Bosh ma`no o`z navbatida leksema ma`no tuzilmasida tutgan o`rniga qarab ikki turga ajratiladi: a) to`ng`ich bosh ma`no leksema ma`no tuzilmasida birinchi o`rinda turgan ma`nodir. Yuqoridagi uzmoq- leksemasaining 1-ma`nosi shunga mos keladi; b) nisbiy bosh ma`no boshqa hosila ma`noning o`sib chiqishi uchun asos bo`lgan hosila ma`nodir. Yuqoridagi uzmoq- leksemasaining 7-ma`nosi shunga mos keladi, chunki mazkur ma`no 8-ma`noning o`sib chiqishi uchun manba hisoblanadi;
Bosh ma`no unga turlicha yondashuvlar asosida quyidagi nomlar bilan ataladi:
to`g`ri ma`no voqelikdagi narsa, belgi, miqdor, harakat tushunchalarini to`g`ridan- to`g`ri ifodalaydigan bosh ma`nodir.
nominativ ma`no voqelikdagi narsa, belgi, miqdor, harakat tushunchalariga nom bo`lib kelgan bosh ma`no.
erkin ma`no - bu yuzaga chiqishi muayyan matn, qurshov bilan cheklanmagan bosh
ma`no.
Hosila ma`no bosh ma`nodan hosil bo`lgan, undan o`sib chiqqan ma`nodir. Yuqorida
berilgan uzmoq leksemasining 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-ma`nolari 1-ma`noga nisbatan hosila ma`nolar hisoblanadi, 8-ma`no esa 7-ma`noga nisbatan hosila ma`no bo`lib hisoblanadi.
Hosila ma`no ham turlicha yondashuvlar asosida quyidagi nomlar bilan ataladi:
ko`chma ma`no to`g`ri ma`noga zid qo`yiladigan hosila ma`no bo`lib, narsa, shaxs, belgi, miqdor, harakat tushunchalariga ko`chgan hosila ma`nodir. Masalan, ko`chaning boshi birikmasi tarkibidagi bosh leksemasining ma`nosi odam boshi birikmasi tarkibidagi bosh leksemasining ma`nosidan o`xshashlik asosida ko`chgan ma`nodir.
figural (lot. majoz degani) ma`no nominativ ma`noga zid qo`yiladigan hosila ma`no bo`lib, borliqdagi narsa, shaxs, belgi, miqdor, harakatlarni majoziy tarzda ifodalagan hosila ma`nodir. Figural ma`noda obrazlilik kuchli bo`ladi. Masalan, bahor leksemaning umr bahori birikmasi tarkibida ifodalagan “umrning yashnagan davri” degan ma`nosi majoziy ma`nodir, chunki bu ma`no “hayotning kamolga yetgan, yashnagan davri” degan mavhum tushunchani “yil fasllaridan biri” degan aniq tushunchaga bog`lagan holda ifodalayapti. Figural ma`no ko`pincha mavhum tushunchalarni ifodalaydi.
bogli ma`no erkin ma`noga zid qo`yiladigan hosila ma`no bo`lib, uning voqelashuvi uchun muayyan matn, qurshov zarur boladi. Ayrim leksemalarning turg`un (frazeologik) iboralar tarkibidagina ifodalaydigan hosila ma`nolari bog`li mano hisoblanadi. Masalan, bel leksemasining bel olishmoq, bel bog`lamoq, beliga tepmoq, belini ko`tarmoq, belini sindirmoq, beli uzilmoq, belini bukmoq kabi iboralar tarkibidagina ifodalaydigan hosila ma`nolari bog`li ma`noga misol bo`la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |