Diagnostikalash – obyektni qismlarga ajratmasdan texnik holatiga baho berish va diagnostik simptomlarini (texnik diagnoz belgilash) hamda buzilmasdan ishlash davr oralig‘ini tashxislashdan iboratdir. Diagnostikalash uch bosqichni o‘z ichiga oladi: diagnostik simptomlarning mo‘ljaldan og‘ishi va normal qiymatdan farqi; bu og‘ishlarning yuzaga kelish sabablari va xususiyatining tahlili; buzilmasdan ishlash resursining davomiyligi va b. Ikkinchi bosqichda esa texnik diagnoz belgilanib, uning natijasida diagnostik xulosa tuziladi.
Texnik diagnoz – texnik holatni aniqlash va baholash, ya’ni nosozlik sababi, darajasi va obyektdagi nosozlikni diagnostikalab, uning ishlatishga yaroqlilik darajasini belgilashdan iborat. Diagnoz-aniqlangan barcha simptom ko‘rsatkichlarini nominal qiymatlar bilan solishtirib, natijalarni texnik shartlar va boshqa texnik hujjatlarni qoniqtirish darajasiga baho beradi.
Ishlayotgan obyektning chiqarish ko’rsatkichlari – fizikaviy va kimyoviy jarayonlar mahsuli bo‘lib, obyektning ishlash vaqtida, harakatlanishi va tashqi muhitga ta’siri natijasida yuzaga keladi va aniqlanadi. Masalan, ichki yonuv dvigateli energiya ishlab chiqaradi, shu vaqtda unga yuborilayotgan havo va yonilg‘ini qabul qilib olib, qiziydi, ishlab bo‘lgan gazlarni chiqarib yuboradi, ma’lum miqdorda shovqun va turli darajada titrash hosil etadi.
Har bir obyektning chiqarish jarayoni quyidagicha taqsimlanishi mumkin:
1) obyektning to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z vazifalarini bajarishi uchun sarf bo‘ladigan ishchi jarayonlar (masalan, ichki yonuv dvigatellari yonilg‘i va uning ishlashi uchun kerak bo‘lgan materiallarni hazm qilib, energiya ishlab chiqaradi, chiqindi gazlarni chiqarib yuboradi: issiqlik energiyasini aylanma harakatga aylantirib beradi);
2) ishlash vaqtida yo‘ldosh, qutulish mushkul bo‘lgan turli ko‘rinishdagi jarayonlar yuzaga keladi; zararli (ba’zi hollarda ular zararli, foydasi yo‘q va hatto zarar keltirishi ham mumkin), foydasiz (masalan, titrash, zarbiy tovushlar, issiqlik ajralishi va b.) va shularga o’xshash bir qancha holatlar yuzaga keladi.
Ishchi va yo‘ldosh chiqarish ko‘rsatkichlari ma’lum xususiyatlar va ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, har biri turli yo‘llar bilan aniqlanishi mumkin. Masalan, dvigatelning ish jarayonidagi turli tezliklarda erishayotgan quvvati va yonilg‘i sarfi uning ish jarayonini xarakterlaydi, ya’ni ishlab chiqarilayotgan energiyani; transmissiyaning har bir agregatidagi detallarining aylanishi va titrashi, qizish harorati, dvigateldagi shovqinlar kuchi va ko‘rsatkichlari hamda shu agregatlarda kechayotgan yo‘ldosh jarayonlarning ko‘rsatkichlarini aniqlaydi.
Agar O‘rta Osiyo iqlim sharoitiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u o‘zining yorug‘lik va issiqning bisyorligi, kuchli va qumli shamol hamda bo‘ronlar, havodagi past namgarlik va yuqori harorat mashinalar ishlashining keskin susayishiga olib keladi va ularning ishga yaroqlilik ko‘rsatkichlarini deyarli 1 – 2 marotaba kamaytiradi. Yuqori harorat sharoitida mashina va mexanizmlarning ishqalanish yuzalariga yonilg‘i-moylash materiallari bilan birgalikda abraziv zarrachalar ham yetib boradi va ishqalanishda ishtirok etib, yuzalarning yeyilishini tezlashtiradi. Shu sababli mashinalarni mo‘ljallangan vaqtlarda diagnostikalab turish, qoldiq resursni aniqlash, o‘tkaziladigan texnik xizmat va ta’mirlash turlarini bashorat qilish hozirgi kundagi eng katta muammolardan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |