Qadoqoyoqlilar (Tylopoda) turkumi. Qadoqoyoqlilar turkumi vakillarining asosiy xarakterli belgisi ikkinchi va beshinchi barmoqlarining yo`qligi, oziq tishlarining chaynash yuzasi yassi bo`lishi, oyoqlarida haqiqiy tuyoqlarining yo`qligi, balki oyoqlarida tirnoq shaklida qayrilgan mayda shox o`simtalarning mavjudligi, oyoq kaftida yostiqsimon qadoqlarining borligidir. Ular barmoqlari ostidagi yumaloq yostiqchalariga tayanadi. Qadoqoyoqlilarning soni tanasiga qo`shilmasligi bilan tuyoqlilardan farq qiladi. Qadoqoyoqlilar turkumiga tuyalar (Camelidae) oilasi kiradi. Tuyalar oilasi vakillarining oyoqlari ikki barmoqli, yon barmoqlari to`liq reduktsiyaga uchragan.
Yuqori labi ayrili, oshqozoni murakkab, 3 bo`lmali (katta qorin, to`r qorin va shirdon). Eritrotsitlari oval shaklda bo`lishi bilan boshqa sutemizuvchilardan farq qiladi. Tuyalar oilasining 2 ta urug’i (tuyalar va lamalar) bor.
Tuyalar oilasidan ikki o`rkachli tuya (Camelus bactrianus) Markaziy Osiyoda Mo`g’ulistondagi Gobi sahrosida saqlanib qolgan, xonakilashtirilgan holda Osiyoda va Sharqiy Yevropada boqiladi.
Bir o`rkachli tuya (Camelus dromedarius)ning faqat xonakilashtirilgani ma`lum. U, asosan Shimoliy Afrikada, Arabistonda tarqalgan. Janubiy Amerikaning tog’li hududlarida o`rkachsiz tuyalardan, guanako (Lama huanaochus) va vikuniya (Lama vicugna)lar tarqalgan. Ularning xonakilashtirilganlariga lama (Lama glama) va alpakalar kiradi, ulardan ham tuyalar singari transport vositasi sifatida foydalaniladi. Sifatli juni va go`shti uchun boqiladi.
Tuyalar cho`l va dashtlarda dag’al o`t va xashaklar, yantoq, saksovul bilan oziqlanadi, suvni kam ichadi. Yuqori jag’ida 2 ta kurak tishi borligi bilan kavsh qaytaruvchilardan farq qiladi. Yotganida gavdasining yerga tegib turadigan qismlarida, ya`ni ko`kragi, tirsagi va tizzasida qadoqli tuzilmalar tufayli issiq (+70°C gacha qizigan) yerda bemalol yota oladi.
Tuyalar 35-40 yil yashaydi. Katta yoshdagi tuyalarning vazni 500-800 kg gacha boradi, 2-3 yoshida jinsiy voyaga yetadi, urg’ochilari 3-4 yoshida qochiriladi, erkaklari 4-5 yoshga to`lgach qochirishga qo`yiladi. Bir o`rkachli tuyalarda bo`g’ozlik davri 13 oy, ikki o`rkachli tuyalarda esa 14 oyga to`g’ri keladi. Urg’ochi tuyalar 2 yilda bir marta bo`talaydi. Tuyalar bir yilda 2000 l sut beradi, yog’liligi 5,4%. Tuyalar 250-300 kg yukni ko`tara oladi.
Soatiga 10-12 km tezlikda, kuniga 35-40 km masofani bosib o`tadi. O`zbekistonda 25 mingdan ortiq bir o`rkachli va ikki o`rkachli tuyalar boqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |