Adabiyotlar tahlili Ta’limda virtual laboratoriya ishlarining qo’llanilish darajasi, usullari va istiqbollarini aniqlash hamda ularning ta’lim samaradorligiga ta’sirini o’rganish maqsadida mavjud tajribalar atroflicha o’rganib chiqildi.
D.I. Troitskiyning virtual laboratoriyalardan foydalanishning ta’lim sifatiga ta’sirini o’rganish bo’yicha olib borgan izlanishlari natijalari e’tiborga molik. U virtual laboratoriya ishlaridan foydalanish orqali ta’lim oluvchilarning o’zlashtirish darajasining 17,7% ga oshishiga, laboratoriya ishlarini bajarish vaqti esa 10–50% ga kamayishiga erishilganligini ta’kidlaydi [12].
M. T. Taher ham virtual laboratoriya ishlaridan foydalanish ta’lim oluvchilar bilimini oshirishda samarali vosita ekanligini qayd etadi. Shu bilan birga virtual laboratoriya ishlarini an’anaviy laboratoriya ishlari bilan birgalikda olib borishni, gibrid yoki kombinatsion o’qitish strageiyasini taklif etadi [14].
I. Tityanovaning xulosalari M. T. Taher bildirgan fikrlar bilan mos tushadi. U elektrotexnikani o’qitishda virtual vositalardan foydalanishning samarali ekanligini qayd etadi. Uning fikricha elektrotexnika ta'limi jarayonida haqiqiy tajribaning virtual tajriba bilan uyg'unligi o'quvchilarning fanga qiziqishini oshiradi va materialni tushunishni osonlashtiradi.
B. Heying Multisim dasturini virtual simulyatsiya platformasi sifatida ishlatish bo’yicha izlanishlar olib borgan. Uning natijalariga ko’ra ushbu dastur eksperimental o'rganish uchun juda yaxshi vosita sanaladi. Shuningdek, u Multisim dasturini ta’lim oluvchilar uchun samari platforma sifatida e’tirof etadi [17].
Y. G. Xun ham Multisim dasturini virtual eksperimentlarni o’tkazishda samarali vosita sifatida e’tirof etadi. Uning fikricha, tajribalarni o'qitishda Multisim dasturidan foydalanish an'anaviy eksperimentni samarali ravishda to'ldiradi. Ushbu yangi usul amaliy eksperimental ta'lim samaradorligini oshirishda, talabalarning qiziqishini oshirishda va innovatsion qobiliyatlarni rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi [18].
T. Kolesnikovaning fikrlarini Y.G. Xun va B. Heyinglarning xulosalariga qo’shimcha sifatida keltirish mumkin. U Multisim dasturini sxemotexnik modellashtirishda qulay vosita sifatida taklif etadi. Dastur interfeysi sodda va qulayligi bilan ajralib turishiga alohida urg’u beradi. Bundan tashqari dasturda katta hajmdagi elektrotexnik komponentlar va o’lchov nazorat asboblari kutubxonasining mavjudligi dasturdan samarali virtual laboratoriya platformasi sifatida foydalanish imkonini berishini ta’kidlaydi [21].
NI Multisim dasturi asosida virtual laboratoriya ishlarini yaratish va uni ta’lim sohasiga joriy etish bo’yicha Respublikamizda ham bir qator ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborni tortadi.
Sh. Begmatov tomonidan ToshDTU talabalari uchun NI Multisim dasturi asosida Elektrotexnika va elektronika fanidan virtual laboratoriya ishlarini bajarish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan bo’lib undan amaliyotda samarali vosita sifatida foydalanilayotgani ta’kidlanadi [22].
M. M. Xasanov ham NI Multisim dasturini virtual laboratoriya ishlarini tashkil qilishda samarali vosita hamda qisqa vaqt ichida virtual qurilmalarni ishlab chiqishga imkon beradigan sxemalar interaktiv emulyatori sifatida e’tirof etadi. ToshDTU talabalari uchun NI Multisim dasturi asosida tuzilgan virtual laboratoriya ishlaridan na’munalar keltiradi [23].
A.A. Tulyaganov National Instruments (NI) kompaniyasining Multisim elektron dasturidan ta’lim jarayonida foydalanish, ta’lim oluvchilarni mavzu bo‘yicha aniq tasavvurga ega bo‘lishga, mavzuni o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq, yaxlit holda tasavvur qilishga yo‘naltiradi. Fanni o‘qitishda undan foydalanish ta’lim oluvchilarning biron-bir mavzuni chuqur o‘rganishlariga yordam berib, ularni mavzuga taalluqli tushuncha yoki aniq fikrlarni erkin va ochiq uzviy bog‘langan ketma-ketlikda tarmoqlashni o‘rgatadi hamda laboratoriya ishlarini bajarishga, ma’ruza darslarida o‘tilgan mavzular bo‘yicha amaliyot darslarida va mustaqil tayyorgarlik ko‘rishlarida elektr zanjirlarni tahlil qilishda ta’lim sifatini oshirishga olib keladi degan xulosaga keladi [24].
Umumta’lim maktablarida o’quvchilarning o’quv-tadqiqot hamda virtual laboratoriya ishlarini tashkil qilishda NI Multisim dasturidan foydalanish bo’yicha izlanishlar olib borilmoqda va metodlar ishlan chiqilmoqda. Xoliqov Q.T. va Duvlayev K.A. larning fikricha fizika fanini o’qitishda virtual laboratoriyalardan foydalanish o’quvchilarning olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash va ulardan amaliyotda foydalana olishlarini ta’minlaydi. Virtual laboratoriya ishlaridan foydalanishda haqiqiy ishlarni virtual ishlarga almashtirish bilan emas, balki ularni to'ldirish orqali amaliyotga joriy qilinsa maqsadga muvofiq bo’ladi. Maktabda o’quvchilarning virtual laboratoriyalar bilan bog’liq faoliyati yangi innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda o'qituvchilar tomonidan boshqarilishi va tuzatilishi kerak. [27,28,29].
Adabiyotlar tahlili shuni ko’rsatadiki hozirda barcha rivojlangan davlatlar ta’lim tizimida virtual laboratoriya amaliy dasturlaridan samarali vosita sifatida keng foydalanilmoqda. Shu jumladan Respublikamizning qator oliy ta’lim muassasalarida ham bunday dasturlardan o’quv jarayonida foydalanish yo’lga qo’yilgan. Virtual laboratoriya ishlarini tashkil etish va o’tkazishning asosini dastriy ta’minot tashkil qiladi. Hozirgi vaqtda jahon bozorlarida bunday tayyor kompyuter dasturlari ko’pchilikni tashkil qiladi, masalan, Elektronika, Tina-Ti, NI Multisim Crocodile Technology 609, OrCAD kabi dasturlar shular jumlasidandir.
Mavjud dasturiy ta’minotlarni va ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish orqali, bizning sharoitimizda NI Multisim dasturidan maktab fizika kursida “Elektr toki”, “Yarim o’tkazgichlar” bo’limlari bo’yicha oq’uv tadqiqot ishlari, namoyish tajribalar va laboratoriya ishlarini o’tkazishda samarali virtual vosita sifatida foydalanish mumkin degan xulosaga kelindi. Ushbi dasturiy ta’minotdan Respublikamizning qator oliy ta’lim muassasalari samarali foydalanib kelayotgani fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi [22-25]. NI Multisim dasturi elektron sxemalarni simulyatsiya qilish va bosma elektron platalarni joylashtirishga imkon beradigan mashhur dasturiy to'plam hisoblanadi. NI Multisimning asosiy xususiyati bu oddiy vizual interfeys, simulyatsiya natijalarini grafik tahlil qilish uchun kuchli vositalar, haqiqiy analoglarni nusxa ko'chiradigan virtual o'lchash vositalarining mavjudligi. Elementlar kutubxonasida 2000 dan ortiq National Semiconductor, Analog Devices, Phillips, NXP kabi mashhur ishlab chiqaruvchi kompaniayalarining SPICE- modellari komponentlari mavjud. Elektromexanik modellar, kommutatsiya jihozlari, quvvat manbalari, quvvat konvertorlari mavjud. Convergence Assistant jihozi simulyatsiya xatolarini tuzatish uchun avtomatik ravishda SPICE parametrlarini to'g'rilaydi. NI Multisim ikkita variantda ishlab chiqariladi va tarqatiladi – Professional va Education. Multisim Education versiyasi ta'lim muassasalari uchun mo'ljallangan va o'quv kurslari, tayyor yechimlar hamda ishchi qo'llanmalarni o'z ichiga oladi. Asosiy vazifa - real loyihalardagi muayyan qonunlar va jarayonlarni aniq namoyish etadigan nazariy materiallarni birlashtirish. Buning uchun dastur interaktiv tarkibiy qismlarga qo'shimcha ravishda NI myDAQ apparat platformalari (nazorat-o'lchov uskunalari kutubxonasi) va NI ELVIS (o'quv ustaxonasi uchun virtual vositalar) bilan ishlay oladi, bu esa boshqarish tizimlari, energiya, mexatronika va energetikaning butun virtual laboratoriyalarini yaratishga imkon beradi. Dasturning so'nggi versiyalarida yaxshilangan funksiyalar, modellashtirish uchun yangi vositalar, elementlarning kengaytirilgan bazasi mavjud, shuning uchun elektr loyihalarini ishlab chiqish va yaratish ancha aniq va tez bajarilishi mumkin. NI Multisim, bosma elektron platalarni yaratishda bevosita nazariy ma'lumotlarni real ma'lumotlar bilan taqqoslash imkonini beradigan LabVIEW o'lchov tizimlarini rivojlantirish muhiti bilan o'zaro hamkorlik qilishi mumkin [26].