I BOB. GERMANIYA IKKINCHI JAHON URUSHIDAN KEYIN.
IKKI NEMIS DAVLATINING VUJUDGA KELISHI.
1.1. Germaniya masalasining urushdan keyin hal qilinishi.
Germaniya taqdiri masalasi Gitlerga qarshi koalitsiya davlatlari rahbarlari tomonidan urushdan keyin tartib o‘rnatish muhokamasida eng asosiy masalalardan biri edi. Bu muzokoralarning asosiy maqsadi urush sababchilarini haqqoniy jazolash va dunyo hamjamiyatini Germaniya tomonidan navbatdagi tajovuzdan xolos etish g‘oyalaridan iborat edi.1 1941- yil dekabrida Moskvada bo‘lib o‘tgan Sovet-Angliya muzokoralaridayoq ikkala tomon tomonidan reyx hududining bir qismini taqsimlash, ya’ni Avstriya mustaqilligini tiklash, Sharqiy Prussiyani Polshaga, Sudet viloyatini esa Chexoslovakiyaga qaytarib berish hamda Reyn viloyati va Bovariyada mustaqil davlatlar barpo etish masalasi muhokama qilingan edi. AQSH ma’muriyatida Germaniyani parchalash g‘oyasi ham tarafdorlarga ham qarshilarga ega edi. 1949-yilning oktabrida Moskva konferensiyasida AQSH “Germaniya taslim bo‘lishining asosiy tamoyillari” nomli hujjatni taqdim etdi. Unda gap “reyxga Prussiya ta’sirini susaytirish” maqsadida Germaniyada markazlashishga barham berish haqida borardi.
1943-yilning noyabrida Tehron konferensiyasida AQSH va Angliya delegatsiyasi Germaniya masalasini shafqatsizroq usulda hal qilinishini yoqlashdi. Germaniyani beshta muxtor davlatlarga bo‘lish yoki Janubiy Germaniya yerlarini (Yer Germaniyada ma’muriy-hududiy bo‘linish birligi-U.M.) Avstriya va Vengriya bilan birgalikda Dunay federatsiyasiga qo‘shish taklif qilingan edi. Bu masalada Stalinning fikri boshqacha edi. U Germaniyani parchalash nemis millatchiligi va revanshizmi (qasoskorligi)ning yana jo‘sh urishiga olib keladi, ammo koalitsiyaning hamkorligi Germaniyada militarizmi va natsizmni yo‘q qilish yordam beradi deb hisoblar edi. 1944-yil 15-yanvarda Britaniya hukumati tomonidan Germaniyani okkupatsiya (bosib olinishi) mintaqalariga bo‘lish rejasi taklif qilindi. Unda, ilk bor keyinchalik, GFR va GDR chegarasiga aylangan chiziq aniq ko‘rsatilgan edi. 1944-yil oktabridagi Kvebek (Kanada) konferensiyasida Cherchill AQSH moliya vaziri Genri Morgentau tomonidan ishlab chiqilgan Germaniyaga nisbatan urushdan keyingi siyosatni ma’qulladi. Bu loyihada Germaniyani hududiy bo‘lish, uning sanoat salohiyatini qisqartirish va qattiq xalqaro nazorat ostida agrar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan edi. Faqatgina urush tugashi arafasida AQSH va Buyuk Britaniyaning Germaniyaga nisbatan siyosati biroz yumshadi. 1945-yildagi Yalta konferensiyasida Germaniyani hududiy jihatdan bo‘lish masalasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘yilmadi. Faqatgina okkupatsiya mintaqalari loyihasi tasdiqlandi. Unda AQSH va ingliz okkupatsiya mintaqalaridan Fransiya okkupatsiya mintaqasi ajratib olindi. Yalta kommyunikesida birinchi marta Germaniyani urushdan keyingi boshqaruvining umumiy shakli, ya’ni “mamlakatning demilitarizatsiya (harbiysizlantirilishi)si va demokratlashtirilishi” xalqqa ma’lum qilindi. Bu vazifalarni bajarish Germaniya siyosiy tizimni milliysizlantirish va nemislarga Germaniya harbiy-sanoat salohiyatini yo‘q qilishga qaratilgan mamlakat iqtisodiyotini monopoliyasizlantirish va davlat tizimini shakllantirish huquqini berishni talab etardi. Sovet delegatsiyasi tomonidan qo‘yilgan Germaniyadan reparatsiya (tovon) undirish masalasi (muhimligini barcha delegatlar tan olishiga qaramasdan) hal etilmadi.
Germaniya masalasi 1945- yil 17- iyulidan 2 avgustigacha Potsdamda bo‘lib o‘tgan konferensiyada uzil-kesil hal etildi. Konferensiya Germaniya mag‘lubiyati to‘g‘risidagi Dekloratsiya va Yaltada ishlab chiqilgan Germaniya nisbatan siyosat tamoyillari ko‘rsatilgan kommyunike-ni tasdiqladi. Germaniya, jumladan, Berlin hududi 4 ta okkupatsiya mintaqalariga ajratildi. Bunda sovet okkupatsiya zonasi Germaniya hududining 40%ini, aholisining 30%i, ishlab chiqarish salohiyatining 33%ini o‘z ichiga olardi. Tartibga solish uchun beshta davlat (SSSR, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy) tashqi ishlar vazirlari Kengashi, Bosh qo‘mondonlar nazorat Kengashi hamda Berlinda qo‘shma komendaturalar tashkil qilindi. Germaniyaning iqtisodiy birligini va nemis xalqining yagona demokratik davlat tuzish huquqini saqlab qolish tamoyili qat’iy belgilandi. Ammo shu narsaga e’tibor berish kerakki, Potsdam kelishuvi matniga “G‘arbiy mintaqalar” degan tushuncha allaqachon kiritilgan edi.
Potsdam konferensiyasi Germaniyaning yangi chegaralarini belgiladi: Sharqiy Prussiya SSSRga berildi, Odergacha bo‘lgan hudud va G‘arbiy Neyse-Polshaga, Sudet viloyati Chexoslovakiyaga qaytarildi, Avstriya mustaqilligi tiklandi. Polsha, Chexoslovakiya va Vengriyada yashovchi nemislar majburan Germaniyaga ko‘chirib kelindi.
Tovon (reparatsiya) hajmi va manbalari to‘g‘risidagi masala bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Oqibatda AQSH delegatsiyasi taklifi qabul qilindi. Unga ko‘ra har bir hukumat o‘z okkupatsiya zonasidan va Germaniyaning Korindagi mablag‘lari (Bolgariya, Vengriya, Ruminiya, Finlyandiya, Avstriya) hisobidan tovon undirishi kerak edi. SSSR Germaniyadan G‘arb mamlakatlari foydasiga undirilgan oltindan voz kechdi, ammo G‘arbiy okkupatsiya zonalardagi sanoat jihozlarining 10%iga ega bo‘ldi. Germaniya floti SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya o‘rtasida teng bo‘lib olindi. Tovon to‘lovlarining aniq summasi belgilanmadi, chunki Britaniya va AQSH delegatsiyasi Germaniya SSSR talabini qondira olishiga shubha qilishdi2.
SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya bosh qo‘mondonlaridan iborat Ittifoq Nazorat Kengashi (INK) 1945 yilning iyun oyida tashkil qilindi. INK o‘z faoliyatining birinchi oylarida Potsdam konferensiya kommyunikesiga aniqlik kirituvchi “vermaxtga barham berish”, “nemis yarim harbiy tashkilotlarini tarqatib yuborish”, “Germaniyada harbiy qurilishlarni taqiqlash” to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qildi. INK Germaniya hududida to‘la hokimiyatni qo‘lga oldi. Uning qarorlari har bir tomonning veto huquqidan foydalanish hokimiyati bilan konsepsus asosida qabul qilinar edi. Ammo okkupatsiya zonalarida ma’muriy boshqarish mustaqil amalga oshirilar edi. Okkupatsion hukumatlar nazorati ostida mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish va nemis siyosiy partiyalari tiklana boshlandi. Yagona Germaniya hukumatini barpo etishga ilk qadam sifatida markaziy boshqarmalarni (moliya, transport, tashqi savdo va sanoat boshqarmalari) tuzish ko‘zda tutilgan edi. Bu boshqarmalar INK nazorati ostida faoliyat ko‘rsatishi kerak edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |