1.1. To‘xtovlar va nosozliklar. Mashinalarning yuqori puxtaligini saqlash tadbirlari
Mashinalarni ishlatish – o‘ta murakkab jarayon bo‘lib, u bir qancha bosqichlarni o‘z ichiga oladi va bu bosqichlar davomida mashinaning ishlash qobiliyati yomonlashadi yoki qayta tiklanadi.
Mashinalarning texnik holatini ko‘p hollarda ishlatilish shart-sharoitlari belgilaydi. Ishlatilish mobaynida mashina va uning agregatlari yeyiladi, deformatsiyalanadi, sozlanganligi buziladi, yuzalar korroziyaga uchraydi va shularga o‘xshash yeyilish va yemirilishlar ro‘y beradi. Natijada uning texnik ko‘rsatkichlar yonilg‘i tejamkorligi, ishlatilishdagi ishonchlilik, ishni bajarish sifati va shular kabi ko‘rsatkichlar yomonlashadi. Bularning hammasi mashina detallari, qismlari, agregatlari va tizimlari yeyilishiga hamda sinishiga va bular natijasida avtomobil yoki mashinaning buzilishi, qisman yoki butunlay to‘xtashiga olib kelishi mumkin. Mashinalarning texnik holatini yaxshilash, konstruksiyasini takomillashtirish, ishlatish ko‘rsatkichlarini yaxshilash, uzoq muddat ishlashini ta’minlab loyihalash, uni ishlab chiqarish davrida qo‘llaniladigan texnologik jarayonlar yordamida hal etiladi.
Agar mashina har tomonlama to‘g’ri ekspluatatsiya qilinsa, ya’ni u har doim ishlatishga texnik jihatdan tayyor holatda bo‘lsa, bu uning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘liq namoyon bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
Mashinalarni texnik ekspluatatsiya qilish bir qancha tashkiliy ishlarga; texnik hamda texnologik tadbirlar, yangi mashinani qabul qilish, uni xo‘rdalash, turli texnik xizmat ko‘rsatish (kunlik, raqamli, mavsumiy), texnik ko‘ruv va diagnostikalash, joriy ta’mirlash va saqlashga bog’liq bo‘ladi.
Mashinalarni ishlatish davri deyilganda, uni ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan ishlab chiqarilgandan to ishlatuvchi korxonada ishga yaroqsiz deb ro‘yxatdan o‘chirilguncha o‘tgan vaqt hisoblanadi, bu davr o‘z ichiga bir qancha bosqichlarni qamrab olgan (1-jadval).
Mashinani ishlatilish davri
1-jadval.
Ishlatilish davri
|
Mashina ishlash qobiliyatining o‘zgarishi
|
I. Mashinaning turib qolishi
Konservatsiya holati va saqlash muddati
Transportirovka
Ishga yaroqliligini tekshirish (diagnostika) yoki sozlash (ishlashga tayyorlash)
Bekor turish (ish yoki ta’mirlashni kutish)
|
Odatda, sezilarsiz o‘zgarish ro‘y beradi
|
II. Mashinaning ishlashi
Normal rejimda va ishlatilish sharoitida ishlashi
Zo‘riqqan sharoitlarda ishlash
Yengil sharoitlarda ishlash
Tekshiruv va sinov davrlarida ishlash
|
Sustlashadi, yomonlashadi
|
III. Mashinani ta’mirlash
Rejaviy ta’mirlash ishlari
Texnik xizmat ko‘rsatish
Buzilish natijasida ta’mirlash
|
Tiklanadi
|
Turli mashinalarni ishlatilish sharoitiga qarab, yuqorida keltirilgan vaqtlarning davomiyligi turlicha bo‘lishi mumkin.
Masalan, ko‘pchilik mashinalar uchun konservatsiya va transportirovka davri, faqat ishlab chiqaruvchidan ishlatuvchiga yetib kelish vaqtini egallaydi. Ishlatilish davri esa uning ishlashi va rejaviy ta’mirlashdagi, hamda mashinani to‘liq ishlatilmayotgan davrdagi bekor turishlar vaqti hisoblanadi. Bunday ko‘rsatkichlar harbiy texnika uchun ko‘pincha uzoq muddat saqlash, rejaviy tekshiruvlardan o‘tkazish va qisqa muddat ishlatish bilan o‘lchanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |