83-modda. Komissiyaviy ekspertiza
Komissiyaviy ekspertiza o‘tkazilayotganda ekspertlarning har biri tekshirishlarni to‘liq hajmda o‘tkazadi va ular olingan natijalarni birgalikda tahlil qiladi. Ekspertlar umumiy fikrga kelganidan so‘ng birgalikdagi xulosani yoki xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjatni tuzadi va imzolaydi.
Ekspertlar o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa beradi.
84-modda. Kompleks ekspertiza
Kompleks ekspertiza ish uchun ahamiyatga molik holatlarni faqat turli maxsus bilim sohalaridan foydalangan holda bir nechta tekshirish o‘tkazish yo‘li bilan aniqlash mumkin bo‘lgan hollarda tayinlanadi.
Kompleks ekspertizani o‘tkazishda ekspertlarning har biri o‘z vakolati doirasida tekshirishlar olib boradi. Kompleks ekspertizaning xulosasida ekspertlarning har biri qaysi tekshirishlarni va qancha hajmda olib borganligi, qaysi faktlarni shaxsan o‘zi aniqlaganligi hamda qanday xulosalarga kelganligi ko‘rsatiladi. Ekspertlarning har biri xulosaning ushbu tekshirishlar bayon etilgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgar bo‘ladi.
Umumiy xulosa (xulosalar) olingan natijalarni baholashga va ushbu xulosani (xulosalarni) shakllantirishga vakolatli bo‘lgan ekspertlar tomonidan chiqariladi. Agar ekspertlar komissiyasi yakuniy xulosasining yoki uning bir qismining asosi ekspertlardan biri (alohida ekspertlar) tomonidan aniqlangan faktlardan iborat bo‘lsa, bu haqda xulosada ko‘rsatilishi kerak.
Ekspertlar o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa beradi.
Agar kompleks ekspertizani o‘tkazish davlat sud-ekspertiza muassasasiga topshirilgan bo‘lsa, ekspertizani tashkil etish uning rahbari zimmasiga yuklatiladi.
85-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi
Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi tekshirishlarni o‘tkazib bo‘lganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.
Xulosada: ekspertiza o‘tkazilgan sana va joy; ekspertizani o‘tkazish asosi; ekspertizani tayinlagan sud to‘g‘risidagi ma’lumotlar; ekspert to‘g‘risidagi (familiyasi, ismi, otasining ismi, ma’lumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani o‘tkazish topshirilgan tashkilot haqidagi ma’lumotlar; bila turib noto‘g‘ri xulosa berganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ekspertning ogohlantirilganligi; ekspert oldiga qo‘yilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza o‘tkazilayotganda hozir bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar; tekshirishlarning qo‘llanilgan usullar ko‘rsatilgan holdagi mazmuni va natijalari, shuningdek bu tekshirishlar, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan bo‘lsa, kim tomonidan o‘tkazilganligi; tekshirish natijalarining baholanishi, qo‘yilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan va ekspertning tashabbusiga ko‘ra aniqlangan holatlar aks ettirilgan bo‘lishi kerak.
Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qiladi. Tekshirishning olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxonada, muassasada, tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan sudning talabiga binoan ishga qo‘shib qo‘yish uchun taqdim etiladi.
Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi tekshirish davomida ma’lum bo‘lib qolsa, xulosa qo‘yilgan ayrim savollarga javob berishni rad etish asosini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Tekshirish tugaganidan so‘ng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan sudga yuboriladi.
Xulosa sud majlisida tekshiriladi hamda boshqa dalillar bilan bir qatorda baholanadi. Sud ishi borayotganda, yerning taqdirini dastlabki himota choralaridan birini qo’llash bilan hal etib turish mumkin. Buning uchun MSIY 92-moddasiga asosan, ishtirokchi shaxs arizasi bilan ko’rib chiqiladi.
Demak, arizachining ekspertiza o’tkazishni so’ragani va sudning buni qabul qilganligi asosli. Negaki, shu ekspertiza orqali yerning taqdiri hal bo’ladi. Bu eng muhim omil hisoblanadi. Bu vaqtda ekspertiza bo’lsa, MSIY Kodeksning 100-moddasiga ko’ra, ekspertiza javobi lozimligiga qarab, sud ishni to’xtatib turishga haqli. 101-modda bilan ekspertiza tugasa qayta ish davom etadi kelgan joyidan. Shu orqali dalillar to’la va xolisona prinsiplar asosida ko’rib chiqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |