Mifologik dunyoqarash uchun notirik tabiatni jonlantirib tasvirlash xos. Shu asosda hosil qilingan obrazlar xuddi odam singari hayot kechiradilar, o‘zaro munosabatlarga kirishadilar, ezgu yoki yovuz ishlar bilan mashg‘l bo‘ladilar. Hissiy-emotsional, poetik metaforalar negiziga qurilgan afsona va rivoyatlar zamirida real mazmun mujassamlashgan. Narsa-xodisalar insoniy sifatlar va xususiyatlardan kelib chiqib baholanadi hamda tushuniladi. Masalan, qadimgi yunon afsonalari va rivoyatlarida dunyoning barpo bo‘lishi, to‘zilishi, tabiat va jamiyatda yu‘z berayogan jarayonlar; narsa va hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi, insonning kelib chiqishi, hayotning ma’nosi kabi teran muammolar aks etgan.
Markaziy Osiyo xalqlarining uzoq o‘tmishdan meros bo‘lib kelayotgan afsona va rivoyatlarida ham ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi murosasiz ziddiyat g‘oyat jozibali ifodalanadi. Masalan, “Avesto”da yaxshilik timsoli Ahuramazda bilan yovuzlik ilohi Ahriman o‘rtasidagi kurash pirovardida ezgulik, yorug‘likning zulmat ustidan g‘laba qozonishi haqida xulosa chiqarilgan.
Miflarda tabiat hodisalari bilan bir qatorda ijtimoiy hayot muammolari ham ko‘tarilgan. Ilohlar yaxshi va yomonga, aqlli va farosatsizga, urushqoq va tinchlikparvarga, sahovatli va xasisga bo‘lingan. Ular, xuddi insonlardek, turmush qurganlar, farzand ko‘rganlar, o‘zaro janjallashganlar, xullas, mifologik obrazlarning hayot faoliyati va o‘zaro munosabatlari odamlarga o‘z hayotlarini anglash va bilishga imkon bergan. Sug‘orma dehqonchilik hayotiy muhim bo‘lgan qadimgi Markaziy Osiyoda suv ilohiy ne’mat hisoblangan. Massagetlar daryolarni muqaddas bilganlar. Qadimgi yunon tarixchisi Gerodotning shohidlik berishicha, saklar Quyoshni eng ulug‘ xudo bilib, unga uchqur otlarda etish mumkin, deb xisoblaganlar. Malika Tumaris o‘z qavmlari oldida ont ichgan paytlarida buni “Quyosh nomi bilan qasamyod qilib aytamanki, ...” degan so‘zlar bilan boshlangan.
Mintaqamizda miloddan oldingi 1-ming yillikda tarqalgan zardushtiylik e’tiqodida olov bilan bir qatorda tuproq muqaddas hisoblangan, uni xarom qilmaslik uchun xatto murdani erga ko‘mish ta’qiqlangan. II-V asrlarda hozirgi Farg‘ona vodiysi o‘rnida vujudga kelgan Dovon mamlakatida ajdodlarimiz olov, quyosh, ot, muqaddas ajdodlar ruhi, ayol kabi ko‘plab ilohlarga sig‘inganlar. Shunday qilib, mifologik xudolar aslida hayot va faoliyatda muhim o‘rin tutuvchi narsa va hodisalardan iborat bo‘lgan.
Mifologik dunyoqarashda ijtimoiy adolat va ahloq g‘oyalari etakchi o‘rin tutgan. Masalan, yunon asotirlaridan birida naql qilinishicha, borliq xukmdori bo‘lmish Uran (Samo) xudosi hamda uning rafiqasi Geya (Er) xudosidan ulkan kuchu-qudrat timsoli bo‘lmish titanlar dunyoga kelgan. Ulardan xukmronlikka moyil Kron o‘z otasini o‘ldirib, taxtni egallaydi. Vasvasa domiga tushgan Kron o‘z tug‘ishgan singlisini, rafiqasi Reyani, farzandlari Xestiya, Xera, Demedra, Aida, Poseydon, Okean, Tefisiyalarni ham birin ketin nobud qiladi. Faqat Zevs tasodif tufayli omon qoladi va keyincha Kronni taxtdan ag‘darib, yaqinlari uchun qasos oladi, adodatni tiklaydi. Xulosa qilib aytganda, mifologik dunyoqarashda qadimgi dunyo kishilarining tabiat, jamiat, inson haqidagi sodda bilim va tasavvurlari, ahloqiy va sotsiologik qarashlari mujassamlashgandir.
Dunyoqarashning navbatdagi, birmuncha murakkabroq ijtimoiy tarixiy shakli diniy dunyoqarashdir. Mifologik dunyoqarash turli narsa-hodisalar sababini ko‘plab afsonaviy, g‘ayritabiiy kuchlar bilan bog‘lab talqin etsa, diniy dunyoqarash, abstract tafakkurga asoslanib, bir butun, yagona borliqning mavjudligi va o‘zgarishini yagona xudo bilan bog‘lab tushuntiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |