44-§. Meteorlar («uchar yulduzlar») va meteoritlar
Tunda chiroyli iz qoldirib «uchgan yulduz»larni kim ko‘rmagan deysiz? Biroq bu «uchar yulduz»larning haqiqiy yulduzlarga hech aloqasi yo‘qligini har kim ham bilmasa kerak. Aslida ular osmonning «daydi» mayda tosh zarrachalaridir. Ularning kattaliklari millimetrning ulushlarida, massalari esa milligrammlarga- cha o‘lchanadi. Ular Yerga yaqinlashgach, planetamiz atmosferasiga sekundiga 10 kilometrdan 70–80 kilometrgacha tezlik bilan kiradi. Shubhasiz, bunday katta tezlikdagi tosh zarrachasi atmosfera molekulalari bilan ishqalanib cho‘g‘lanadi, ayni paytda u ko‘zga yaxshi ko‘rinadi va uchish davomida juda tez yemiriladi. Fanda meteorlar deb yuritiluvchi «uchar yulduz»lar yo‘lining uzunligi bu osmon jismlarining kattaliklariga bog‘liqligini tushunish qiyin emas.
Meteor zarralar qanday vujudga keladi, ularning manbalari qayerda, degan tabiiy savol tug‘iladi. Gap shundaki, ayrim kometalar har safar Quyosh yaqinidan o‘tayotib, yadrosiga tegishli bir qism gaz va changini yo‘qotadi. Ma’lum kometa qancha vaqtdan so‘ng o‘z yadrosidagi gazni sarflab tugatishini rus olimi S.V. Orlov Galley kometasi uchun bajardi. Uning hisoblashlari, bu kometa Quyosh atrofida 330 marta aylangandan so‘ng, ya’ni qariyb 25 ming yildan keyin gaz zaxirasidan ajralishini ma’lum qildi.
Kometaning butunlay ko‘zdan yo‘qolishi boshqa bir jarayon – mexanik par- chalanish oqibatida bo‘ladi. Mexanik parchalanish, Quyosh yaqinidan o‘ta- yotgan juda ko‘p kometalarda aniqlangan. Xususan, 1846-yilda kuzatilgan Biela kometasi Quyosh yaqinidan o‘tayotib ikki bo‘lakka ajralgan. Navbatdagi, 1857- yilgi ko‘rinishida bu bo‘laklarning biri ikkinchisidan ikki million kilometrga uzoqlashgan va shundan keyin to shu paytgacha, har qancha urinishlarga qaramay, u hech kim tomonidan kuzatilmagan. 1872-yili mazkur kometaning oldindan hisoblangan – Yerga juda yaqin oraliqdan o‘tishi paytida kometa o‘rnida kuchli «meteor yomg‘iri» kuzatilgan (85-rasm).
1950-yili olim D. Dubyago parchalangan kometa yadrolari meteor oqim- larining vujudga kelishidagi rolini chuqur o‘rganib chiqdi. Uning hisob-kitobining ko‘rsatishicha, kometa yadrosini «tashlab qochgan» meteor zarralarining buluti Quyosh beradigan ko‘tarilish kuchi ta’sirida ham cho‘zilib, ham kengayib boradi va bir necha ming yillardan so‘ng kometa orbitasi bo‘ylab bir tekis taqsimlanib qoladi. Kometaning orbitasi bo‘ylab taqsimlangan «teshik kulcha»sining Yer bilan tutilishi (yaqinlashishi) Yerda «meteor yomg‘irini» vujudga keltirishi fanda tasdiqlandi. Kuzatilgan «meteor yomg‘irlari»dan biri – Perseid, «1862 III» deb nomlangan parchalangan kometa yadrosining zarrachalari yaqinidan o‘tayotganda hosil bo‘lishi bilan tasdiqlandi. Mashhur Galley kometasi ham – Orionid deb
nom olgan Orion yulduz turkumida proyeksiyalanuvchi nuqtada (meteorlar harakatlari davomlarini tutashtiruvchi bu nuqta radiant deb ataladi) kuzatilganligi bilan tasdiqlangan. 86-rasmda har yili 8–12- oktabr kunlari tunda Ajdaho yulduz turkumida proyeksiyalanib ko‘rinadigan chiroyli Drakonid «meteor yomg‘iri» tasvirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |