Teri qoplag’ichlari. Lanttsetnikning teri qoplag’ichlari ham 2 ta asosiy: yuza qatlam epidermis va bir muncha chuqurroqdagi qatlam koriumdan iborat bo’ladi, lekin umurtqalilarga qarshi o’laroq, lanttsetnikning epidermisi, xuddi umurtqasizlardagidek bir qavatli bo’ladi, korium esa asosan yelimshak to’qimadan iborat.
Skeleti: Skeletining asosiy qismini xorda tashkil etadi, u lantsetnik gavdasining eng oxirgi uchidan, to boshining uchigacha boradi. (shuning uchun ham bu sinf Cephalochorda xorda boshlilar deb ataladi). Xordani hujayrasiz tayanch to’qimadan iborat bo’lgan parda o’rab turadi. Muskullar orasiga va gavda bo’shliqlari atrofiga joylashgan har xil tayanch ustunchalar hayvonlar xorda pardasiga qo’shiladi. Xususan jabra apparatining skeleti murakkabdir, u xujayrasiz tolali moddadan iborat, gorizantal va vertikal to’siqlardan tuzilgan nozik panjaraga o’xshaydi. Suzgich qanotlarini qattiq to’qimadan iborat bir qator kalta tayoqchalar tutib turadi, ammo ular uzun va ingichka bo’ladi.
Muskul sistemasi. Lantsetnikning butun muskul sistemasi gavdaning oldingi uchidan to oxiriga qadar qator o’rnashgan muskul sigmentlaridan yoki miomerlardan hosil bo’lgan. Miomerlarning har qaysisi biriktiruvchi to’qima pardalari-mioseptalar bilan bir-biridan ajralgan.
O’ng va chap tomondagi miomerlar bir-biriga qarama-qarshi o’rnashgan bo’lmay, balki bir tomondagi bir miomer qarama-qarshi tomondagi ikkita miomer orasiga ya’ni miomerning yarimtadan bo’lagiga to’g’ri keladigan bo’lib o’rnashgan. Muskul sigmentlarining shunday joy olishi natijasida, lantsetnik gavdasini ikki yon tomonga bemalol qayira oladi.
Markaziy nerv sistemasi. Lantsetnikning markaziy nerv sistemasi qalin devorli nay shaklida bo’lib, oldingi uchi xorda uchiga bir oz yetib bormaydi. (xordadan kaltaroq bo’ladi). Lantsetnik nerv nayining oldingi qismi umurtqali hayvonlar bosh miyasiga to’g’ri keladigan bo’laklarga ajralmagan bo’lsa ham, uning oldingi tomonidagi nevrotseli kengayib, bosh miya qorinchasi deb ataladigan katta bo’shliq hosil qiladi. Yosh lantsetniklarning miya qorinchasi ustki tomonidagi maxsus teshik-nevropor orqali gavdaning tepasida o’rnashgan hidlov chuqurchasi deb ataluvchi chuqurchaga qo’shiladi. Nerv nayining boshidan oxirigacha-nevrotselning ikki tomoniga yorug’lik sezuvchi organlar-Gess ko’zchalari joylashgan. Yorug’lik nurlari hayvon gavdasidagi tiniq to’qimadan o’tib shu ko’zchalarga tushadi. Har qaysi Gesse ko’zchasi yorug’lik sezuvchi hujayradan iborat bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |