MAQOLA Annotatsiya: Hozirgi davrda ta’lim sifatini yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlar o’z navbatida o’quvchilarda fizik eksperimentlar va laboratoriya mashg’ulotlari sifatini yaxshilash orqali fizik qonunlarni kundalik hayotda qo’llash ko’nikmalarini shakllantirishni talab etmoqda. Ayiniqsa ta’limga informatsion-axborot texnologiyalarining keng ko’lamda joriy etilila boshlanishi o’z navbatida fizikani o’qitishda raqamli texnologiyalarga asoslangan virtual usullarini ishlab chiqish va izchillik bilan joriy etishni talab qilmoqda. Sir emaski maktabda fizikani o’qitishda virtual laboratoriya dasturlaridan foydalanish yetarli darajada ommalashmagan. Shu maqsadda maqolada maktab fizika kursi doirasida virtual laboratopriyalardan foydalanish muammolarini o’rganish bo’yicha o’tkazilgan tadqiqot natijalari tahlil qilinib, muammoni hal qilish yo’llaridan biri sifatida NI Multisim dasturidan foydalanib virtual laboratoriya ishlarini tashkil etish va o’tkazish taklif qilingan.
Kalit so’zlar: fizik eksperiment, o’quv tadqiqot ishlari, virtual laboratoriya, kompyuter dasturlari
Kirish Jamiyatning so’nggi davrlarda keskin axborotlashuvi o’z navbatida ta’lim sohasiga ham o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmadi. Har qanday davrda ta’lim sohasidan o’quv jarayonini, uning shakllarini, usul va metodikasini kuindan kunga rivojlantirib, zamon talablariga mos shaklda tashkil etish talab etiladi. Bugungi davrda darsni kompyuter texnikasisiz tasavvur qilib bo’lmaydi, o’quv jarayonida kompyuter texnikasidan samarili foydalanish o’quv-tarbiya jarayonida o’qitish intensivligini oshirish, dars vaqtini tejash, o’quvchilar faolligini oshirish orqali dars samaradorligini oshishiga olib keladi.
O’quv fanlari ichida fizika bevosita atrof muhitda yuz beradigan kundalik jarayonlar bilan bog’liqligi, bu jarayonlarning yuzaga kelish qonunlarini umumlashgan holda o’rganish orqali o’quvchilarning o’zlari yashab turgan olam va uning umumiy qonuniyatlarini o’rganish natijasida bolaning dunyo haqidagi bilimlar tizimi rivojlanishiga katta hissa qo'shadi. Fizika eksperimental fan hisoblanadi. Ko'rgazma eksperimentlari va laboratoriya ishlari ko'rinishida fizikani o’qitish maktab fizika kursining ajralmas va muhim qismidir. Nazariy material va eksperimental faoliyatning muvaffaqiyatli uyg’unlashuvi pedagogik nuqtai-nazardan eng yaxshi natijaga erishishga, faol bilim faoliyati va o'rganilayotgan mavzuga o’quvchilarning ijodiy yondashuvini rivojlantirishga yordam beradi. [3, b. 20].