2.3. “Sotsial-liberal davr”.
Villi Brandt (haqiqiy ismi - Gerbert Fran), ko‘p yildan beri G‘arbiy Germaniya va Yevropa sotsial-demokratiyasi yetakchisi, o‘tmishda natsistlar hukmronligi davrida Germaniyadan muhojir bo‘lgan jurnalist va urushdan keyin G‘arbiy Berlin burgominstri nemsilar uchun siyosatda “yangi shamol”ni o‘zida mujassam etgan edi. Brandt jamiyatning muammolari to‘g‘risida ochiqchasiga gapira boshlagan, siyosatga oshkoralik va oydinlik ruhini olib kirgan GFRning birinchi davlat rahbarlaridan biri edi. O‘zidan oldingi rahbarlarga xos konservatizm unga begona edi va ijtimoiy islohotlarni ijtimoiy taraqqiyot dinamikasini ta’minlashning eng samarali usuli deb hisoblardi.
Brandt hukumronlik davrida saylovda 18 yoshdan katta yoshlarga qatnashish huquqi beruvchi saylov islohoti o‘tkazildi, oliy ta’lim tizimini isloh qilish boshlandi. 1971-yilda stipendiya bilan ta’minlash va bepul ta’lim olish, ilmiy darajalarni himoya qilishga ko‘maklashish to‘g‘risida federal qonunlar qabul qilindi. 1972-yilda qabul qilingan “Davlat xizmatida antikonstitutsion kuchlarga munosabat to‘g‘risidagi Nizomga” muvofiq ekstremistik (o‘ng yoki so‘l) kayfiyatda bo‘lgan shaxslarga ta’lim muassasalarida ishlash, hamda boshqa ijtimoiy lavozimni egallash ta’qiqlandi. Brandt ma’muriyati ijtimoiy budjet dasturlarini ancha kengaytirdi. 1970-yilda bolalarga ijtimoiy to‘lovlar, kam ta’minlangan oilalarga uy-joy uchun dotatsiyalar hajmini oshirish to‘g‘risidagi qonunlar, 1971-yilda talablar va o‘qituvchilarni majburiy sug‘urta qilish amaliyotini kengaytiruvchi “Ijtimoiy sug‘urta tizimi to‘g‘risidagi qonun”, 1972- yilda “Nafaqani isloh qilish to‘g‘risidagi qonun” qabul qilindiki, bu qonunga ko‘ra nafaqaga chiqishning yoshi belgilanishining egiluvchan tizimi joriy etildi.
Sotsial mamlakat ekspansiyasi hukumatning iqtisodiy siyosatidagi ustivor yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqishni talab etardi. Sotsial-demokratlar rejalashtirishni rivojlantira borib, iqtisodiy jarayonlarni ko‘rsatkichli tartibga solishni kuchaytira bordilar. Soliqlar ham oshirildi. Agar 1960-yilda soliq va ijtimoiy chegirmalar oylik maoshning o‘rtacha 15,9%ini tashkil etgan bo‘lsa, 1973-yilda bu ko‘rsatkich 26,1% ga teng bo‘ldi. Ishbilarmonlarga soliq tazyiqi yanada kuchaydi. Shunga qaramasdan hukumat barqaror budjet tanqisligi bilan hisoblashishga majbur bo‘ldi. Ijtimoiy xarakterdagi o‘sib borayotgan to‘lovlar tufayli faqatgina 1970-1975 yillar davomida ijtimoiy mahsulotlardagi davlat xarajatlari foizi 29 dan 51%ga ko‘tarildi. Shu bilan birga bu o‘sishning eng katta qismi ijtimoiy sug‘urtaning turli shakllarini rivojlantirishga, ya’ni noishlab chiqarish sohaga sarflandi. Iqtisodiy konyuktura yomonlashib borayotgan bir davrda bu xavfli edi. 70-yillarning boshlarida GFRda ishsizlik o‘sdi, ilk bor inflyatsiya sezilarli darajada ko‘tarildi, kapitalning nihoyatda to‘planib qolishi (eng avvalo daromad normasining pasayishi) belgilari paydo bo‘ldi. 1973-yildagi “net inqirozi” G‘arbning boshqa mamlakatlariga nisbatan GFRga kamroq zarar keltirgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarish hajmining keskin pasayishiga turtki bo‘ldi. YAIMning o‘sishi bir yil ichida 1%ga pasaydi. Ayon bo‘ldiki, bunday vaziyatda hukumat o‘z iqtisodiy strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi kerak edi. Tanqid ostiga qolgan iqtisodiyot vaziri K.Shiller 1979-yilning oxiridayoq iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi.
Muxolifot tomonidan amalga oshirilgan qat’iy qarama-qarshilik Brandtni ham tashqi siyosat sohasida qat’iy qadamlar tashlashga majbur etdi. “Islohotchi kansler” fikricha, Germaniyaning dunyoni boshqa mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlari uslubini tubdan yangilash payti kelgan edi. Brandt “Yevropa xalqlarining nemislar oldida tarixiy qo‘rquviga” barham beruvchi insonparvarlik madaniy aloqalarni faollashtirishga katta e’tibor berdi. G‘arbiy Germaniya diplomatiyasi Fransiya va Benilyuke mamlakatlarining Yevropa integratsiyasining yangi bosqichini boshlash, jumladan Yevropa hamjamiyatlari tarkibini kengaytirish, iqtisodiy va valyuta ittifoqi (“Verner rejasi”) loyihasini tayyorlash bo‘yicha tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatladi. Ammo Brandtni tashqi siyosatning asosiy vazifasi Yevropa Sharqida “ko‘priklar barpo etish”dan iborat bo‘lib qoldi.
Brandt hukumati SSSR, Polsha va Chexoslovakiya bilan keng muzokoralar olib bordi. Bu muzokoralar “Sharqiy shartnomalar” (2 -avgust 1970-yildagi Moskva shartnomasi, 1970-yil 7-dekabridagi Varshava shartnomasi, 11-dekabr 1973-yildagi Praga shartnomasi)ning imzolanishi bilan yakunlandi. Bu shartnomalar ishtirokchilari urushdan keyingi chegaralarning daxlsizligini (jumladan, Oder-Neyse bo‘yicha chegaralarning ham) e’tirof etishar hududiy da’vogarlikdan va xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishdan voz kechishlarini tasdiqlashdi.
1971-yil noyabrda G‘arbiy Berlin bo‘yicha, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya va SSSR o‘rtasida to‘rt tomonlama kelishuv imzolandi. U 1972-yildan kuchga kirdi va G‘arbiy Berlin masalasini hal qilishda kuch ishlatishdan voz kechishni ko‘zda tutar va urushdan keyin tuzilgan shartnomalar asosida belgilangan huquq va majburiyatlarni tasdiqlardi. Kelishuvda tasdiqlanishicha, G‘arbiy Berlin GFR hududining bir qismi hisoblanmas edi, fuqarolarning Tranzit bo‘yicha harakatlanishi, transport, telefon va telegraf aloqalari va hokazo masalalar bo‘yicha GDR, G‘arbiy Berlin va GFRning mutasaddi organlari o‘rtasida uch tomonlama munosabatlar mexanizmi belgilangan edi. Ammo G‘arbiy Berlinda GFR tomonidan tuzilgan xalqaro kelishuvlar va shartnomalar amal qilar edi. GFR G‘arbiy Berlin shahri xavfsizligi va mavqeiga bog‘liq bo‘lmagan masalalar bo‘yicha G‘arbiy Berlin fuqarolari manfaatlarini himoya qiluvchi vakolat huquqiga ega bo‘ldi. Boshqa hollarda G‘arbiy Berlin nomidan xalqaro miqyosda AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya ish yuritishi mumkin edi.
G‘arbiy Berlin mavqei bo‘yicha murosali kelishuvning imzolanishi GDR va GFR o‘rtasidagi munosabatlar asoslari bo‘yicha Shartnoma imzolashga turtki bo‘ldi (1972-yil 21-dekabrda) GDR Bonn hukumati tomonidan suveren mustaqil davlat deb tan olindi9. Ikkala tomon yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, suverenitet, chegaralar daxlsizligi va diskriminatsiya (kamsitish)ga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga ko‘ra amal qilmoqchi ekanliklarini ta’kidlashdi. Shartnomada ko‘rsatilishicha hech bir nemis davlati ikkinchisi nomidan xalqaro sohada ish yurita olmaydi. Diplomatik vakolatlar bilan almashindi. Tezda GDR va GFRning BMTga a’zo bo‘lishilari bo‘lib o‘tdi.
Brandtning tashqi siyosati muxolifotning jon-jahdi bilan hukumatni iste’foga chiqish uchun harakat qilishiga sabab bo‘ldi. Birinchi xujum 1972-yil 27-aprelda bo‘lib o‘tdi, unda XDIG‘XSI deputatlari Bundestagga Brandtga rasmiy ishonchsizlik bildirishdi va kansler lavozimiga xristian demokratlarning yangi rahbari Rayner Barselni taklif etishdi. Ammo muxolifot g‘alaba qozonishi uchun ikkita ovoz yetmas edi. Bir kundan keyin budjet loyihasini ovozga qo‘yish jarayonida ovozlar tengligi (247:247) kuzatildi. Bunday vaziyatda Brandt o‘zining parlamentni tarqatib yuborish huquqidan foydalandi. Yangi saylovlar 1973 -yil-19 noyabrda ro‘y berdi va hukmron koalitsiyaning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. GSDPni saylovchilarning 45,8%i qo‘llab-quvvatladi va bu ularga 230 ta mandat taqdim etdi. 8,4% ovoz va 41 mandatga ega bo‘lgan erkin demokratlar o‘z mavqelarini ancha mustahkamlab oldilar. XDI 35,2% ovoz va 177 mandat, XSI esa 3,7% ovoz va 48 mandatga ega bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |