plamida kam uchraydigan gardishsimon nukleuslarning ko’plab uchrashi guvohlik bera oladi. Ammo bu tafovutlar xronologik bo’lib, genetik jihatdan Zirabuloq va Samarqand makoni bir-biriga juda yaqin.
Shunday qilib, O’zbekistonning paleolit davri arxeologiyasi yurtimiz tarixining eng qiziqarli va munozaralarga boy ekanligini yana bir bor e’tirof qilishimiz mumkin. Yurtimiz hududlari ibtidoiy odamlarning shakllanishi va taraqqiy topishida muhim ahamiyatga molik maskanlardan biri ekanligi bu yerdagi mavjud arxeologik yodgorliklar misolida isbotlangan. Hozirgacha O’zbekistonda paleolit davrining xronologik shkalasi ishlab chiqilmagan va ularni o’rganilish darajasi turlichaligicha qolmoqda. Yodgorliklardan olingan materiallarni zamonaviy uslublar yordamida tadqiq qilish va ularning o’rganilish darajasini bir-biriga yaqinlashtirish bugunning dolzarb muammolaridan biri bo’lib qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |