Xalqaro hisoblashuvlar banki (XHB) Shveysariyaning Bazel shahrida joylashgan bo’lib, u xalqaro moliyaviy tashkilot hisoblanmasada, bank faoliyatini xalqaro tartibga solishda yetakchi rol o’ynaydi. XHB Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarini, Kanada, Avstraliya, Yaponiya hamda AQSh tijorat banklari guruhini o’z tarkibida birlashtiradi. 70 dan ortiq Markaziy banklar o’zlarining oltin-valyuta zahiralarini XHB hisobvaraqlarida saqlaydilar.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)Sharqiy Yevropa hamda sobiq Ittifoq mamlakatlariga valyuta-moliya sohasida ko’maklashishni muvofiqlashtirish maqsadida 1990 yilda tashkil etildi. Uning asosiy faoliyati Markaziy va Sharqiy Yevropa, MDH mamlakatlarini isloh qilish jarayonlari bilan bog’liq turli ko’rinishdagi dastur va loyihalarni moliyalashtirishga, bu mamlakatlarning jahon xo’jaligiga moslashuvini jadallashtirishga ko’maklashishga yo’naltirilgandir.
Bugungi kunda sanab o’tilgan bu kabi davlatlararo tashkilotlarning xalqaro valyuta-moliya sohasidagi munosabatlarni tartibga solish va yanada takomillashtirishga qaratilgan faoliyatining ahamiyati tobora oshib bormoqda. Shu bilan bir qatorda mazkur tuzilmalarning rivojlanayotgan mamlakatlarga moliyaviy yordam ko’rsatish tartibini takomillashtirish, bunda ko’mak berilayotgan mamlakatlarning milliy manfaatlariga putur yetkazmaslik, faoliyat yo’nalishi sifatida ko’proq iqtisodiy maqsadlarning ilgari surilishi kabi jihatlarga e’tibor kuchaytirish zarur bo’ladi.
Asosiy tayanch tushunchalar: Jahon xo’jaligi – xalqaro mehnat taqsimoti, savdo-ishlab chiqarish, moliyaviy va ilmiy-texnikaviy aloqalar orqali birlashgan turli mamlakatlar xo’jaliklari tizimi.
Ishlab chiqarish yoki iqtisodiy hayotning baynalminallashuvi – mamlakatlarning jahon miqyosida iqtisodiy aloqalarining kuchayishi hamda iqtisodiy munosabatlarning tobora kengroq jabhalarini qamrab olishi jarayoni.
Xalqaro mehnat taqsimoti – alohida mamlakatlarning tovar va xizmatlarning ayrim turlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi.
Globallashuv – jahon xo’jaligining butun makonini qamrab oluvchi iqtisodiy munosabatlar yagona tarmog’ining tashkil topishi va rivojlanishi.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar – jahonning turli mamlakatlari o’rtasidagi xo’jalik aloqalari majmui.
Xalqaro iqtisodiy integrasiya - jahon mamlakatlari o’zaro iqtisodiy aloqalarining chuqurlashtirish va barqaror rivojlanishi hamda milliy xo’jaliklar o’rtasidagi mehnat taqsimoti asosida ular xo’jalik aloqalarining birlashish jarayoni.
Erkin savdo hududlari - iqtisodiy integrasiyaning eng oddiy shakli bo’lib, uning dorasida savdo cheklashlari bekor qilinadi.
Bojxona ittifoqi - yagona tashqi savdo ta’riflari o’rnatishni va uchunchi mamlakatga nisbatan yagona tashqi savdo siyosati yuritishini taqazo qiladi.
To’lov ittifoqi - milliy valyutalarning o’zaro almashinuvi va hisob-kitobda yagona pul birligining amal qilishi.
Umumiy bozor - bunda uning qatnashchilari o’zaro erkin savdoni amalga oshirish va yagona tashqi savdo siyosati o’tkazish bilan birga kapital va ishchi kuchining erkin xarakati ta’minlanadi.
Iqtisodiy va valyuta ittifoqi - iqtisodiy integrasiyaning eng oliy shakli bo’lib, bunda iqtisodiy integrasiyaning barcha qarab chiqilgan shakllari iqtisodiy va valyuta-moliyaviy siyosat o’tkazish bilan birga uyg’unlashadi.
Eksport – tovarlarni chet ellik mijozlarga sotish bo’lib, bunda mazkur mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar mamlakatdan tashqariga chiqariladi.
Import – chet ellik mijozlardan tovarlar (xizmatlar) sotib olib, ularni mamlakatga kiritish.
Xalqaro valyuta tizimi – xalqaro valyuta munosabatlarining davlatlararo bitimlarda huquqiy jihatdan mustahkamlangan shakli.
Valyuta kursi –bir mamlakat valyutasining boshqa mamlakat valyutasida ifodalangan bahosi.
To’lov balansi – mamlakat rezidentlari (uy xo’jaliklari, korxonalar va davlat) va chet elliklar o’rtasida ma’lum vaqt oralig’ida (odatda bir yilda) amalga oshirilgan barcha iqtisodiy bitimlar natijasining tartiblashtirilgan yozuvi.