MAVZU:“LISON UT-TAYR” FALSAFIY-MAJOZIY DOSTON KIRISH. ASOSIY QISM 1.“Lison ut-tayr” dostoni va Navoiyning tasavvufiy qarashlari
2.Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi hikoyatlarda insondagi ayrim illatlar xususida
3. “Lison ut-tayr” da obrazlar talqini
XULOSA FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI
K I R I SH. O`zbek mumtoz adabiyotining XV asrgacha bo`lgan tarixiy taraqqiyotiga yakun yasab, uni yanada yuqori pog`onaga ko`targan genial shoir, mutafakkir Alisher Navoiy o`z ijodiy faoliyati bilan jahon adabiyotining eng yirik namoyandalari safidan faxrli o`rin egallaydi. Asarlarida hamma davrlar uchun beistisno ulkan ahamiyatga molik yuksak gumanistik g`oyalarni katta san`atkorlik bilan tarannum etgan shoir o`z davri ijtimoiy tafakkuri darajasidan yuqori ko`tarilib, ona tilidagi adabiyotni jahon miqyosiga olib chiqdi. U to`rt devondan iborat «Xazoyin ul-maoniy» lirik qulliyoti, besh buyuk dostonni o`z ichiga olgan «Xamsa»si, «Lison ut-tayr», «Mahbub ul-qulub» va boshqa asarlari bilan faqat o`zbek adabiyoti tarixida emas, shu bilan birga, sharq xalqlari adabiyoti tarixida ham yangi sahifalar ochdi. Bu asarlar butun taraqqiyparvar insoniyat ma`naviy-estetik boyligining oltin fondiga aylandi. Ma`lumki, Navoiyning epik she`riyati shoir ijodiyotida alohida o`rin egallab, uning mashhur «Xamsa» si va «Lison ut-tayr» dostoni jahon adabiyotida badiiy kashfiyotning porloq namunalaridan biri hisoblanadi. Navoiy dostonlarining yaratilishi adabiyotimiz tarixida butun bir davrni- o`zbek klassik epik poeziyasining kamolot davrini tashkil etadi. Chunki mazkur asarlarning maydonga kelishi tasodifiy bir hol bo`lmay, balki qadimiy tarixga ega bo`lgan o`zbek dostonchiligi taraqqiyotining qonuniy hodisasi sifatida o`zida o`zbek epik poetikasining hamma muvaffaqiyatlarini mujassamlashtiradi. Navoiyshunoslikda ushbu dostonlarni tekstologik, qiyosiy va nazariy aspektlarda o`rganish sohasida katta ishlar amalga oshirildi. Ammo Navoiy badiiy va ilmiy merosi bilan bog`liq bir qator aktual masalalar hanuzgacha jiddiy o`rganilmagani singari, shoir «Xamsa» si va umuman epik she`riyatining ham mukammal ilmiy manzarasi yaratilgan deb bo`lmaydi. Jumladan, Sharq adabiyotida xamsanavislikning kelib chiqishi va taraqqiyot yo`llari; Navoiy «Xamsa»sining unda tutgan mavqei, uning o`ziga xos xususiyatlari keyingi davrlar o`zbek va boshqa xalqlar adadbiyotiga ta`siri; shoir epik she`riyatida traditsiya va novatorlik masalalari; Navoiy dostonlari poetikasi kabi murakkab problemalarni tadqiq etish borasida endigina ilk qadamlar qo`yilmoqda. Shuningdek, shoirning oltinchi – «Lison ut-tayr» dostoni ayrim maqola va ilmiy-tanqidiy tekst xarakteridagi ishlarni hisobga olmaganida, shu vaqtga qadar etarli darajada maxsus o`rganilmay kelinayotganini ham esga oladigan bo`lsak, unda Navoiy epik she`riyatini o`rganish sohasida hali ko`p ishlarni amalga oshirish lozim ekanligi aniq bo`ladi. Navoiy ijodiyoti va o`zbek klassik adabiyoti tarixida ham mazmun, ham shakl jihatidan o`ziga xos alohida o`rin tutuvchi mazkur asar haqidagi dastlabki ilmiy tadqiqot mashhur sharqshunos olim e.E.Bertel`s tomonidan 1927 yilda yozilgan «Navoiy va Attor» maqolasi hisoblanadi. bunga qadar G`arbiy evropa va rus sharqshunosligida Alisher Navoiy «tarjimon» va «taqlidchi» shoir qabilida noto`g`ri ta`riflanib, uning ijodiga, xususan «Xamsa va «Lison ut-tayr» dostonlariga fors-tojik shoirlarining shu tipdagi asarlari tarjimasi sifatida qaralar edi. Mazkur maqola muallifi sharqshunoslikda keng tarqalgan ushbu kontseptsiyaning qay darajada haqiqatga muvofiq kelishini tekshirib ko`rish uchun Navoiyning «Lisonut-tayr» asari bilan unga namuna bo`lib xizmat qilganFarididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» dostonini muqoyasa qilishni o`z oldiga maqsad qilib qo`yadi.