2-asosiy savol bayoni: BUXORO VILOYaTI. Viloyat 1938 yil 15 yanvarda tashkil topgan. Uning tarkibiga hozirgi kunda 11 qishloq tumanlari — Buxoro, Vobkent, Jondor, Kogon, Olot, Peshku, Romitan, Shofirkon, Qorovulbozor, Qorako’l va G’ijduvon tumanlari kiradi. Maydoni 40,3 ming km'2 yoki iqtisodiy rayon hududining 24,0, respublika maydonining 9,0 foiziga teng. Aholisi, 2001 yilning ma’lumotlariga qaraganda, 1438 ming kishi. Ma’muriy markazi—Buxoro shaxri.
Buxoro viloyati mintaqa va milliy iqtisodiyotda asosan qorako’lchilik, neftni qayta ishlash, to’qimachilik sanoat tarmoqlari bilan ajralib turadi. Shu bilan birga bu erda oziq-ovqat sanoati, paxta etishtirish, halqaro turizm ham rivojlanib bormoqda.
Geografik o’rni va tabiiy resurslari. Buxoro viloyati O’zbekiston Respublikasining g’arbiy qismida joylashgan, uning qo’shni Turkmaniston davlati bilan chegarasi qisman Amudaryo bo’ylab o’tadi. Viloyat shimolda, qisqa masofada Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston Respublikasi bilan, shimol va shimoli-sharqda keng mikyosda Navoiy va janubda Samaqand viloyatlari bilan chegaradosh.
Er usti tuzilishining taxminan yarmidan ko’prog’i tekislik— Qizilqum cho’llaridan iborat. Balandlik va tog’liklar asosan viloyatning shimoli-sharqi va sharqida joylashgan. Eng baland nuqtasi dengiz sathidan 800 metrga yaqin bo’lib, u Quljuq tog’ining viloyat hududidagi qismiga to’g’ri keladi.
Viloyatning er maydoni katta, biroq suv resurslarining etishmasligi sababli ushbu omilning mintaqa iqtisodiyotini rivojlanishidagi roli biroz cheklangan.
Yaqin o’tmishda bu erda sobiq Ittifoqda dong’i ketgan Gazli tabiiy gaz koni mavjud edi. Hozirgi vaqtda ham Buxoro viloyatida mazkur yoqilg’i turining zaxiralari bor (Jarqoq, Uchqir, Dengizko’l va boshqa konlar). Gazli, O’rtabuloq va Jarqoq konlaridan qisman neft qazib olinadi.
Yoqilg’i resurslaridan tashqari viloyat hududida qurilish materiallari xom ashyosi mul. Jumladan, Kogon va Qorovulbozor atrofida oxaktosh va gips, Taskozkonda grafit, Jonkeldida mineral buyoq konlari mavjud. Shuningdek, janubda g’isht va kulolchilik uchun tegishli xom ashyo, G’ijduvon tumanining chekka shimoli-sharqida rangdor metallar koni (Zafarobod) joylashgan. Umuman, viloyatda aniqlangan qazilma boyliklar ko’proq yoqilg’i va qurilish sanoatini rivojlantirishda ahamiyatlidir.
Iqlimi kontinental va cho’l iqtisodiy rayoniga xos. Yanvar oyining o’rtacha xarorati -2 daraja, iyul oyida issiqlik ba’zan 40 darajadan ham oshib ketadi. Yog’in-sochin miqdori juda kam. Gazlidan shimolrokda u 100 mm ga ham etmaydi, Buxoro voxasida yiliga taxminan 150—200 mm atrofida yog’in-sochin yog’adi.
Ko’rinib turibdiki, Buxoro viloyatining iqlimi asosan yaylov chorvachiligiga qulayrok, sug’orma dexqonchilik uchun esa bu erda sharoit uncha yaxshi emas. Zarafshon daryosi viloyat hududining sharqiy chekkasiga etib keladi, holos, sug’orish uchun esa suv ko’proq Amudaryodan olinadi. Aynan shu maqsadda Amu-Qorako’l, Amu-Buxoro, Yomonjar kanallari qurilgan. Qo’shni Navoiy viloyatida joylashgan Kuyumozor suv omborlaridan shu nomli kanal boshlanadi va u Buxoro, Kogon, Jondor tumanlarining bir qismini sug’oradi. Bulardan tashqari Zarafshon, Xayrobod, Shofirkon kabi kanallar, Sho’rko’l so’m omborlari ham mavjud.
Viloyatda juda ko’p kollektorlar (zovurlar) hamda oqova ko’llar (qora ko’llar) joylashgan. Ularga misol qilib Shimoliy, Oritma, Parsonko’l zovurlari, Dengizko’l, Solennoe, Oyoqoritma, Sho’rxok, Qoraqir qo’llarini keltirish mumkin.
1993 yidda qurilgan Damxo’ja—Buxoro suv quvuri viloyat markazini ichimlik suvi bilan ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo’ldi. Biroq, shunga karamasdan, bu erda suv muammosi keskin. Yuzaga kelgan holat nafaqat qishloq xo’jaligiga, balki aholining salomatligiga ham katta ta’sir ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |