Tuproqlarni har xil sanoat va maishiy chiqindilar bilan shiddatli tarzda ifloslanishi real tahdid solmoqda. Birgina Surxondaryo viloyatida sanoat va maishiy chiqindilarni tashlab atrof muhitni ifloslayotgan 115 ta korxona va tashkilotlar aniqlanib, ulardan bir yilda chiqayotgan sanoat va maishiy chiqindilarning miqdori 869,2 ming tonna bo’lib, shundan 401 ming tonnasi maxsus chiqindixonalarga joylashtirilgan xolos. 17 shahar va tuman axlatxonalari mavjud bo’lib, viloyatning 101,5 gektar maydonlarini band qilib yotibdi. Ularga 1995 yilda 187,6, 1996 yilda 445,5, 2005 yilga kelib esa 600 ming m3 hajmdagi turli xil axlatlar tashlangan. Ushbu axlatxonalar hech qanday loyihada ko’zda tutilmagan va ular hech qanday to’siq bilan o’ralmagan, ochiq joylarda sanitariya-gigiena qoidalariga mutlaqo xilof ravishda saqlanmoqda. Bu birinchidan, tuproqni ifloslasa, ikkinchidan, atrof muhitga turli kasalliklarni tarqatmoqda. Shuni ham ta’kidlash kerakki, viloyat yer resurslari holati ekologik talablarga to’la javob bermaydi. Uni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish yuzasidan amaliy tadbirlar ko’rish shu kunning dolzarb vazifasidir. XX asrning so’nggi choragiga kelib yerlarning cho’lga aylanishi o’zining eng so’nggi nuqtasiga yetayotgan bir paytda, odamlarning munosbati tufayli cho’lga aylanib borish jarayonining shitob bilan davom etayotganligi muammoni yanada kuchaytirmoqda. Ayni chog’da tabiiy muhitning yomonlashuvi bilan birga tuproqning nurashi, yer osti va yer usti suvlarining sathi pasayishi ushbu sohadagi ekologik muammolarni yanada o’tkirlashtirmoqda. O’tgan yillar davomida nurashga qarshi yetarlicha chora-tadbirlar ko’rilmaganligi sababli shamol va suv ta’siridan yemirilish tuproqning unumdorligiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Bu chora-tadbirlar juda past sur’atlarda va sifatsiz olib borilgan. Hatto 80 yillarga kelib amalda butunlay to’xtab qolgan. Buning oqibatida respublikada 2 million gektardan ortiq yer maydoni yoki barcha sug’oriladigan yerlarning qariyib yarmi buzilish xavfi ostida qolgan.
Tuproqlarimizning ifloslanishida radioaktiv ifloslanish katta xavf solmoqda. Moylisuv (Qirg’iziston) daryosining qirg’oqlarida 1944 yildan to 1964 yilgacha uran rudasini qayta ishlash chiqindilari ko’milgan. Hozirgi kunda qoldiqlar saqlanadigan 23 nuqta aniqlangan bo’lib, bu yerlarda selni to’sadigan to’g’onlarni mahkamlash hamda ko’chki xavfi bo’lgan joylardagi qiyaliklarni mustahkamligini ta’minlash zarur. Navoiy viloyatidagi qoldiqlar saqlanadigan joy ham ekologik jihatdan xavfli ifloslantirish o’chog’i hisoblanadi. Bu yerdagi radioaktiv qumni shamol uchirishi xavfi bo’lib, tuproq tarkibining buzilishiga sabab bo’luvchi quyidagi omillarni sanab o’tish maqsadga muvofiqdir:
Bir dalaga uzluksiz bir xil ekinlarning ekilishi (monokultura);
Turli xil og’ir texnikalarning tartibsiz kiritilishi;
Suvdan pala-partish foydalanish, (ko’plab suvlash, obi tobiga kelmasdan shudgorlash, yerni chanqatish yoki botqoqlantirish);
Ekin dalalaridan pala-partish yo’llar o’tkazish;
Ekin dalalari oralarida har xil daraxtlarni ekish;
Zahkashlarning yo’qligi yoki to’lib qolganligi oqibatida yer osti sho’r suvlarining ko’tarilib ketishi;
Ekin dalalarida shudgordan so’ng chorva mollarini boqilishi;
Kimyoviy mineral o’g’it va zaharli vositalardan tavsiyalardan ortiqcha foydalanish;
Sanoat, ishlab chiqarish va kimyoviy zavodlarni ekin dalalariga yaqin qurilishi;
10. Ekinzorlarni sanoat chiqindilari bilan ifloslangan suvlar bilan sug’orilishi;
11. Turli xil chiqindilarni to’g’ri duch kelgan joylarga tashlash va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |