So`zning biror grammatik ma`no ifodalaydigan ko`rinishi uning grammatik shakli deyiladi. Grammatik shakl grammatik ma`noni ifodalashning eng zaruriy sharti, tilda ular biri ikkinchisiz mavjud bo`lmaydi. Masalan, otlardagi ko`plik ma`nosi –lar affiksli shakl orqali ifodalanadi: gullar; tushum kelishigi ma`nosini –ni affiksli shakl ko`rsatadi va h.k.
O`zbek tilida so`zlar bir grammatik ko`rsatkichli, ko`p grammatik ko`rsatkichli yoki grammatik ko`rsatkichsiz shaklda bo`lishi mumkin. Masalan: mamlakat – grammatik ko`rsatkichsiz so`z shakli; mamlakatlari – bir grammatik ko`rsatkichli so`z shakli; mamlakatlarida – ko`p grammatik ko`rsatkichli so`z shakl.
Hozirgi o`zbek tilida so`zlarning grammatik shakllari affikslar, yordamchi so`zlar vositasida, so`zlarni juftlash yoki takrorlash orqali hosil qilinadi. SHunga ko`ra so`zlarning quyidagi grammatik shakllari farqlanadi:
Sintetik shakl. Bu shakl shakl yasovchi affikslar vositasida hosil bo`ladi: kitobning, kitobni, kitobga, kitobda; o`qimoqdaman, o`qimoqdasan, o`qimoqdamiz, o`qimoqdasiz kabi.
Analitik shakl. Mazkur shakl yordamchi so`zlar orqali yuzaga keladi: bolalar uchun, zavq bilan, o`qib tur, o`qib ko`r kabi.
Juft va takroriy shakl. Ikki so`zni juftlash yoki bir so`zni takrorlash bilan ham grammatik shakl yasaladiki, bunday shakl juft va takroriy shakl deb yuritiladi: tog`-tosh, katta- kichik juft shakli umumlashtirish ma`nosini, savat-savat (non), tog`-tog` (paxta) takrorlash shakli
ko`plik, mo`llik ma`nosini ifodalaydi, katta-katta, tez-tez takroriy shakl ma`noni kuchaytirish uchun xizmat qiladi.
Demak, so`zning u yoki bu shakli maxsus vosita va usullar yordamida yuzaga keladi. Ammo o`zbek tilida so`zlarning maxsus grammatik ko`rsatkichga ega bo`lmagan shakllari ham mavjud. Masalan:
institutlar – institut Ø (birlik son);
institutda – institut Ø (bosh kelishik);
ishlama – ishla Ø (bo`lishli fe`l shakli) kabi.
So`zning shakllari tizimida ko`rsatkichga ega bo`lmagan so`zning maxsus ko`rinishi nol ko`rsatkichli (Ø ko`rsatkichli) shakl deb yuritiladi. So`zning bunday ko`rinishi so`z shakllari tizimida belgilanadi.
So`zning grammatik shakllari tizimi paradigma (yunoncha paradeima – «namuna») deyiladi.
Paradigma o`z xususiyatiga ko`ra ikki turga bo`linadi: 1) xususiy paradigma, 2) to`liq paradigma.
Bir turkumga oid so`zning muayyan shakllari tizimi xususiy paradigmani yuzaga keltiradi. Masalan, otlardagi son paradigmasi (kitob-kitoblar), kelishik paradigmasi (kitob – kitobning – kitobni – kitobga – kitobda - kitobdan) va boshqalar xususiy paradigmalar hisoblanadi.
Bir turkumga xos xususiy paradigmalar yig`indisi to`liq paradigmani hosil qiladi. Masalan, otga xos to`liq paradigma: kitob-kitoblar-kitob-kitobning-kitobni-kitobga-kitobda-kitobdan-kitobim- kitobing-kitobi-kitobimiz-kitobingiz... Bunda son, kelishik va egalik paradigmalari to`liq paradigmani tashkil etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |