Маъруза Амалий машғулот


-mavzu: XIX asr oxiri – XX asr boshlarida texnika va tabiiy fanlarning taraqqiyoti



Download 0,54 Mb.
bet9/10
Sana20.03.2022
Hajmi0,54 Mb.
#502328
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
13. ЯЗДМ мажмуа янги — копия

10-mavzu: XIX asr oxiri – XX asr boshlarida texnika va tabiiy fanlarning taraqqiyoti
Reja:

  1. Moddiy ishlab chiqarishning asosiy tarmoqlarida texnikaning taraqqiy etishi

a) transport
b) binokorlik
v) metallurgiya va ximiya
g) mashinasozlik va energetika
2. Transport va aloqa vositalarining taraqqiyoti
a) ichki yonuv dvigatellari
b) samolyotsozlik
v) radio, telefon va kinematografiya
3. Astranomiya va tabiiy fanlar sohasidagi yutuqlar
a) astranomiya va mexanika
b) tibbiyot
a) transport. XIX asrning so’nggi choragi va XX asrning boshlarida mustamlakalar bosib olish, ta’sir doiralari va mahsulot sotiladigan bozorlar qo’lga kiritish uchun kurashda transport juda muhim rol o’ynay boshladi. Transport sistemasini keng ko’lamda taraqqiy ettirmay turib, qudratli harbiy-dengiz floti barpo etmay turib, denyoni taqsimlash uchun, keyin esa qayta taqsimlash uchun kurash bo’lmas edi. XIX asrning oxirida samara kam bo’lgan bug’ mashinasi o’rniga boshqa dvigatellar, chunonchi, ichki yonuv dvigateli va elektr dvigateli yaratishga harakat qilina boshladi.
Elektr dvigatelidan dastavval shahar transportida foydalanildi. 1895 yildayoq Angliya va AQSh ning eng yirik shaharlarida konka o’rniga tramvay ishlatildi. 10 yil ichida temir yo’l elektr tarmoqlarining uzunligi 2260 km. ga yetdi, shundan 1138 km. Germaniyada edi.
1901 yildan boshlab Parijning shahar atrofiga boradigan temir yo’l liniyalarida elektrdan foydalanildi. Italiyada va Shveysariyada tog’ temir yo’llarini elektrlashtirish sohasida dastlabki tajribalar o’tkazildi.
b) binokorlik. Shaharlarning va fabrikalashgan sanoatning o’sishi bilan yangi xil binolar: fabrika va zavodlar, banklar, savdo kontoralari, rastalar, bozorlar, universal magazinlar, vokzallar, ijaraga qo’yiladigan uy-joylar, katta mehmonxonalar va shu singarilar paydo bo’la boshladi.
Qurilish ishida sement katta ahamiyatga ega bo’la boshladi. O’sha davrda yangi qurilish materiali – temir-beton paydo bo’ldi, temir-betonni fransuz bog’boni Monye ixtiro etgan deb hisoblanadi, Monye temir-betondan katta gultuvaklar tayyorlagan (1867).
Qurilishda yangi materiallarning, ayniqsa, temir-beton va shishaning ishlatilishi binolarning konstruktiv shakllarini ham o’zgartirib yubordi. Turar joy binolarining arxitekturasi XVIII asrdagi va XIX asr boshlaridagi arxitekturaga qaraganda ancha oddiy bo’lib qoldi. Ammo zarur qulayliklar (yoritish, kanalizasiya, bug’ bilan isitish) nuqtai nazaridan juda ilgarilab ketdi.
Temir yo’l tonnellari ochish va temir yo’l ko’priklar qurish texnikasi juda o’zgarib ketdi. 1880 yilda Alp tog’laridagi mashhur Sen-Gotard dovoni ostida 15 kilometrlik tonnel qurildi, bu tonnel Italiya va Shveysariyani bir-biri bilan bog’ladi. Rossiyada 1888 yilda Zakavkaze temir yo’lida Suram tepaliklar tizmasi orqali 4 km. chamasi uzunlikda tonnel qurildi.
