Tovarning raqobatbardoshligi deganda uning xaridor uchun jozibadorligi tushuniladi.
Tovarning raqobatbardoshiligi bu tovarning o'ziga o'xshagan raqobatchi-tovarlar orasidan iste`mol
xossalari va texnik-iqtisodiy ko'rsatkichlari bilan ajralib turishidir. Tovarning raqobatbardoshligi
uning nisbiy va umumlashgan tavsifini o'z ichiga oladi. Ular ehtiyojlarni qondirish va ushbu
qondirishga ketgan xarajatlar darajasiga qarab tovarning raqobatchi-tovardan ustunlik farqlarini
ifodalaydi. Lekin bu farqlargina raqobatbardoshlikni belgilab bermaydi. Raqobatbardoshlikda
aynan tovarning iste`molchi uchun jozibadorligi muhimdir. Xaridor ob`ektiv ravishda nohaq
bo'lganda ham u yoki bu tovarni tanlash - uning qaroridir. Biznes sohasida bunga anchagina misol
keltirish mumkin: ekspertlar tomonidan yuqori baholangan tovar negadir iste`molchilar tomonidan
qabul qilinmaydi. Bunga kino olamidan yaqqol misol keltirish mumkin, masalan, turli festival va
tanlovlarda g'olib chiqqan filmlar ko'p hollarda tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'lmaydi. Lekin
sotuv hajmlari va tovar raqobatbardoshligi o'rtasida tenglik belgisini qo'yishga shoshilmaslik
kerak:
Birinchidan, mijozlarni qoniqtirmaydigan mahsulotlar tanlov cheklangan yoki tanqislik
davrida yaxshè sotilishi mumkin. Bu holat bozorga yaxshiroq tovarlar chiqqunga qadar davom
etadi.
Ikkinchidan, raqobatbardosh tovarlar tor doiradagi iste`molchilarga mo'ljallangan bo'lishi
mumkin. Ular yaxshi, ammo hamma uchun mo'ljallanmagan va shu sababli hech qachon ommaviy
talabga ega bo'lmaydi. Masalan: invalidlarga mo'ljallangan avtomobillar.
Tovar bozorda ijtimoiy ehtiyojlar darajasini qanoatlantirishi bo'yicha tekshirishdan o'tadi,
chunki har bir xaridor uning ehtiyojini qondiruvchi tovarni xarid qiladi. Hayotimizda o'rtoqlarimiz
yoki qarindoshlarimiz tomonidan nimanidir juda qulay narxda sotib olganliklarini so'zlab
berishayotganlariga guvoh bo'lganmiz. Bunda to'langan puldan rozilik va hattoki, agar tovar
qimmatroq bo'lsa xaridor baribir sotib olgan bo'lishini ta`kidlaydi. Bu nima degani? Gap shundaki,
tovarning narxi uning iste`mol qiymatidan ancha past hamda shuning uchun ham xaridor katta
qoniqish hosil qilyapti. Demak, tovar raqobatbardoshligi iste`molchi olgan bepul foyda, naf orqali
baholanadi va 2 ko'rsatkichni birlashtiradi:
Tovarning narxi
Tovarning iste`mol qiymati
Xulosa qilib aytganda, tovar raqobatbardoshligi - bu tovarning iste`molchining aniq bir ehtiyojini
qondira oladigan hamda raqib tovarlaridan ajratib turuvchi xususiyatlari yig'indisidir.