4. Fanining o’quv rejadagi boshqa fanlar bilan o’zaro bog’liqligi, uslubiy jihatdan uzviyligi va ketma-ketligi-mazkur fan 5110500-Geografiya o’qitish metodikasi yo’nalishida 7-semestrda o’qitiladi va quyidagi fanlar bilan bog’liq, jahon mamlakatlari iqtisodiy va ijtimoiy geogafiyasi, markaziy osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi, iqtisodiyot nazariyasi, umumiy er bilimi, tabiiy geografiya, tuproqshunoslik asoslari, topografiya va kartografiya asoslari va boshqalar.
5. Fanning ta’limdagi o’rni-“Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya” o’quv fani asosiy umumkasbiy fanlaridan biri hisoblanadi. Chunki, geografiya o’qitish metodikasi yo’nalishida jahon mamlakatlari xo’jaligining rivojlanishi to’g’risida ma’lumotlar beriladi. Maktab, akademik litsey va kasb hunar kollejlarida o’quvchilarga ijtimoiy-iqtisodiy geografiya fanlaridan bilimlar berishda asos bo’ladi.
MA’RUZALAR MAVZULARI:
1-mavzu: O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi fanining ob’ekti, predmeti, vazifalari va metodlari
Ko’rib chiqiladigan asosiy savollar:
1. O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi fanini o’rganish ob’ekti va predmeti.
2.O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasining boshqa fanlar bilan aloqasi va ilmiy tadqiqot metodlari.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya, O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi, umumgeografik qonuniyatlar, ishlab chiqarish kuchlari, fanning predmeti va ob’ekti, tamoyillari, tadqiqot usullari.
1-asosiy savol bayoni: O’zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishuvi munosabati bilan uning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida katta ijobiy o’zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu o’zgarishlar bilan birga barcha fanlar, shu jumladan iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fani oldidagi vazifalar ham har tomonlama kengaymoqda va chuqurlashmoqda.
Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fani ishlab chiqarish kuchlarini turli mamlakat yoki rayonlarda rivojlanish va joylanish xususiyatlari hamda inson hayot faoliyati va yashash tarzini hududiy ijtimoiy–iqtisodiy tizimlar doirasida o’rganadi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kursini o’qitish Respublikamizda bozor iqtisodiyoti munosabatlari rivojlantirilayotgan hozirgi davrda vatanimiz tabiiy boyliklari, aholisi va xo’jaligini hududiy tashkil etishga doir geografik qonuniyatlar va xususiyatlarni keng ko’lamda tadqiq qilib bu sohadagi malakali mutaxassislarni tayyorlashga yordam beradi.
Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanlari tizimida O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kursi muhim o’rin tetadi. Ayniqsa uning ahamiyati Respublikamizning siyosiy mustaqillikni qo’lga kiritishi bilan yanada ortdi. Chunki u jonajon vatanimiz-O’zbekiston Respublikasiga bag’ishlangan bo’lib, uni o’qish bilan talabalar mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayoti bilan bog’liq barcha jabhalar bilan tanishadilar. Chunonchi, Respublikamizning mikro, mezo va makro iqtisodiy geografik o’rni, uning mamlakat iqtisodiy rivojlanishi bilan bog’liqligi, O’zbekistonning er usti tuzilishi, iqlimi, mineral boyliklari va ularning tarqalishi, xo’jalikdagi ahamiyati, ulardan iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda foydalanish hamda O’zbekiston Respublikasi milliy iqtisodiyotining shakllanish xususiyatlari va tarmoqlari tarkibi bilan tanishadilar. Shuningdek, O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi kursini o’qitish talabalarda bilimga intilish, millatparvarlik, do’stlik, sadoqat, vatanparvarlik tuyg’ularini shakllantirish va rivojlantiririshga yordam beradi. Binobarin, millatimizga, umuminsoniy madaniyat va qadriyatlarimizga e’tiqodi yuksak, o’z kasbi bo’yicha yuqori salohiyatga ega bo’lgan ijodkor geograf kadrlarni etishtirishga ko’maklashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |