Bog`lama ega va ot kesim munosabatini ifodalashga xizmat qiladigan yordamchidir:
Hayotda go`zallik, quvvat va saodatning manbai soddalikdir. («Oz-oz o`rganib dono bo`lur»).
So`z tartibi. Gap tarkibidagi so`zlarda maxsus grammatik ko`rsatkichlar bo`lganda, ularning o`rnini almashtirish sintaktik holatni o`zgartirmaydi. Qiyoslaylik: daraxtlarning tagida... nozikkina maysalar ko`rinib qoladi. (O`.U.). – Nozikkina maysalar daraxtlarning tagida ko`rinib qoladi.
`So`zlarda maxsus grammatik ko`rsatkichlar bo`lmaganda, ularning o`rnini almashtirish sintaktik holatga ta`sir qiladi. Qiyoslang: yam-yashil dala (aniqlovchili birikma) – Dala yam-yashil (ega, kesimdan iborat yig`iq gap).
Pauza(to`xtam). Pauza ham sintaktik vosita sifatida ahamiyatga ega. Pauzaning o`zgarishi sintaktik holatning o`zgarishiga sabab bo`lishi mumkin. Masalan: Quloq solib o`tirgan boladan so`radi. Bunda boladan so`zidan so`ng pauza qilinsa, quloq solib o`tirgan sifatdoshi boladan so`ziga nisbatan sifatlovchi vazifasini bajaradi. Agar quloq solib o`tirgan sifatdoshidan keyin pauza bo`lsa, sifatdosh anglashgani holda ega vazifasini bajaradi.
Odatda, nutqda, gapda so`zlar ma`lum qonun-qoidalar asosida o`zaro ma`no va grammatik jihatdan bog`langan bo`ladi. Masalan, qiziqarli kitob, tog`ga chiqmoq, tez o`qimoq. Bunday juftlik bir butunlik hosil qilib, yaxlit, lekin o`z ichida qismlarga bo`linadigan bir butun tushunchani bildiradi. Ikki yoki undan ortiq mustaqil so`z va so`z shakllarning nopredikativ tobe aloqasi asosida birikishidan hosil bo`lgan bog`lanma so`z birikmasi deyiladi.
So`z birikmasi mustaqil so`zlarning bog`lanishidan hosil bo`ladi, yordamchi so`zlar (ko`makchilar) o`z oldidagi mustaqil so`z bilan birga birikmaning bir qismi, a`zosi sanaladi. Masalan, do`stlik haqida suhbatlashmoq, qarsaklar bilan olqishlamoq kabi.
So`z birikmasi tarkibidagi so`zlardan biri hokim, ikkinchi tobe bo`ladi. So`z birikmasi boshqaruv, bitishuv, muvofiqlashuv usullari bilan hosil bo`ladi.
So`z birikmasi, birinchidan, frazeologik iboralardan farq qiladi. Frazeologik iboralar so`z kabi til birligi bo`lib, so`z kabi tayyor holda qo`llanib, bir butun holda lug`aviy ma`no ifodalaydi va gapda bitta gap bo`lagi vazifasini bajaradi. So`z birikmasi tarkibidagi a`zolar boshqa-boshqa gap bo`lagi vazifasini bajaradi.
So`z birikmasini, ikkinchidan, gapdan farqlash lozim. So`z birikmasi tushuncha ifodalab, nominativ (nomlash, atash) vazifasini bajaradi, shuning uchun intonatsion tugallikka ega bo`lmaydi. Gap esa fikr bildirib, kommunikativ (aloqa qilish) va kognitiv (fikr almashish) vazifalarini bajaradi. So`z birikmasi kamida ikki mustaqil so`zdan tuzilsa, gap ba`zan bir so`zdan ham tashkil topishi mumkin.
So`z birikmasi, uchinchidan, o`zaro teng bog`langan so`zlardan ham farq qiladi. Masalan: Maqsad va marom insonning eng buyuk quvvatidir. (Oz-oz o`rganib dono bo`lur). Bunda maqsad va maarom so`zlari o`zaro teng bog`lanib, gapda uyushiq bo`lak hosil qilib, so`z birikmasi sanalmaydi.
So`z birikmasi, to`rtinchidan, fonetik taktdan (sintagmadan) farqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |