52-modda. Ma’muriy hujjatning shakli Ma’muriy hujjat yozma shaklda qabul qilinadi. Qonunchilikda ma’muriy hujjat boshqa shaklda, shu jumladan boshqa tegishli hujjatni berish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirish yo‘li bilan qabul qilinishi mumkinligi hollari nazarda tutilishi mumkin.
53-modda. Ma’muriy hujjatning mazmuni Ma’muriy hujjat qonuniy, asoslangan, adolatli, aniq va tushunarli bo‘lishi kerak.
Ma’muriy hujjatda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) ma’muriy hujjatning nomi va u qabul qilingan sana;
2) ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
3) ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari to‘g‘risidagi axborot;
4) ma’muriy hujjat orqali hal qilinadigan masalaning tavsifi (tavsif qismi);
5) ma’muriy hujjatning asosi (asoslantiruvchi qismi);
6) qabul qilingan qaror bayoni (xulosa qismi);
7) ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi;
8) ma’muriy organning ma’muriy hujjatni qabul qilgan mansabdor shaxsining (kollegial organ a’zolarining) lavozimi, ismi va familiyasi.
54-modda. Ma’muriy hujjatning asosliligi Ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida qabul qilingan ma’muriy hujjatning barcha haqiqiy va yuridik asoslari keltirilishi kerak.
Ma’muriy hujjatni asoslantirish chog‘ida ma’muriy organ tekshirilmagan yoki ma’muriy ish yuritish jarayonida ma’muriy ishga qo‘shib qo‘yilmagan yoxud ma’muriy ish yuritish ishtirokchilariga tanishish imkoniyati berilmagan dalillarga tayanishga haqli emas. Agar ma’muriy hujjatni qabul qilishda ma’muriy organga ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) berilgan bo‘lsa, ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida u yoki bu ma’muriy ixtiyoriylikka (diskretsion vakolatga) yoxud undan voz kechishga sabab bo‘lgan barcha baholar, vajlar va mulohazalar bayon etiladi. Bunda ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjatning ma’muriy tartib-taomillar prinsiplariga muvofiqligini asoslab berishi kerak.
1-kazus Arizachi Mastanov J Qibray tumani, Zebuniso ko’chasi, 16- uyda oila a’zolari bilan birgalikda doimiy ro’yhatdan turib yashab kelishligini, Qibray tuman hokimining 11.09.2007-yildagi №2152-sonli qaroriga ko’ra, unga Qibray shaharcha fuqarolar yig’ini markazi hududidan “To’y va marosimlar o’tkaziladigan majmua qurilishi” uchun 0,45 ga qishloq ho’jaligida foydalanilmaydigan yer maydoni ajratib berilganligini hamda To’y va marosimlar o’tkaziladigan majmua qurilishiga viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasidan memorchilik rejalashtirish topshirig’i olinishi kerakligi ko’rsatib o’tilganligini, u og’ir xastalikka duchor bo’lib, bir necha yillar davomida shifoxonalarda statsionar tartibda ѐtib davolangani sababli va moddiy tomondan qiynalib qolgani uchun ancha vaqt mobaynida mazkur unga ajratib berilgan yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshira olmay qolganligini, bugungi kunda u o’ziga ajratilgan yer maydonida qurilish ishlarini olib bormoqchi bo’lganida Qibray tuman hokimining 20.09.2017-yil №2728-sonli qarori bilan unga ajratilgan Qibray shaharcha fuqarolar yig’ini markazi hududidan “To’y va marosimlar o’tkaziladigan majmua qurilishi” uchun 0,45 ga yer maydoni ajratish to’g’risidagi 11.09.2007-yildagi №2152-sonli hokim qarori bekor qilinib, Qibray tuman davlat zaxirasiga qaytarilgani ma’lum bo’lganligini, Qibray tuman hokimligi unga ajratilgan yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarib olish to’g’risida qaror qabul qilishda qonun talablariga zid ravishda, ya’ni uni ogohlantirmasdan, Hujjat imzolanganligini ta'kidladi.