Falsafa fanining predmeti – tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyotining eng umumiy qonuniyatlarini o‘rganishdan iborat. Butun borliqqa xos bo‘lgan umumiy taraqqiyot qonunlarini tadqiq etish, kashf qilish va kishilarni ana shunday umumfalsafiy nazariy bilimlar bilan qurollantirib, dunyoni to‘g‘ri idrok etishga o‘rgatish, to‘g‘ri dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qilish falsafa fanining o‘ziga xos muammosi va vazifasi bo‘lib kelgan. Shu ma’noda falsafa birorta aniq (konkret) fanning o‘rnini bosa olmaydi, o‘z navbatida, hech bir konkret fan ham falsafaning o‘rnini bosishga qodir emas. “Barcha fanlar, - degan edi Arastu, - falsafaga qaraganda ko‘proq zarurdirlar, lekin ulardan birortasi falsafadan yaxshiroq emas”. Haqiqiy faylasuf atrof-olamning umumfalsafiy xususiyat va jihatlarini, taraqqiyot qonuniyatlarini kashf etishda zavq va lazzat topadi. “Bitta ilmiy isbotni topish men uchun butun fors podsholigiga ega bo‘lishdan afzal” – degan edi Demokrit. Shuni nazarda to‘tib, Aflotun: “Haqiqiy faylasufning tashvishlari tanaga emas, qalbiga yonaltirilgan bo‘ladi” degan edi. Arastu zukkolik bilan qayd etganidek, “hamma mashg‘ulotlarda natija mashaqqat bilan mashg‘ulot yakunida keladi. Falsafada esa bilim va lazzat bir-birlarini kim o‘zarga quvib yuradilar. Huzur bilimning ortidan yurmaydi, bilim va huzur bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘ladi”.
Falsafiy bahs-munozaralarda mag‘lub bo‘lgan kishining o‘zi bo‘lmaydi. Epikur buni juda o‘rinli qaid etgan: “Falsafiy bahsda mag‘lubiyatga uchragan kishi ham yutadi, shu jihatidan yutadiki, u bilimlarini ko‘paytirib oladi”. Demak, falsafa, umumnazariy masalalar doirasi bilan mashg‘ul bo‘lar ekan, pirovardida, kishilarning amaliy faoliyati samarador bo‘lishini ko‘zlaydi.
Borliqning mohiyati teran va serqirradir. Shu boisdan falsafa uni idrok va tadqiq etishda shartli ravishda bir qator ob’ektlarga taqsimlaydi. Shu asosda falsafa fanining ham quyidagi tarkibiy qismlari ajralib chiqadi:
1. Ontologiya — borliq haqidagi ta’limot.
2. Gnoseologiya — bilish haqidagi ta’limot.
3. Sotsiologiya — jamiyat haqidagi falsaiy ta’limot.
4. Falsafiy antropologiya — inson haqidagi ta’limot.
5. Metodologiya — tafakkur uslublari haqidagi ta’limot.
6. Aksiologiya — qadriyatlar haqidagi ta’limot.
7. Praksiologiya — amaliyot haqidagi falsafiy ta’limot.
8. Mantiq — to‘g‘ri fikrlash haqidagi ta’limot. Shuningdek, xulq-atvor madaniyati haqidagi etika, go‘zallikning mohiyati haqidagi estetika fanlari ham o‘z predmetiga ko‘ra falsafiy fanlar qatoriga kiradi.
III. Falsafa fanining vazifalari shartli ravishda ikki qismga bo‘linadi:
1. Dunyoqarash sifatidagi ijtimoiy vazifalar. 2. Fan tarmog‘i sifatidagi funktsialari. Dunyoqarash ahamiyatiga molik fan sifatida, bilimlar tizimi sifatida falsafa: 1.Umuminsoniy ma’naviy qadriyatlarni rivojlantiradi. 2. Insonning atrof-borliqqa munosabatini bosh falsafiy masala darajasiga ko‘taradi. 3. Kishilarni falsafaning bir necha ming yillik durdona fikrlar xazinasi bilan tanishtirib, ularda falsafiy madaniyatni shakllantiradi.
Inson borki, ongli mavjudot sifatida, o‘tmishni tahlil qiladi, bugungi kunini his qiladi, kelajakni bashorat qilishga intiladi, xullas, umumiy mulohazalar yuritadi, istasa-istamasa, falsafiy muammolarga duch keladi. Shularni nazarda tutib, Aristipp quydagilarni aytib qoldirgan: “Hech kim o‘spirinlikda falsafani paysalga solmasin va keksalikda undan charchamasin. Falsafaning xali fursati etmadi yoki u o‘tib ketdi, deyayotgan odam xuddi baxtning xali fursati etmadi yoki u o‘tdi deyayotgan kishiga o‘hshaydi. Shuning uchun falsafa keksaga ham, o‘spiringa ham zarur: o‘spiringa – qarigan chog‘ida, o‘tmishdan xursand bo‘lib, baxt-saodatli yashashi uchun kerak; keksa kishiga – uning kelajak oldida dovyurak bo‘lishi uchun kerak”.
Arastu o‘z zamonasida “Falsafa bilan hamma shug‘ullanavermasligi kerak” degan mulohazalarga javoban shunday degan edi: “Inson falsafa bilan shug‘ullanmasligi kerakmi? Agar inson falsafa bilan shug‘ullanmasligi kerak bo‘lsa, unda hech bo‘lmaganda ushbu holatni asoslash uchun falsafiy fikr yuritmog‘i lozim. Xulosa oddiy va qat’iy: inson falsafa bilan baribir shug‘ullanmog‘i kerak”. Xullas, dunyoqarash masalalari mavjud bo‘lar ekan, ularni xal qilish zarurati mavjud bo‘lar ekan, falsafaga ehtiyoj bo‘adi.
Fan tarmog‘i sifatida falsafa quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1. Metodologik.
2. Evristik.
3. Gnoseologik.
4. Tarbiyaviy.
5. Mafkuraviy.
Do'stlaringiz bilan baham: |