Protuberaneslar – alanga «til»lari. Quyoshning fotosferadan yuqori qatlami xromosfera deyilib (yunoncha «xromos» – rang), balandligi 14000 km gacha boradi (49-rasm). Bu qatlamda uchraydigan ulkan obyektlardan biri protuberaneslardir. Quyoshdagi bu obyektlar tashqi ko‘rinishi bilan gulxan alangasining «tili»ni eslatadi. Alanga «til»larining spektri ularda gaz bosimi, temperaturasi va harakat tezligi kabi fizik kattaliklarini aniqlashga imkon beradi.
Ayniqsa, 1920-yilda fransuz olimi Y.Petit taklif qilgan va ayni paytda qo‘l- laniladigan metod xromosfera spektrining maxsus chiziqlarida ularni katta tezlik bilan kinoga olishga (sekundiga 16 kadr) imkon berib, tez o‘zgaradigan protube- raneslarning evolutsiyasini o‘rganish uchun juda qo‘l keldi. Protuberaneslar ham xromosferaning nurlanishi kabi kalsiyning ionlashgan chiziqlari (H va K) va vodorodning qizil (Hα – to‘lqin uzunligi 6562Å, 1 Å = 10-8 cm) chizig‘ida kuchli nurlanadi. Shuning uchun ham u ko‘plab observatoriyalarda (jumladan, Toshkent observatoriyasida ham) shu chiziqning to‘lqin uzunligiga to‘g‘ri kelgan nurni o‘tkazuvchi monoxromatik filtrlar bilan qurollangan teleskoplarda o‘rganiladi. Bu nurda (6562 Å) olingan xromosferaning tasvirida protuberaneslar Quyosh diskida proyeksiyalanib, cho‘zinchoq egilgan qora tolalar ko‘rinishida bo‘ladi. Quyosh diametrini bilgan holda bu tola (protuberanes)larning o‘lchami aniqlanganda, ularning eni 6000–10000 km, uzunligi esa bir necha yuz ming kilometrgacha borishi ma’lum bo‘ldi. Alanga tili ko‘rinishida Quyosh chetidan ko‘tarilgan protuberaneslarning balandligi ham bir necha yuz ming kilometrdan kam bo‘lmasligi, ular Quyoshda naqadar ulkan jarayonlardan biri ekanligidan darak
beradi.
Protuberaneslarning rivojlanishida mag- nit maydonining roli katta. Ularga tegishli magnit maydonining kuchlanganligini o‘l- chash bunday tajribaning biroz bo‘lsa-da mu- rakkabligi tufayli faqat o‘tgan asrning 60-yil- laridagina yo‘lga qo‘yildi.
Protuberaneslar atrof xromosferaga nisba- tan ancha zich plazma bulut (temperaturasi 5000–10000 °C, zichligi – 1 kub santimetrda 1010–1012 zarraga to‘g‘ri keladi)dan iborat
bo‘lib, qariyb yuz marta issiqroq Quyosh toji bilan o‘ralgan. Protuberaneslar Quyosh gardishi chetida tepalik, pichan g‘arami, sirtmoqsimon va voronka kabi turli ko‘rinishlarda bo‘ladi. Ular aktivliklariga ko‘ra bir-biridan farqlanuvchi sokin, aktiv va eruptiv guruhlarga ajratilib o‘rganiladi. Aktiv va eruptiv protuberaneslar Quyosh dog‘lari bilan bevosita bog‘lanishda bo‘ladi (50-rasm).
Xromosfera chaqnashlari. Quyoshda kuzatiladigan eng kuchli jarayonlardan boshqa biri xromosfera chaqnashlaridir (51-rasm). Bir necha minut davom etgan chaqnashdan ajraladigan energiyaning miqdori soatiga 100 trilliondan ming kvadrillion kilovatt (1014÷1018 kW)gacha yetadi. Bu degani bitta kuchli Quyosh chaqnashi davomida ajralayotgan energiya Yerdagi butun yoqilg‘i zaxiralarining yonishidan ajraladigan energiya miqdoriga teng, demakdir.
Xromosfera chaqnashlari Quyosh dog‘lari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, asosan, Quyoshning dog‘li sohalari yaqinida uchraydi.
Chaqnash sohasidagi gaz harakatini atomlarning spektral chiziqlarining ho- latiga ko‘ra o‘rganish, zarrachalar oqimining Quyoshdan tashqariga otilish tezligi sekundiga 500 dan 1000 kilometrgacha yetishini ma’lum qiladi. Quyoshdan ko‘tarilgan siyrak korpuskular zarrachalarning oqimi «quyosh shamoli» deb yuritiladi. Bunday «shamol» 1,5–2 kunda Yer orbitasigacha yetib keladi. Quyosh shamoli Yerga yetib kelgach, turli geofizik hodisalarda o‘z aksini topadi va Yerning biosferasiga ham sezilarli darajada ta’sir qiladi.
Quyosh toji. Quyosh to‘la tutilayotganda, ya’ni Oy gardishi uni bizdan butunlay to‘sganda, Quyosh atrofida osmonning qora fonida, 1–2 Quyosh radiusi (ba’zan undan ortiq) masofasigacha cho‘zilgan xira kumushsimon yog‘du
5–Astronomiya, 11-sinf
a) b)
kuzatiladi (52-rasm). Quyosh toji deyiladigan bu hodisani kishilar juda qadimdan Quyosh to‘la tutilgan chog‘larida kuzatganlar.
Tojning umumiy shakli Quyoshning aktivlik darajasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, u dog‘lar sonining maksimumga erishgan davrida Quyosh atrofini, Quyoshning aktiv sohalarining joylashishiga ko‘ra, turli xil balandlikda o‘raydi (52-a rasm), minimum davrida esa kumushrang shu’la ekvator tekisligidagina kattaroq balandlikka ko‘tariladi (52-b rasm).
Tojdagi kuzatiladigan o‘zgarishlar, jumladan, toj strukturasining xususiyatlari Quyosh atmosferasining tojosti qatlamlarida kechadigan aktiv hodisalar bilan bog‘lanishda ekanligini ko‘rsatadi. Quyosh tojida kuzatiladigan eng yorug‘ va radius bo‘yicha cho‘zilgan oqimlari, asosan, fotosferadagi dog‘li sohalarning ustida uchraydi.
Quyoshning radiodiapazonda kuchli nurlanadigan qismi uning atmosferasining toj qatlamiga to‘g‘ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |