Qo`sh o`pkalilar (Dipneumones) turkumi. Bu turkumga bir-biriga yaqin bo`lgan 2 ta oila, ya`ni Protopteruslar (Protopteridae) va Lepidosirenlar (Lepidosirenidae) kiradi. Protopteruslar oilasiga 4 ta tur kirib ular tropik Afrikaning daryolarida va kam suvli botqoqliklarda yashaydi.
Lepidosirenlar oilasiga 1 ta lepidosiren (Lepidosiren paradoxa) turi kiradi. Lepidosiren Janubiy Amerikaning markazida, Amazonka daryosida tarqalgan. Lepidosirenning uzunligi 125 sm gacha, protopterusniki esa 140 sm gacha keladi. Qo`sh o`pkalilarning jabrasi reduktsiyaga uchraganligi tufayli ularda o`pka orqali nafas olish ustun turadi, jabra nafas olishida deyarli ishtirok etmaydi. Juft suzgich qanotlari rivojlanmagan, ular chilvir shaklida bo`ladi. Bu baliqlar daryolarda va suvi yozda vaqtincha qurib qoladigan botqoqliklarda yashaydi. Protopterus havzalarda suv qurib qolganida balchiqqa ko`milib, kapsulaga o`raladi va shu vaziyatda 3-4 yil uxlashi mumkin. Lepidosiren kapsula hosil qilmaydi, uning yozgi uyqusi 5 oygacha davom etishi mumkin. Uxlayotgan baliqning og’iz bo`shlig’i yoki burun teshigi orqali havo o`pkaga o`tadi. Qo`sh o`pkalilar suv tubidagi har xil hayvonlar va qisman
o`simliklar bilan oziqlanadi. Suv tubidagi chuqurchalar yoki iniga 5000 tagacha tuxum qo`yadi. Rivojlanishi metamorfozli. Ikki xil nafas oluvchilar oziq-ovqat sifatida katta ahamiyatga ega emas. Ularning hayotini o`rganish orqali suvda hamda quruqlikda yashovchilarning kelib chiqishini tushuntirib berish mumkin. Lekin ikki xil nafas oluvchilar suvda hamda quruqlikda yashovchilarning bevosita ajdodi bo`lolmaydi.
III.9. PANJAQANOTLILAR (CROSSOPTERУGII) KENJA SINFI
Panjaqanotlilar paleozoyning devon va toshko`mir davrlarida keng tarqalgan, hozir deyarli qirilib ketgan qadimgi baliqlar guruhi hisoblanadi (66-rasm). Panjaqanotlilar vakilini birinchi marta 1938 yilda Hind okeanida, Afrikaning janubiy qirg’oqlari yaqinida Xalumna daryosining boshlanishida 70 m chuqurlikdan tutilgan bo`lib, u ancha yirik baliq, ya`ni og’irligi 57 kg va uzunligi 150 sm bo`lgan. Unga latimeriya (Latimeria halumnae) deb nom berilgan. Keyinchalik bu yerdan yana bir necha marta latimeriyalar tutilgan. Mahalliy aholi bu baliqlarni muntazam ravishda tutib iste`mol qilishadi.
Latimeriyalar faqat Komor orollari yaqinida suv tubida 400 m dan 1000 m gacha bo`lgan chuqurliklarda yashaydi, yorug’likdan qochadi. Bu baliq yirtqich bo`lib, og’zida o`tkir tishlari bor, uzunligi 125-180 sm, og’irligi 25-80 kg yetadi. Panjaqanotlilarning umurtqalari yaxshi rivojlanmagan, xordasi umr bo`yi saqlanib qolgan, bosh skeletining ko`p qismi tog’aydan iborat. Tana bo`shlig’ida yog’ bilan to`lgan, degeneratsiyallashgan o`pkasi bo`ladi, lekin ichki burun teshiklarining bo`lmasligi, ya`ni havo bilan nafas olmasligi bilan mezozoyda yashagan panjaqanotlilaridan farq qiladi. Qirilib ketgan panjaqanotlilarning burun teshiklari ochiq bo`lganligi ularni o`pka va jabra bilan nafas olganligini ko`rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |