LARINGIT — TASNIFI, BELGILARI VA ALOMATLARI, DAVOLASH, OLDINI OLISH, ASORATLARI
Laringit (qad.-yun. λάρυγξ — «hiqildoq») — hiqildoq shilliq qavatlarining yallig’lanishi, odatda, shamollashlar yoki qizamiq, skarlatina, ko’kyo’tal kabi infektsion kasalliklar bilan bog’liq bo’ladi. Kasallik rivojlanishiga sovqotish, isib ketish (sovuq yoki issiq taom iste’mol qilish), og’iz orqali nafas olish, havoning changligi, hiqildoqning zo’riqishi sabab bo’lishi mumkin.
Laringit — birinchi navbatda bolalar kasalligi. Bu bolalar va kattalarda havo yo’llarining o’lchamlari farq qilishi bilan bog’liq. Bolalarda hiqildoq bo’shlig’i juda kichik va hatto yengil yallig’lanishi ham sezilarli torayishi — stenozlovchi laringitni keltirib chiqaradi. Kattalarda esa hiqildoq shilliq qavatining yallig’lanishi juda kam hollarda hiqildoq bo’shlig’ining jiddiy torayishiga olib keladi va shu sababli laringitning kechishi ancha yengil bo’ladi.
LARINGITNING TASNIFI
Zamonaviy tibbiyotda laringitning ikki tasnifi mavjud: kechish shakli va intensivligi bo’yicha.
LARINGITNING KECHISH SHAKLI BO’YICHA TASNIFI
Kataral. Bu laringitning eng oddiy va keng tarqalgan shakli. Bolalardagi ko’plab infektsion kasalliklarga xos bo’lgan alomatlar majmui bilan tavsiflanadi: quruq yo’tal, tana haroratining yengil ko’tarilishi, ovoz xirillashi. Ammo hatto bu shakldagi laringitni ham malakali davolash kerak bo’ladi, chunki u vaqtinchalik ovozning yo’qolishiga va nafas olish yetishmovchiligining rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Stenozlovchi. Yuqorida aytib o’tilganidek, stenozlovchi laringit hiqildoq bo’shlig’ining ahamiyatli torayishiga olib keladigan kasallikdir. Ko’pincha nafas olish bilan bog’liq muammolarni chaqiradi (krup yoki bo’g’ma).
Gipertrofik. U mustaqil ravishda va kataral laringit ortidan rivojlanishi mumkin. Ovozning xirillashi bilan ifodalanadi, ba’zan ovoz batamom yo’qotiladi.
Atrofik. Ko’p hollarda kattalar uchun xos. Asosiy farq — hiqildoq shilliq qavatining ingichkalashidir.
Gemorragik. Ko’pincha toksik gripp yoki qon hosil qilish a’zolarining individual patologiyalarida rivojlanadi. Quruq yo’tal bilan xarakterlanadi. Nam yo’tal shakliga o’tganida balg’amda qon quyqalari mavjudligi kuzatiladi.
Difteriyali. Difteriyali laringit rivojlanishning aniq belgilanadigan yo’nalishi mavjud: bodomsimon bezdan hiqildoqqacha. Vizual tarzda shilliq qavatlarda oq karash kuzatilishi mumkin, uning ko’chishi esa nafas yo’llarining tiqilib qolishiga sabab bo’ladi. Simptomatikasi bo’yicha laringitning difteriyali shakli streptokokklar tomonidan chaqirilgan infektsiyaga o’xshaydi.
Flegmonoz. Hiqildoqning yiringli yallig’lanishli shakli bo’lib, juda kam uchraydi. U laringitning kataral shaklidan rivojlanadi va barcha alomatlarning kuchayishi bilan kechadi.