2.Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi hikoyatlarda insondagi ayrim illatlar xususida
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni ulug` mutafakkir shoirning butun ijodiy faoliyati davomida ilgari surilgan ilg`or falsafiy qarashlarni umumlashtirib,
ularga yakun yasaydigan asar sifatida muallif ijodida o`ziga xos o`rin egallaydi. Asarda faqat tasavvufiy-falsafiy g`oyalar emas, balki axloqiy- ta’limiy yo`nalishdagi turli fikrlar ham keltiriladi.“Lison ut-tayr” dostonidagi hikoyatlar insonning ma’naviy kamolotga yetishishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
“Navoiy hikoyalari mavzui,g`oyaviy mazmuni, obrazlari va badiiy uslubi jihatdan xilma- xildir.Ularning ko`pchiligi odob-axloq, ilm-ma’rifat, insof-adolat, sevgi va sadoqat, mehnat va mehmondo`stlik kabi masalalarga bag`ishlangan dunyoviy hikoyatlardir (Bunday hikoyalar “Nasoyim ul-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo” kabi asarlar sirasidan ham sezilarli o`rin olgan).”1
Asarda 65 ta hikoyat mavjud bo`lib, ular hikoya ichida hikoya shaklida qushlar tilidan bayon etiladi.Adabiyotshunos Sh.Sharipov o`zining “Lison ut-tayr haqiqati”
kitobida doston tarkibiga kirgan hikoyatlarni mavzu jihatdan quyidagi guruhlarga ajratadi :
“ 1. Ijtimoiy-siyosiy va falsafiy mazmundagi hikoyatlar.
2. Din va tasavvuf vakillari, ularning ba’zi muhim qarashlariga oid hikoyatlar.
3.Axloqiy- ta’limiy hikoyatlar.
4. Ishq-muhabbat mavzuidagi hikoyatlar.”2
Biz odob-axloq masalalariga bag`ishlangan hikoyatlarga asosiy e’tiborimizni
qaratdik.Dostonda keltirilgan hikoyatlarning katta qismini axloqiy-ta’limiy ruhdagi hikoyatlar tashkil etadi.Navoiy kishilarda mavjud bo`lgan turli salbiy xususiyatlarni, ya’ni uquvsizlik, xasislik, ilmsizlik, dangasalik va mol-dunyoga mehr berish qanday oqibatlarga olib kelishini turli hikoyatlar orqali aytib o`tadi.Masalan, asarda uquvsiz bog`bon, tanbal kishi, soxta gavharfurush, Muqbil va Mudbir,mechkay polvon, bir umr xazina izlagan telba kishi, hind savdogari, xomxayol qalandar kabi 20 ga yaqin hikoyatlarda insonlarga xos bo`lgan turli illatlar ko`rsatib o`tiladi :
“Bog`bone bor edi bas behunar,
Bog`bonlik san’atidin bexabar.
Ne shajar payvand qilmoq shevasi,
Kim halovat hosil etkay mevasi.”3
Uquvsiz bog`bon haqidagi hikoyat asarning XLIV bobida Hudhud tomonidan Qumriga aytiladi.Bog`bon bog`bonlik san’atidan bexabar bo`lib, u na daraxt payvand qilib, undan huzur-halovat beruvchi meva olishni, na ularni parvarish qilishni bilardi.Oxiri uni ilon chaqib o`ldiradi.Navoiy bu bilan har kim o`ziga mos
ilm, odob- axloqqa ega bo`lishi kerakligini aytmoqchi bo`ladi.
Dostonning XLVII bobida bir tanbal kishi haqidagi hikoyat keltirilgan.
Xalq ichinda bor edi beg`ayrate,
Elga beg`ayratlig`idin hayrate. (63-bet)
Bu hikoyatda insonga xos eng yomon illatlardan biri bo`lgan ishyoqmaslik, tanballikning oqibati qanday bo`lishini ko`rsatib o`tiladi.Insonlarning beradigan yeguligi evaziga musht yeb, oxir joyida turolmay qoladi.Boshqa bir hikoyat oson xazina topishga urinish va uning oqibati haqida:
Bor edi bir mulk aro devonae,
Kecha- kunduz maskani vayronae.
Ganj umidi birla umrin o`tkozib,
Har dam ul vayrona bir yonin qozib.(76-bet)
Navoiy inson axloqidagi eng yomon illatlardan biri bu - bir umr boylik to`plash uchun yashashi deya aytadi va bu hikoyatda bir umr xazina qazib topishga umid qilgan devona kishi keltirib o`tiladi.Oxiri maqsadiga erishib, hatto Qorun xazinasiga teng qirq xumni topadi, telba buni ko`rib hushidan ketadi.Bir kishi kelib uni o`ldirib, boylikka ega bo`lib oladi.Shuni aytish mumkinki, inson faqatgina xazinaga yetishni maqsad qilib olsa, u o`ziga berilgan hayotidan ham ajralib qolishi mumkin.Shunday ekan, inson mol-dunyoga hirs qo`ymasligi kerak.
Navoiy Muqbil bilan Mudbir haqidagi hikoyatda ikki xil qiyofadagi insonni, ya`ni Muqbil odob-axloqqa ega,kamtar,bilimli,dono kishi; Mudbir esa xudbin hamda ilmsiz insonlarning umumiy obrazi sifatida keltirib o`tadi.
Muqbil aytur erdi ahlillohdin,
Dinda xayli komilu ogohdin.
Ahli nuqsondin edi Mudbirg`a so`z,
O`ylakim but vasfidin kofirg`a so`z.(67-bet)
“Lison ut-tayr” dostonining XXXV bobida Hudhud tomonidan To`tiga yashil chakmon tashlab olgan bir g`ofil kishi haqida hikoyat beriladi:
Gah karomotin qilib el ichra naql,
Gah etib zohir tariqi sharu aql.
Aylabon bu nav yuz afsunu dam,
Olg`uchi yo luqmae, yo bir diram.(55-bet)
Bunda buzuq nafsi va yolg`onchiligi insonni qanaqa ahvolga solishi aytib o`tiladi.
“Nafsni yengish- yomon xulqlardan qutilish degan gap.Odam takabburlik,zo`ravonlik yo`lini tutmay, yaxshilik sari intilsa, unda ulug`lik va
donishmandlikdan boshqa narsa topolmaysiz.U o`zidagi johiliyatlardan voz kechsa, habibulloh, ya’ni ollohning do`sti- Muhammad payg`ambar kabi boru-yo`qdan ogoh bo`ladi.”4
Xullas, Navoiy dostonda Hudhud tilidan keltirilgan hikoyatlarning ko`pchiligi inson odob-axloqi,uning ma`naviy kamolotga yetishi uchun muhim hisoblanib, har bir kishini turli yomon illatlardan uzoqroq yurishga va faqat ezgu amallar qilishga undaydi!
Do'stlaringiz bilan baham: |