Ko’priklar qurishda po’lat balkalar ko’p ishlatiladigan bo’ldi. Shotlandiyada XIX asrning oxirlarida qurilgan Fort-Bridj ko’prigi o’sha vaqtdagi eng katta ko’prik edi. Bu ko’prikning uzunligi 2133 m. bo’lib, balandligi esa kemalar qatnay olishi uchun 47,5 m. qilingan edi. Ko’priksozlik fanini yaratishda rus olimlari va injenerlarining ishlari katta o’rin tutdi. Masalan, D.I.Juravskiy (1821-1891) ko’priksozlik sohasidagi raschyot nazariyasiga asos soluvchilardan biri bo’ldi. N.A.Belelyubskiy (1845-1922) esa o’z zamonasining mashhur injeneri – ko’piklar loyihachisi edi.
Atlantika okeani bilan Tinch okeanni bir-biriga tutashtiruvchi Panama kanali 1914 yilda qurib bitirildi. Kanalning uzunligi 65,2 km. bo’lib, eng tor joyi 91,5 m. keladi. Kanalning bir qancha joylaridagi eni 150 m.dan ortadi, bu esa qarama-qarshi kelayotgan katta kemalarning o’tishiga imkon beradi. Kanalning chuqurligi 12,5 m.dir. Harbiy-strategiya maqsadlarida 1887-1895 yillarda Germaniyada Kil kanali qurildi, bu kanal Boltiq dengizini Shimoliy dengiz bilan tutashtirdi.
v) metallurgiya va ximiya. XIX asrning 70-yillari o’rtalarida Bessemer usuli metallurgiyada mustahkam o’rin oldi. AQShda 1880 yilda quyilgan hamma po’latning 86 prosentga yaqini Bessemer usuli bilan tayyorlandi. Ayni zamonda marten pechlari ham takomillashtirildi, dastlabki marten pechining sig’imi 1,5 t. edi. Lekin 1880 yildayoq 10-15 t. metall sig’adigan pechlar qurila boshladi, XX asrning boshlarida esa bir yo’la 100 t.gacha va undan ham ortiq po’lat tayyorlaydigan martenlar paydo bo’ldi.
XIX asrning oxirlariga kelib, amaliy metallurgiya sohasida orttirilgan g’oyat katta tajriba bir qator klassik ilmiy asarlarda umumlashtirildi. Metallurgiya faniga asos solgan olimlar orasida rus olimi D.K.Chernov (1839-1921) ayniqsa muhim o’rin oldi.
D.K.Chernovning har xil temperaturalarda (tesperaturaning kritik nuqtalarida) po’latning o’zgarishi sohasida olib borgan XIX asrning 70-yillarida e’lon qilingan tadqiqotlari metallografiyaga, ya’ni metallning tuzilishi haqidagi fanga asos bo’ldi.
F.Osmondning9 «Temir, po’lat va cho’yanda bo’ladigan o’zgarishlar to’g’risida» degan asari (1888) D.K.Chernov ishlarining bevosita davomi bo’ldi.
Ichki yonuv dvigatelining taraqqiy ettirilishi bilan XX asrning boshlaridayoq, neftni qayta ishlash sanoati oldida benzin olish muammosi tug’ildi, benzin esa o’sha vaqtga qadar neftni qayta ishlash chiqindisi deb kelinar edi. 1902 yildan 1912 yilgacha butun dunyoda ishlatiladigan benzin miqdori 3276 t.dan 376,8 ming tonnaga yetdi, ya’ni 11,5 marta oshdi.
XIX asrning oxirlarida ximiya sanoatining muhim tarmoqlaridan biri – bo’yoq ishlab chiqarish tarmog’ini rivojlantirish davom etadi. Germaniyada sanoat miqyosida nil bo’yog’i (indigo) sintez qilishga ko’p mablag’ hamda vaqt sarflandi. Sintetik yo’l bilan indigoni 1880 yilda A.Bayer (1835-1917) hosil qildi, ammo sanoatda indigo ishlab chiqarishni rentabelli qilish uchun 17 yil kerak bo’ldi. Shundan keyin Hindistonda indigo beradigan o’simliklar o’stirish to’xtatildi.
g) mashinasozlik va energetika. XIX asrning ikkinchi yarmida nazariy tadqiqotlarning yangi sohasi- metallarni kesish nazariyasi vujudga keldi va rivojlandi; bu soha stanoksozlikka ilmiy asos bo’ldi.
Metallar kesish prosessini ilmiy jihatdan tekshirishga Peterburg tog’ institutining professori I.A.Time asos soldi, u o’z asarlarida kesishning asosiy qonunlarini tariflab berdi, qirindi hosil bo’lish prosessini tekshirish bu fanni rivojlantirish uchun eng muhim ahamiyatga ega deb hisoblanadi.
1880-1900 yillarda rus olimi K.A.Zvorikin (1861-1928) asarlarida metallar kesish prosessi dinamikasi hamda mexanikasining asosiy masalalari maydonga tashlandi.
Amerika olimi F.U.Teylor (1856-1915) 1880 yildan 1906 yilgacha o’tgan davr ichida tokarlik ishlarida bo’ladigan kesish rejimlarini topdi. Empirik yo’l bilan topdi, bu hol katta amaliy ahamiyatga ega bo’ldi.
Elektrotexnikaning taraqqiy etishi metallarni ishlashning yangi usulini – elektr bilan payvandlash usulini vujudga keltirdi, elektr bilan payvandlash usulini dastlab 1867 yilda amerikalik elektrotexnik Tomson qo’llagan edi.
Elektr bilan payvandlashning 1882 yilda rus olimi N.N.Benardos taklif etgan va «elektrogefest» deb atalgan usuli ajoyib ixtiro bo’ldi. Benardos elektrodni metallga yaqinlashtirgan hamon, ravshan yoy yolqinlanib, payvandlanuvchi detallarning chetlarini eritib yuborardi. Detallarning birikish joyida erib qotishgan metalldan iborat chok hosil bo’lardi.
1876 yilda mashhur rus ixtirochisi P.N.Yablochkov (1847-1894) «elektr shami» deb atalgan lampani – yorug’likning ilgari ishlatilib kelgan regulyatorsiz yoy manbaini ixtiro etdi. Yablochkov «shami» ikki soat chamasi yonib turardi. XIX asrning oxirlarida yoy lampalari o’rniga ancha tejamli va foydalanilishi ancha qulay – cho’g’lanish lampalari ishlatila boshladi.
Cho’g’lanish lampalarini takomillashtirish sohasida rus ixtirochisi A.N.Lodiginning (1847-1923) ishlari alohida o’rin tutadi. Lodigin Peterburgda ko’chani yoritish uchun yasalgan o’z lampalarini 1873 yilda birinchi marta namoyish qildi. Amerikalik mashhur texnik-ixtirochi T.Edison (1847-1931) Lodigin lampalarining tuzilishishi bilan tanishib chiqqach, u ham bu lampalarn takomillashtira boshladi. Edison bir necha yil qattiq ishlagandan keyin, havosi so’rib olingan, ko’mir tolali cho’g’lanish lampasining ancha yaxshi konstruksiyasini yaratishga muvaffaq bo’ldi (1879). Edison elektr bilan yoritishdan ommaviy foydalanishni ta’minlash uchun 1882 yilda markazlashgan elektr stansiyasi barpo etish fikrini amalga oshirdi. Nyu-Yorkda Edison qurgan birinchi issiqlik elektr stansiyasi yuzlarcha iste’molchilarni energiya bilan ta’minlay boshladi.
Rus elektrotexnigi D.A.Lachinov (1842-1902) 1880 yilda o’zining «Elektromexanik ish» nomli asarini nashr ettirdi, bu asarida u kuchlanishni oshirish yo’li bilan har qanday miqdordagi elektr energiyasini uzoq masofaga ko’p isrof qilmay uzatish mumkinligini tekshirib chiqdi va matematik jihatdan isbotlab berdi. Fransuz fizigi M.Depre (1843-1918) ham xuddi shunga o’xshash xulosalarni chiqargan edi, M.Depre bu xulosalarini tajriba yo’li bilan ham isbotlab berdi. Depre 1881 yilda elektriklarning Parijda bo’lib o’tgan I Xalqaro kongressida elektr energiyasini uzatish va taqsimlash to’g’risida axborot berdi. Depre elektr uzatishning dastlabki tajriba liniyasini 1882 yilda Myunxen ko’rgazmasida uzunligi 57 km. bo’lgan Misbax – Myunxen liniyasida amalga oshirdi.
Elektr dvigatellarini energiya bilan ta’minlash uchun o’zgaruvchan tokdan va o’zgaruvchan tok transformatorlaridan foydalanish imkoniyatini topish vazifasi tug’ildi. Italyan fizigi va elektrotexnigi G.Ferraris (1847-1897) tomonidan bu yo’lda dastlabki qadam qo’yildi.
Keyinchalik bu g’oyani mashhur yugoslav olimi, injener elektrotexnik N.Tesla (1856-1943) ro’yobga chiqardi va amalda joriy qildi. N.Tesla ikki fazali va ko’p fazali elektr dvigatellarining har xil konstruksiyalarini yaratdi.
1891 yilda Frankfurt-Maynda tashkil etilgan elektr ko’rgazmasida Dolivo-Dobrovolskiy elektr energiyasini qariyb 170 km. masofaga uch fazali tok yordamida uzatishni jahonda birinchi bo’lib amalga oshirdi.
2. Transport va aloqa vositalarining taraqqiyoti
a) ichki yonuv dvigatellari. XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida ishlab chiqarishning yangi sohalari tarkib topa boshladi, bu sohalar keyinchalik jamiyat hayotining moddiy sharoitini tubdan o’zgartirib yubordi. Bu esa yangi dvigatelning ixtiro etilishi tufayli mumkin bo’ldi.
Yonilg’i sifatida benzindan foydalanila boshlagandan keyin, ichki yonuv dvigateli transportda yetakchi o’rin tutdi. O’tgan asrning 80-yillarida rus flotining dengizchisi O.S.Kostovich (1851-1916) benzin bilan ishlaydigan, karbyuratorli, yengil ichki yonuv dvigatelining loyihasini taqdim etdi.
Benzin bilan ishlaydigan yengil dvigatellar yaratish sohasida nemis ixtirochisi Gotlib Daymler (1834-1900) katta yutuqlarga erishdi. U avtomobil, motorli qayiq va motosiklga o’rnatilgan o’z dvigateli uchun 1885 yilda imtiyoznoma oldi. Daymler yaratgan ikki silindrli dastlabki dvigatelning quvvati 3/4 ot kuchiga teng bo’lib, vali minutiga 800 marta aylanar edi.
Ichki yonuv dvigatelini taraqqiy ettirishdagi ikkinchi yo’nalish og’ir yonilg’i bilan ishlaydigan dvigatelning ixtiro etilishi bilan bog’liqdir. Nemis injeneri R.Dizel (1858-1913) «rasional issiqlik dvigateli» yaratish g’oyasini ilgari surdi. 1897 yilda Dizel yonilg’i siqilganda o’z-o’zidan alangalanib ketadigan yangi dvigatel qurdi.
b) samolyotsozlik. XIX asrda havodan og’ir xilma-xil uchish apparatlari – qanotlar va havo vintlari o’rnatilgan «mexanik qushlar» qurildi. Ixtirochilar modellar yasashdan chinakam aeroplanlar yaratishga o’tdilar. Birinchi ana shunday aeroplanni ajoyib rus ixtirochisi A.F.Mojayskiy (1825-1890) yaratdi. 1876 yilda peterburgda Mojayskiy modellarining uchishi omma oldida namoyish qilindi. 1880 yilning iyunida Mojayskiy o’zi ixtiro qilgan, bug’ dvigatellari o’rnatilgan samolyotiga imtiyoznoma olish uchun ariza berdi. 1882 yildan 1885 yilgacha Mojayskiy o’zining «havoda uchish asbobi» bilan har yili tajribalar o’tkazib turdi. Bunday sinovlardan birida (1884 yilning kuzida) Mojayskiy samolyoti yerdan ko’tarilib, kichikroq masofaga uchib bordi. Shundan keyin og’ib, yerga chap qanoti bilan yiqildi.
1892 yilda ingliz konstruktori G.Filipps jahonda birinchi o’laroq katta aeroplan yaratdi, bu aeroplan, garchi odamsiz bo’lsa-da, havoga ko’tarildi. Shundan keyin Angliyada Xiram Maksim katta aeroplan qurdi, bu aeroplan 1898 yilda uchirib ko’rildi. Ichida uchta passajiri bo’lgan samolyot yugurib borib ko’tarildi, ammo shu zahotiyoq yoniga tomon og’ib, sinib ketdi, chunki u havoda barqaror ucha olmas edi. Fransiyada Klemma Ader bir necha aeroplan qurdi. Aderning odam tushgan bir samolyoti 1897 yilda 300 m. masofaga uchdi. Ammo bu samolyot qo’nayotganda chilparchin bo’lib ketdi.
Qushlarning qanot qoqmay uchishiga o’xshash silliq uchish usullarini izlashga butun e’tiborini jalb etgan nemis injeneri Otto Liliyentalning (1848-1896) ishlari ham ahamiyatga egadir. 1896 yilda kuchli shamolda uchish vaqtida Liliyental planeri havoda barqarorligini yo’qotdi. Ixtirochi 20-25 m. balandlikdan yiqilib, halok bo’ldi.
Amerikada aka-uka Uilbur va Orvill Raytlar 1903 yilda o’zlarining tajriba planeriga ichki yonuv dvigateli o’rnatdilar. Aka-uka Raytlar ana shu oddiy aeroplanda bir marta uchib ko’rdilar. Aeroplan ancha kuchli shamolda ham sekundiga 4-5 m. o’z tezligi bilan uchdi. 1907-1908 yillarda aka-uka Raytlar ancha takomillashtirilgan bir necha aeroplan qurdilar.
v) radio, telefon va kinematografiya. Texnika sohasida qilingan eng buyuk kashfiyotlardan biri radioning ixtiro etilishi bo’ldi. 1886-1889 yillardayoq nemis olimi G.Gers (1857-1894) elektromagnit to’lqinlari tarqalishini jahonga birinchi bo’lib tajriba yo’li bilan isbotladi.
1895 yil 7 mayda rus olimi A.S.Popov (1859-1906) rus fizika-matematika jamiyatining Peterburgda o’tkazilgan majlisida jahonda birinchi bo’lib radiopryomnik namoyish qildi. Ana shu kun radio tug’ilgan kun deb hisoblanadi. A.S.Popov shundan keyingi tajribalari natijasida 1896 yil 24 martda, insoniyat tarixida birinchi o’laroq, 250 m. masofaga radiotelegraf uzatishni amalga oshirdi. Bunda uzatuvchi va qabul qiluvchi antennalardan foydalanildi. Popovning birinchi dokladidan keyin oradan bir yil va ikkinchi dokladidan so’ng ikki oy o’tgach, ya’ni 1897 yilda G.Markoni (1874-1937) Angliyada simsiz telegraf berish asbobi uchun imtiyoznoma oldi.
Shotlandiyada tug’ilib, Amerikada yashagan texnik A.Bell (1847-1922) 1876 yilda telefon apparatiga birinchi bo’lib imtiyoznoma oldi. O’sha vaqtga kelib telefon yaratish g’oyasi juda keng tarqalgan edi. Masalan, AQShda 70-yillarda telefon apparatlariga 30 dan ortiq imtiyoznoma olingan edi. Yevropada ham ahvol xuddi shunday edi. Telefonni takomillashtirish sohasida ko’pgina ixtirochilar ishladi. 1878 yilda bir-biridan mustaqil ravishda ingliz D.Yuz va amerikalik T.Edison telefonni takomillashtirdilar.
Dastlabki shahar telefon stansiyasi AQShdagi Nyu-Gavanada 1878 yilda ishga tushirildi. 1879 yildayoq AQShning 20 ta shaharida telefon tarmoqlari bor edi. Parijda 1879 yilda, Berlinda esa 1881 yilda birinchi telefon stansiyasi ochildi. Rossiyada telefoniya pioneri injener P.M.Golubiskiy (1845-1911) edi, Golubiskiy telefonga ko’pgina juda muhim takomillashtirishlar kiritdi. 1878 yilda Golubiskiy ko’p qutbli telefonlarning birinchi seriyasini qurdi. U telefonlarning 350 km. Masofagacha ishlashi mumkinligini ham isbotladi. Rossiyada dastlabki telefon liniyalari 1881 yilda bir vaqtning o’zida beshta shaharda – Peterburg, Moskva, Varshava, Riga va Odessada qurildi.
1877 yilda juda ajoyib bir kashfiyot qilindi. T.Edison ovoz yozib olish va uni takror eshittirish apparati – fonograf yaratdi. Bir qancha kashfiyot va ixtirolarni birga qo’shish natijasida fransuz aka-uka L.J,Lyumyer va O.M.Lyumyer kinematograf yaratdilar, kinematograf XIX asrda erishilgan buyuk yutuqlardan biri bo’ldi. Ana shu apparat yordamida kinoplyonkaga olingan film tajriba maqsadida 1895 yilning martida ko’rsatildi, o’sha yilning dekabridan esa Parijda birinchi kinoteatr ishlay boshladi.
3.Astranomiya va tabiiy fanlar sohasidagi yutuqlar
a) astranomiya va mexanika. Ko’rib o’tilayotgan davrda astronomiyaning taraqqiy etishida muhim voqyealar yuz berdi. Agar fan XIX asrning ikkinchi yarmiga qadar olamda sodir bo’ladigan prosesslar va hodisalarning fizik tabiatini aniqlash yo’lini hali bilmagan bo’lsa, endilikda astronomiya kosmosni o’rganishning yangi metodlari bilan boyidi. Bu metodlar – spektral analiz va fotografiya – fizika hamda ximiya sohasida qo’lga kiritilgan yutuqlarga asoslangan. Astrospektroskopiya va fotografiya astronomiyaning yangi sohasi – astrofizikaning tez takomillashuviga sabab bo’ldi.
XIX asrning ikkinchi yarmida yulduzlar spektrining klassifikasiyasi ishlab chiqildi. Yulduz kattaliklari, dastlab, XIX asrning 70-80 yillarida aniq belgilandi, ancha aniq fotometrik kataloglar tuzildi. XIX asrning oxirlariga keliboq, astronomiya yulduzlarning xususiy harakatlariga, parallakslariga va boshqa ba’zi xarakteristikalariga oid ancha ko’p materialga ega bo’ldi.
1906 yilda Ya.Kanteyn (1851-1922) yulduzlar olamini tekshirishning xalqaro planini, ya’ni osmon bo’ylab bir xilda taqsim qilingan 206 ta tanlab olingan maydondagi yulduzlarni o’rganish yo’li bilan tekshirish planini taklif etdi. Bu plan asosida o’tkazilayotgan tadqiqotlar yulduzlar sistemasining tuzilishi va dinamikasini o’rganish uchun juda ko’p material bermoqda.
Ya.Kanteyn (1904), K.Shvarshild nemis astronomi (1873-1916) (1907) va boshqalarning tadqiqotlari yulduzlarning xususiy harakatlari qonuniyatlari borligini isbotlab berdi, bunday qonuniyatlar mavjud degan fikrni 1859 yildayoq rus astronomi M.A.Kovalskiy (1821-1884) o’zining «Bradley katalogidagi yulduzlar xususiy harakatining qonunlari to’g’risida» degan asarida bayon etgan edi.
Mexanika. XX asrning boshlarida aviasiyaning ehtiyojlari munosabati bilan mexanikaning yangi bo’limi – aerodinamika maydonga keldi. Aerodinamikani yaratishda rus olimi N.Ye.Jukovskiy (1847-1921) g’oyat katta rol o’ynadi. 1904 yilda Jukovskiy shunday bir kashfiyot qildiki, bu kashfiyot aerodinamikaning shundan keyingi butun taraqqiyoti uchun asos bo’ldi. Jukovskiy 1905 yil 15 noyabrda Moskva matematika jamiyatida doklad qilingan «Qo’shilgan uyurmalar formulasi haqida» degan asarida qanotning ko’tarish kuchini aniqlash formulasini berdi, bu formula samolyotlarning barcha aerodinamik hisoblari uchun asosdir.
1910-1912 yillarda Jukovskiyning yangi asarlari paydo bo’ldi. Jukovskiy bu asarlarida qanotga ta’sir qiluvchi kuchni hisoblab chiqdi va qanotning bir necha nazariy soyalarini ko’rsatib berdi. 1912-1918 yillarda Jukovskiyning havo vinti nazariyasi bayon etilgan tadqiqotlari bosilib chiqdi.
Mexanikaning yangi bo’limi – o’zgaruvchan massa dinamikasi raketalarning uchishini tekshirishda juda katta ahamiyatga ega bo’ldi; o’zgaruvchan massa dinamikasini I.V.Meshcherskiy (1859-1935) o’zining «O’zgaruvchan massa nuqtasining dinamikasi» (1897) va «O’zgaruvchan massa nuqtasi harakatining tenglamasi» (1904) degan asarlarida ishlab chiqdi. Mashhur rus olimi K.E.Siolkovskiy (1857-1935) raketaning uchish nazariyasini yaratdi va planetalararo uchish uchun reaktiv apparatlardan foydalanish mumkinligini matematik jihatdan isbotlab berdi.
b) Tibbiyot. XIX asrning ikkinchi yarmidan eng yirik klinisist S.P.Botkin (1832-1889) organizm to’g’risida yangi tushuncha berdi. Botkin organizmni yaxlit bir butun, nerv sistemasi tomonidan boshqariladigan va tashqi muhit bilan chambarchas bog’liq holda yashaydigan narsa deb qaradi.
Yuqumli kasalliklar tug’diruvchi mikroblarning kashf etilishi – medisina mikroiologiyasining yaratilishi bu davr medisinasining taraqqiy etishi uchun g’oyat katta ahamiyatga ega bo’ldi.
1875 yilda rus olimi F.A.Lesh amyoba dizenteriyasi tug’diruvchi mikrobni kashf etdi va tekshirdi. 1880 yilda nemis olimi K.Eber ich terlama tug’diruvchi mikrobni kashf etdi. 1882-1883 yillarda nemis olimi R.Kox sil hamda vabo tug’diruvchi mikroblarni, F.Lyofler (1884) bo’g’ma tug’diruvchi mikrobni topdilar. Xuddi shu davrda qoqshol (stolbnyak), zaxm (sifilis) va boshqa kasalliklar tug’diruvchi mikroblar ham topildi.
Ayni zamonda yuqumli kasalliklarning oldini oluvchi ishlar ham olib borildi. 1881 yilda mashhur fransuz olimi L.Paster (1822-1895) kuydirgiga qarshi, 1885 yilda esa qutirishga qarshi emlashni taklif etdi. Pasterning ishlari medisina taraqqiyotida yangi bosqich ochib berdi. Ko’p o’tmay, boshqa kasalliklarga qarshi kurash usullari ham topildi.
Rus olimi I.I.Mechnikov medisina fanining yangi tarmog’iga – immunologiyaga asos soldi, ya’ni 1885 yilda immunitetning fagositar nazariyasini yaratdi. 1895 yil nemis fizigi V.K.Rentgen yangi nur kashf etdi va u kashfiyotchi sharafiga rentgen nuri nomini oldi. 1896-1897 yillarda bu nurning qator ajoyib hossalari mavjudligi aniqlandi.
Mikrobiologiya asoslari kasalliklarning ko’plab tarqalishi (epidemiyalar) oldini olish va unga barham berish uchun yordam qilibgina qolmay, balki antiseptikaning, keyinroq esa aseptikaning ham taraqqiy etishiga olib keldi, bular, o’z navbatida, umumiy narkozning takomillashtirilishi va bir joyning o’zini og’riqsizlantirish usullarining topilishi bilan birga, xirurgiyaning yangidan taraqqiy etishi uchun barcha sharoitni yaratib berdi.
Mikrobiologiyaning yanada rivojlanishi natijasida XX asrda viruslar to’g’risidagi fan – virusologiya maydonga keldi, bu fanga 1892 yilda Rossiyada D.I.Ivanovskiyning, so’ngra esa 1898 yilda Germaniyada F.Lyofler bilan P.Froshning va Fransiyada (1917 yilda) F.D.Erelning ishlari asos bo’ldi.
XIX asrning 90-yillari oxiriga kelib medisinada kasalliklarni aniq topish uchun, keyinroq esa kasalliklarni davolash uchun rentgen nurlaridan foydalanila boshladi. 1901 yilda fransuz vrachlari Benye va Danlo davolash maqsadida radiydan jahonda birinchi bo’lib foydalandilar. Bu bilan esa radiaterapiyaga asos solindi.
Organik ximiyaning taraqqiy etishi XIX asrning ikkinchi yarmi boshlaridanoq, har xil birikmalarni sintez qilish yo’li bilan yangi dorilar izlab topishga olib keldi. Nemis olimi P.Erlix yuqumli kasalliklarni davolash uchun ximiyaviy sintez usuli bilan dori-darmon hosil qilishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yib, 1907 yilda zaxmni davolaydigan nihoyatda masaoali dori-salvarsan hosil qildi va bu bilan hozirgi zamon ximioterapiyasiga asos soldi.
Biotoklarni registrasiya qilishning yangi usullari topilishi ayniqsa katta ahamiyatga ega bo’ldi, bu usullar asosida esa, keyinchalik, yurakda va miyada bo’ladigan eng nozik o’zgarishlarni aniqlashga imkon beruvchi elektrokardiograf va ensefalograf ixtiro etildi.
XX asrning boshlarida polyak olimi K.Funkning rus olimi N.I.Lunin 1880 yilda qilgan tajribalari va chiqargan xulosalarini tasdiqlab bergan ishlari natijasida vitaminlar to’g’risidagi ta’limotga asos solindi hamda vitaminlarning bir qancha kasalliklardan saqlashdagi va kasalliklarni davolashdagi roli aniqlandi.



Download 0,54 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish