2. Chala bola tug’ib ko`payish. Bu guruhga kiruvchi sutemizuvchilarda bola bachadonda rivojlanadi, yo`ldoshi bo`lmaydi. Bunday chala tug’ilgan bolani onasi qorin tomonida joylashgan xaltasida olib yuradi. Bolasi sutni o`zi emmaydi, balki xalta ichidagi sut bezlari onasi tomonidan bola og’ziga to`g’rilanib sut bilan boqadi. Bu guruhga xaltalilar kiradi.
3. Yaxshi rivojlangan bola tug’ib ko`payish. Bu guruhga kiruvchi sutemizuvchilar to`liq rivojlangan tirik bola tug’adi. Tug’ilgan bolalari bemalol o`zlari onalarini emib oziqlanadi, ko`pchiligi tug’ilgandan keyin tezda turib yura boshlaydi, chunki bu guruhga kiruvchi sutemizuvchilarning bolalari yo`ldosh ichida, u orqali ona organizmi hisobidan oziqlanadi. Bu guruhga yo`ldoshlilar kiradi.
Yuqoridagi biologik guruhlarga kiruvchi sutemizuvchilar tuxumlarining hajmi ham har xil bo`ladi. Tuxum qo`yuvchilarning tuxumi yirik bo`lib, 10-20 mm ga boradi, tuxum tarkibida sariqlik moddasi qo`p bo`ladi. Tuxum tashqi tomondan qalin pergamentli qobiq bilan qoplangan. Xaltalilarning tuxumi mayda (0,2-0,4 mm) va sariqlik moddasi kam, suyuq oqsil sust rivojlangan bo`ladi. Aksariyat turlarida bittadan, faqat opossumlarda 10 tagacha tuxum rivojlanadi.
Yo`ldoshlilarning tuxumi esa juda mayda (0,05-0,2 mm), ularning tuxumida oqsilli qobiqlar va sariqligi deyarli bo`lmaydi. Aksariyatida birdaniga bir necha (15-18 ta gacha) tuxum rivojlanadi.
Sutemizuvchilarning balog’at yoshlari. Sutemizuvchilar turli yoshda jinsiy balog’atga yetadi. Yirik sutemizuvchilar ancha kech voyaga yetadi. Fillar 10-15 yoshda, karkidonlar 12-20 yoshda, har xil turdagi jayronlar 2-4 yoshda, dengiz mushuklarining erkaklari 4 yoshda va urg’ochilari 2-3 yoshda, bo`ri 1 yoshda, mayda kemiruvchilar esa bir oyligida balog’atga yetadi. Ayiq, aksariyat tyulenlar, yo`lbarslar 3-4 yoshida urchish qobiliyatiga ega bo`ladi. Itlar, suvsarlar 2-3 yoshida, kemiruvchilr va tovushqonsimonlar tez voyaga yetadi. Masalan: quyonlar ikkinchi yilda, ondatra 5 oydan boshlab, kichik sichqonsimon kemiruvchilardan uy sichqoni 2,5 oyda, dala va o`rmon sichqonlari 3 oyda ko`paya boshlaydi. Juda ko`p sutemizuvchilar faqat urchish vaqtidagina juftlashadi, ba`zilari esa butun umr bo`yi juft bo`lib yashaydi (ko`pgina maymunlar, ba`zi yirtqichlar, oq tulki, bo`ri; kemiruvchilardan bobyor shular jumlasiga kiradi). Lekin poligam sutemizuvchilar ham oz emas (otlar, eshaklar, bug’ular, bir qancha tuyoqlilar va quloqli tyulenlar). Poligam sutemizuvchilarda nasl uchun qayg’urish vazifasini faqat urg’ochilari bajaradi. Monogam sutemizuvchilarda esa bolalarini tarbiyalashda erkagi ham ishtirok etadi.
Sutemizuvchilar, ko`pincha bir yilda bir marta bola tug’adi. Lekin ko`pgina kemiruvchilar sharoit yaxshi bo`lganda bir yilda bir necha marta bolalaydi. Masalan: tovushqonlar, tyinlar bir yilda uch martagacha, uy sichqonlari va kalamushlar undan ham ko`p bolalaydi. Ba`zi bir yirik darrandalar (fillar, tishsiz kitlar, morjlar, yo`lbarslar 2-3 yilda bir marta ko`payadi va odatda bittadan bola tug’adi. Delfinlar, bug’ular har yili ko`payadi va ular ham bittadan bola tug’adi. Itlar, suvsarlar va yirik mushuklar ham har yili bir marta ko`payadi, lekin ular ko`p bola tug’adi.
Sutemizuvchilar tug’adigan bolasi soni ham har safar har xil bo`ladi. Masalan: yirik darrandalar odatda har safar bittadan, maydalari esa ko`p bola tug’adi (oq sichqonlar 18 tagacha, norka 13 tagacha, olaxurjunli sichqon, kalamush, sichqon, ko`rsichqon 18 tagacha bola tug’adi).
Sutemizuvchilarning bo`g’ozlik va tug’ish davri uzoq bo`lganligi munosabati bilan kuyikish, qo`shilish davri ham har xil bo`ladi. Masalan: it, bo`ri, tulki qishning oxirida (yanvar, fevral oylarida); bo`g’ozlik davri qisqa bo`ladigan mayda sutemizuvchilar (tipratikanlar, sassiqqo`zonlar, latchalar, norka, quyonlar va kemiruvchilar) bahorda; suvsar, bo`rsiq, rosomaxalar yozning o`rtalarida va aksariyat tuyoqlilar kuzda qo`shiladi. Yana shuni ta`kidlash lozimki, o`rta va sovuq mintaqalarda yashovchi sutemizuvchilar yilning ma`lum bir vaqtida, asosan bahorda urchiydi, ayiqlar inida yotib qishda tug’adi, tyulen ham qishda tug’adi.
Sutemizuvchilarda homiladorlik davri nihoyatda o`zgaruvchan. Ularning bo`g’ozlik davri hayvonning katta-kichikligiga va tashqi muhit sharoitiga bog’liq. Kemiruvchilarning ko`plab turlari bolalarini, asosan uyada, daraxtda, o`simliklar orasida tug’adi. Ularning bolalari tashqi muhit omillari va yirtqichlardan yaxshi muhofazalangan. Bularning homiladorlik davri qisqa, tug’ilgan bolalari nimjon, ko`zi ojiz va junsiz tug’iladi. Masalan: mayda kemiruvchilardan kulrang olaxurjunda bo`g’ozlik davri 11-13 kun, uy sichqonida 18-24 kun, kulrang dala sichqonida 16-29 kun, ondatrada 25-26 kun, sug’urda 30-40 kun, quyonda 1 oy, olmaxonda 35-40 kun davom etadi. Uyada bola tug’adigan itlar oilasining vakillarida ham homiladorlik muddati qisqa bo`ladi. Masalan: itda 2 oy, oq tulkida 52-53 kun, tulkida 52-56 kun. Bolalarini oddiy uya yoki in-uyada tug’adigan sutemizuvchilarning homiladorlik davri ancha uzoq davom etadi. Masalan: arslonda 4 oy, ayiqda 7-8 oy, nutriyada 129-133 kun (4-5 oy), qoplonda 4 oy, sobolda 230-280 kun, norkada 40-70 kun, ilvirsda 3 oy davom etadi. Bolalarini yer ustida tug’adigan sutemizuvchilarning homiladorlik davri yana ham uzoqroq bo`ladi. Chunki ularning tug’ilgan bolalari mavjud bo`lgan tabiiy muhitga qarab, birinchi kunlardanoq onasi orqasidan ergashishi kerak. Masalan: bug’ularda homiladorlik davri 8-9 oy, ot va eshaklarda 11 oy, tuyada bir yilcha, qo`y va echkilarda 5-6 oy, sigirda 9 oy, filda 20 oydan ortiq davom etadi. Tovushqonlar uya qurmasdan bolalarini yer ustida tug’adi. Ularning homiladorlik davri 49-51 kunga to`g’ri keladi. Tyulenlar quruqlikda yoki muz ustida tug’adi. Ular 11-12 oydan keyin yaxshi rivojlangan, gavdasi jun bilan qoplangan, ko`zi ochiq bola tug’adi. Mayda qopchiqlilarda homiladorlik davri bir hafta, suv ayg’irida 8 oy, odam va orangutanda 9 oy, kitda 1 yil davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |