Toq tuyoqlilar (Perissodactyla) turkumi. Bu turkum vakillarining oldingi oyoqlarida 1, 3 yoki 4 ta, orqa oyoqlarida 1 yoki 3 ta barmoqlari bo`ladi. Uchinchi barmog’i boshqa barmoqlariga qaraganda yaxshi rivojlangan va tuyoq bilan qoplangan bo`ladi. Gavdasi shu barmoqqa tayanadi. Jag’ tishlari o`simlik mahsulotlarini chaynashga moslashgan. Ko`pchilik turlarining yuqorigi va pastki jag’larida 3 ta kurak tishlari bo`ladi. Kalla suyagining yuz qismi cho`ziq, o`mrov suyagi yo`q, oshqozoni sodda tuzilgan, ya`ni bir bo`lmali. Ko`richagi uzun. Ular Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikada tarqalgan. Uy hayvonlari sifatida barcha qit`alarda bor. Sut bezlarida 2 tadan so`rg’ichlari bor. Poligam, odatda 1 ta bola tug’adi. Toq tuyoqlilar turkumiga 3 ta oila va 16 ta tur kiradi (228-rasm).
Tapirlar (Tapiridae) oilasi vakillari toq tuyoqlilar orasida eng soddasi hisoblanadi. Oyoqlari nisbatan kalta, oldingi oyoqlarida 4 ta, orqa oyoqlarida 3 ta barmog’i bor, o`rta barmog’i yaxshi rivojlangan. Tapirlar tanasining uzunligi 180-200 sm gacha, balandligi 75-120 sm va og’irligi 180-300 kg atrofida. Terisi jun bilan qoplangan, dumi kalta. Burni yuqori labi bilan qo`shilib kichik xartumchani hosil qiladi, tishlari 42-44 ta. Tropik o`rmonlardagi oqmaydigan suv havzalari qirg’oqlarida yakka holda yashaydi. Tunda faol. O`simliklar bilan oziqlanadi, suvda yaxshi suzadi. Hid bilish va eshitish organlari yaxshi rivojlangan, ko`zlari yaxshi ko`rmaydi. Yiliga bitta bola tug’adi, bo`g’ozlik davri 390-400 kun. 30 yilgacha umr ko`radi. Tapirlar oilasiga 5 ta tur kiradi, shulardan Hind tapiri (Tapirus indicus) Janubi-Sharqiy Osiyoda, qolgan 4 ta turi esa Janubiy Amerikada tarqalgan. Tapirlar go`shti va terisi uchun ovlanadi.
Karkidonlar (Rhinocerotidae) oilasi vakillari gavdasining og’ir bo`lishi, oldingi va orqa oyoqlarida 3 tadan barmoqlarining borligi, peshona suyaklarining ustida 1-2 ta ba`zan 3 ta yoki 5 ta epidermisdan hosil bo`lgan uchi o`tkir shoxi borligi bilan xarakterlanadi. Qoziq tishlari reduktsiyalangan. Karkidonlar tropik o`rmonlarda, suv bo`yidagi chakalakzorlarda, tog’larda (3000 m balandlikkacha) va botqoqliklarda yashaydi. Gavdasi yirik, uzunligi 5 m gacha, balandligi 2 m gacha va og’irligi 3,5 t gacha boradi, dumi kalta, terisi qalin, deyarli yalang’och, junsiz. Ko`zlari kichkina, yaxshi ko`rmaydi, bo`yni qisqa va yo`g’on, oyoqlari kalta va yo`g’on bo`ladi, barmoqlari uchida tuyoqlari bor. Karkidonlar tunda faol, yakka-yakka yoki juft-juft bo`lib, ba`zan 4-5 tadan poda bo`lib yashaydi. Bo`g’ozlik davri 17-19 oy, tug’ilgan bolasi 25 kg keladi. 50-60 yil umr ko`radi.
Karkidonlarning 5 ta turi, ya`ni - Sumatra karkidoni (Didermocerus sumatrensis), Hind karkidoni (Rhinoceros unicornis), Yava karkidoni (R.sondaicus), qora karkidon (Diceros bicornis) va oq karkidon (Ceratotherium simum) bor. Janubiy Osiyoda, asosan hind karkidoni va tropik Afrikada Afrika oq karkidoni yashaydi. Ular o`simliklar bilan oziqlanadi. 3-lamchi davrda karkidonlar ko`p bo`lgan.
Hindiston karkidoni eng yirik bo`lib, uzunligi 4,2 m, balandligi 2 m va og’irligi 2 t keladi. Burnining ustida 60 sm li 1 ta shoxi bor. Hind karkidoni urchiganda 16,5 oy o`tgach, uzunligi 100-120 sm li va og’irligi 34-75 kg keladigan shoxsiz 1 ta bola tug’adi. Hind karkidoni 70 yil umr ko`radi. Qora karkidonning uzunligi 3-3,8 m va og’irligi 1000-1800 kg keladi. Burnining ustida 2 ta shoxi bor. Karkidonlar orasida eng yirigi oq karkidon hisoblanadi, uning uzunligi 3,6-5 m gacha va og’irligi 3 t
gacha, ba`zan esa 5 t gacha boradi. Burni ustidagi 2 ta shoxidan birining uzunligi 1,6 m ga yetadi. Urg’ochi oq karkidon har 2,5-3 yilda bitta bola tug’adi.
Karkidonlarning go`shti, yog’i iste`mol qilinadi, terisi va shoxidan esa turli buyumlar tayyorlanadi. Barcha turlari Xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |