Soxta sayrovchi chumchuqsimonlar kenja turkumiga 4 ta tur kirib, ular Avstraliyada tarqalgan. Soxta sayrovchi chumchuqsimonlarning tovush chiqaruvchi pastki hiqildoq muskullari sayrovchi chumchuqsimonlarnikiga nisbatan sust rivojlangan. Soxta sayrovchi chumchuqsimonlarning asosiy oilasiga lira qushlar (Menuridae) kiradi.
Sayrovchi chumchuqsimonlar kenja turkumiga 4000 dan ortiq tur, 52 tadan 70 tagacha oila va 1000 ga yaqin avlodlar kiradi. Yer yuzida keng tarqalgan. MDHda 330 ta turi uchraydi va ularning barchasi sayrovchi chumchuqsimonlar kenja turkumga kiradi. Bu qushlarning tovush apparati to`liq rivojlangan, tovush chiqarish muskullari 5-7 juft bo`ladi.
Sayrovchi chumchuqsimonlar kenja turkumining asosiy oilalariga: to`rg’aylar, qaldirg’ochlar, jiblajibonlar, qorayaloqlar, qarg’alar, chittaklar, pashshaxo`rlar, qarqunoqlar, chug’urchuqlar, vyuroklar, zarg’aldoqlar, shaqshaqlar, nektarchilar, to`qimachilar, jannatqushlar va boshqa chumchuqsimonlarni kiritish mumkin. Sayrovchi chumchuqsimonlar kenja turkumining eng muhim oilalari to`g’risidagi qisqacha ma`lumotlar quyida keltiriladi.
To`rg’aylar (Alaudidae) oilasiga kiruvchi qushlar kichik hajmda bo`lib, cho`l va sahrolarda yashaydi. Tana uzunligi 12-23 sm, qanoti uzun, rangi chumchuqqa o`xshash xira bo`lib, orqa barmog’ida uzun va to`g’ri tirnog’i bo`ladi. Havoda ovoz chiqarib uchadi. Keng tarqalgan, 75 ta turi bor. O`zbekistonda 14 ta turi uchraydi. Don va hasharotlar bilan oziqlanadi. Foydali qush.
O`zbekistonda so`fito`rg’ay, cho`l to`rg’ayi, dala to`rg’ayi, kichik to`rg’ay, ingichka tumshuqli to`rg’ay, kulrang to`rg’ay, qora to`rg’ay, oqqanotli to`rg’ay, dasht to`rg’ayi, shoxli to`rg’ay, kalta barmoqli to`rg’ay, qo`shxolli to`rg’ay kabi turlari keng tarqalgan.
Qaldirg’ochlar (Hirundinidae) oilasiga yaxshi ucha oladigan hasharotxo`r qushlar kirib, ular hasharotlarni havoda tutib yeydi. Qaldirg’ochlar tana uzunligi 10-23 sm, 79 ta turi bor. MDHda va shu jumladan, O`zbekistonda 7 ta turi uchraydi. Ular uzoq va tez uchishga moslashgan. Oyoqlari kalta, yerda yaxshi yurolmaydi. Suv ustida past uchib, suv ichadi va cho`miladi. Afrika va Antarktidadan tashqari barcha hududlarda tarqalgan. Bu oilaning eng muhim vakillariga shahar qaldirg’ochi, qishloq qaldirg’ochi, qirg’oq qaldirg’ochi, kichik qaldirg’och, tuya qaldirg’och, tog’ qaldirg’ochi kiradi.
Qaldirg’ochlarning qanoti uzun, o`tkir uchli va dumi uzun bo`ladi. O`zbekistonga mart oyining o`rtalarida kelib, sentyabr oyida uchib ketadi. Eski uyasiga birinchi bo`lib erkagi kiradi. Ko`p qaldirg’ochlar qaytib kelganda eski uyasi butun turgan bo`lsada uni egallamaydi, aksincha yangisini quradi. Uyasining yuqori qismi ochiq bo’ladi, 3-7 ta tuxum qo’yadi. Tuxumini ikkala jins navbatlashib bosadi. Qaldirg’ochlar yoz bo’yi har xil hasharotlar, ya’ni turli kassalik tarqatuvchi chivinlar, qo’ng’izlar va kapalaklarni yo’q qilib foyda keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |