Neyron va gliya hujayralari
Neyron nerv tizimining asosiy faoliy birligidir. Odamning miyasida 25 milliardga yaqin neyronlar mavjud. Periferik nerv tizimiga kiruvchi tugunlarda nerv hujayralar soni 25 million chamasida. Neyronlar bir-biridan o`z shakli va katta-kichikligi bilan farq qiladi. Ammo, u qaysi shaklda va kattalikda bo`lmasin, tuqilishi bo`yicha to`rt qismga bo`linadi. Neyronlarda tana (soma), dendritlar, akson va aksonning sinapsoldi oxirgi tarmoqlari tafovut qilinadi.
Neyron tanasida yadro, ribosomalar, endoplazmatik retikulum, Golji apparati, mitoxondriyalar joylashgan. Bu organellalar hujayraning hayotiy faoliyatini ta`minlaydi. Bundan tashqari, neyron tanasida murakkab yuqori molekulyar moddalar sintezlanib, dendritlar va akson bo`ylab o`tkaziladi.
Dendritlar kalta, ammo ko`p va sershox bo`lganidan, membranasi ancha katta yuzaga ega. Bu membranada juda ko`p sinapslar joylashgan.
Sinaps – bir neyronni ikkinchi neyron bilan, neyronni muskul tolasi yoki bez hujayrasi bilan bog`lovchi tuzilma. Har bir sinapsning 3 ta zaruriy qismi mavjud: presinaptik qism (sinapsdan oldingi kengayish), sinaps yorig`i, postsinaptik (sinaptik membrana ro`parasi) qism.
Dendritlarning asosiy ishi taassurotlarni qabul qilish va paydo bo`lgan impulslarni somaga o`tkazishdan iborat. Akson esa nerv impulslarining somadan ishchi a`zoga yoki boshqa neyronlarga yetkaqilishini ta`minlaydi.
Neyronlar oralig`i glial hujayralar bilan to`lgan. Bu hujayralar miya kulrang moddasining 30-56% hajmini egallaydi. Nerv va glial hujayralar o`rtasida eni 20 nm bo`lgan, hujayralar aro suyuqlikka to’lgan yiriq bor. Glial hujayralar ikki xilga – astrotsitlar va oligodendrotsitlarga bo`linadi. Astrotsitlarda tanasidan har tarafga taralgan o`siqlar ko`p. Oligodendrotsitlarning o`siqlari kam. Astrotsitlar miya kapillyarlariga yaqin joylashgan, oligodendrotsitlar esa neyronlarning aksonlari bilan bog`langan. Oligodendrotsitlar soni astrotsitlar sonidan 10-15% ko`p. Glial hujayralarning miyadagi umumiy soni 100 milliarddan oshadi.
Oligodendrotsitlar neyronlardan ajratib turuvchi bir nechta muhim xossalari bor. Ulardan birinchisi – glial hujayralar hayot davomida bo`linish qobiliyatini yo`qotmaydi. Ikkinchidan, glial hujayralar o`siqlari bilan neyronlarni paypaslab, faol harakat qiladi. Oligodendrotsitlar ritmik ravishda goh kattalashib, goh kichiklashib turadi. Glial hujayralar katta miqdordagi – (80-90 mV) membrana potensialiga ega bo`lsada, ularda harakat potensiali vujudga kelmaydi. Faqat tevarak-atrofdagi neyronlar uzoq qo`zg`alib turganda, glial hujayralarning membrana potensiali ma`lum chegarada pasayadi.
Glial hujayralarning funksiyalaridan biri miyelin hosil qilishidir. Oligodendrotsitlarning o`sig`i akson atrofida bir necha marta o`ralib, miyelin parda shakllaydi. Miyelin elektr tokiga yuqori qarshilik ko`rsatganidan, tolalarning elektr izolyatsiyasini ta`minlaydi. Oligodendrotsit o`sig`i akson atrofida qancha ko`p aylansa, tolaning elektr izolyatsiyasi shuncha ishonchli bo`ladi. Har bir oligodendrotsitning 30 ga yaqin o`sig`i bo`lishi mumkin. Demak, bir glial hujayra akson atrofida 30 ta bo`g`indan iborat miyelin parda hosil qiladi. Aksonlarning MNT dan tashqaridagi qismida miyelin pardani oligodendrotsitlarning bir turi – Shvann hujayralari o`siqlari shakllaydi. Agar Shvann hujayrasi akson atrofida bir qavat parda hosil qilgan bo`lsa, u miyelinsiz tola deyiladi. Atrofida Shvann hujayrasi o`sig`i ko`p marta aylangan, ko`p qavatli pardaga ega bo`lgan tola miyelinli tola deyiladi. Miyelin parda ma`lum teng masofalarda (1-2 mm) uzilgani tufayli Ranvye bo`g`ilmalari hosil bo`ladi. Ranvye bo`g`ilmalarida tola miyelin bilan qoplanmagan. Qozg`alishning miyelinli va miyelinsiz tolalar orqali o`tkaqilishida katta farq bor.
Glial hujayralar himoya funksiyasini ham bajaradi. Astrotsitlar va ular qoplab turgan miya kapillyarlarining devori qonni neyronlardan ajratib turadigan to`siq – gematoensefalik to`siqni hosil qiladi. Bu to`siq miyaning ichki muhiti – serebrospinal suyuqlikning barqarorligini saqlashda muhim rol o`ynaydi. Gematoensefalik to`siqdan ko`p moddalar, jumladan, toksinlar, ba`zi biologik faol moddalar neyronlar atrofidagi suyuqlikka o`ta olmaydi. Bundan tashqari, glial hujayralar fagotsitoz qobiliyatiga ega.
Glial hujayralar neyronlarga trofik faoliyat ko`rsatadi. Astrotsitlar bevosita miya kapillyarlarida joylashgan. Shu tufayli kislorod va almashinuv uchun zarur moddalar bilan yaxshi ta`minlanadi. Neyronlarning ba`zi moddalar bilan ta`minlanishida va ulardan almashinuv qoldiqlarining yo`qotilishida glial hujayralar ishtirok etadi.
Keyingi yillarda glial hujayralar shartli reflekslar hosil bo`lishida, xotira mexanizmlarida muhim ahamiyatga ega degan fikrlar aytilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |