Qon aylanish sistemasi. Sudralib yuruvchilarning yuragi ko`krak qafasining oldingi qismida ventral (qorin) tomonda joylashgan.
Kaltakesakning yuragi uch kamerali. Unda ikkita – chap va o`ng yurak bo`lmasi hamda bitta yurak qorinchasi bor (119-rasm).
Biroq yuragi quyidagilar bilan amfibiyalarnikidan farq qiladi. Yurak qorinchasi chala to`siq bilan ikkiga – o`ng (venoz) qorincha va chap (arterial) qorinchaga bo`lingan.
Arterial konus reduktsiyalangan, venoz sinusi esa o`ng yurak bo`lmasiga qo`shilgan. Yurak bo`lmasining ichki yuzasi to`rlanib ketgan muskullar bilan qoplangan va atrioventrikulyar teshik yurak bo`lmasining to`sig’i bilan ikkiga bo`lingan.
Yurak qorinchasining o`ng (venoz) bo`limidan o`pka arteriyasi bilan chap aorta yoyi chiqadi, chap (arterial) bo`limidan esa o`ng aorta yoyi boshlanadi. Yurak qorinchasi qisqarganda, uning pastki devoriga o`rnashgan chala to`siq yurak qorinchasining ustki devorigacha tegib, yurak qorinchasi o`ng va chap bo`lmalarini bir-biridan batamom ajratib qo`yadi. Timsohlarda bu to`siq to`liq, ya`ni yurak qorinchasi alohida ikkiga bo`lingan. Yurak qorinchasining o`ng qismidan o`pka arteriyasi chiqadi va ikkiga bo`linib, o`pkaga vena qonini olib boradi.
Yurak qorinchasining chap qismidan arterial qonli o`ng aorta yoyi chiqadi, bu o`zidan uyqu va o`mrovosti arteriyalarini ajratadi. Uyqu arteriyasi gavdaning bosh qismini arterial qon bilan ta`minlaydi.
O`mrovosti arteriyasi oldingi oyoqlariga boradi. Yurak qorinchasining o`rta qismidan chap aorta yoyi aralash qon olib chiqadi. Chap va o`ng aorta yoylari qizilo`ngachning pastki tomonida o`zaro qo`shilib, toq orqa aortani hosil qiladi. Orqa aorta umurtqa pog’onasining ostidan keyinga qarab ketadi va yo`l-yo`lakay mayda arteriyalar chiqaradi, undan keyin orqa oyoqlarga juft yonbosh arteriyasini chiqarib, o`zi toq dum arteriyasi holida davom etadi.
119-rasm. Sudralib yuruvchilar g`on aylanish sistemasi sxemasi va yuragining tuzilishi:
1-o`ng yurak bo`lmasi, 2-chap yurak bo`lmasi, 3-yurak qorinchasining chap tomoni, 4-yurak qorinchasining o`ng tomoni, 5-o`ng o`pka arteriyasi, 6-o`ng aorta yoyi, 7-chap aorta yoyi, 8-chap botallov oqimi, 9-chap o`mrov osti arteriyasi, 10- chap uyqu arteriyasi, 11-ichak arteriyasi,
12-buyrak, 13-chap yonboshosti arteriyasi, 14-dum arteriyasi, 15-dum venasi, 16-o`ng son venasi, 17-buyrakning o`ng qopqa venasi, 18-qorin venasi, 19-jigarning qopqa venasi, 20-jigar venasi,
21-keyingi kovak vena, 22-oldingi o`ng kovak vena, 23-o`ng o`mrov osti vena, 24-o`ng
buyunturuq vena, 25-o`ng o`pka venasi.
Sudralib yuruvchilarning vena sistemasi ham arterial sistema singari ko`p o`zgarmagan. Dumidagi vena qoni dum venasiga yig’iladi. Dum venasi chanoqda 2 ta yonbosh yoki chanoq venalariga bo`linadi. Yonbosh venalari o`ziga keyingi oyoqlaridan kelgan venalarni qo`shib oladi. Chanoq venalari o`zidan buyrak qopqa venalarini ajratadi va keyin qorin venalari bilan qo`shiladi. Qorin venasi ichki organlardan yig’ilgan venalarni o`ziga qo`shib oladi va jigar qopqa venasi bo`ylab jigarga kiradi. Bu yerda kapillyarlarga ajralib, to`r hosil qiladi va jigar venasi nomi bilan chiqadi. Buyrak qopqa venalari buyrakka kirgach, to`r hosil qiladi, keyin buyrakdan chiqib o`zaro qo`shiladi va toq keyingi kovak venaga aylanadi. Sudralib yuruvchilarda kardinal venalar butunlay yo`qolgan. Keyingi kovak vena jigar venasini qo`shib oladi va o`ng yurak bo`lmasiga quyiladi. Gavdaning bosh tomonidan vena qoni bir juft bo`yinturuq venalariga yig’iladi. Oldingi oyoqlaridan bir juft o`mrovosti venalariga yig’iladi, natijada bir juft oldingi kovak venalar hosil bo`ladi va bular ham o`ng yurak bo`lmasiga quyiladi. O`pkada tozalangan arterial qon o`pka venalariga chiqadi, bular qo`shilib chap yurak bo`lmasiga quyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |