Qon bosimi va puls.
Arterial tomirlarda qon bosimi. Qonning, qisilish darajasi bilan belgilanadigan, arteriyalar devoriga ko’rsatadigan bosimi - arterial bosim deyiladi. Qon bosimini belgilaydigan omillarga - yurak faoliyati (qonni haydashi), tomirlar devorining cho’zilishiga taranglik bilan qarshilik ko’rsatish, qon oqimiga nisbatan periferik qarshiliklar yig’indisi, qonning yopishqoqligi va gidrostatik bosimi kabilar kiradi.
Arteriyalardagi qon bosimi o’rtacha bir miqdordan ko’tarilib-tushib turadi, ya’ni doim bir xilda turmaydi. Har bir sistola vaqtida ma’lum miqdordagi qon arteriyalarga chiqib, ularning elastik cho’zilishini oshiradi. Me’dachalar sistolasi vaqtida aorta va o’pka arteriyasiga keladigan qon miqdori, ketadigan qon miqdoridan ko’p bo’ladi, shuning uchun ularda qon bosimi ko’tariladi. Diastola vaqtida qorinchalardan arterial tizimga qon chiqishi to’xtaydi, yirik arteriyalardan esa qon oqishi davom etadi, arteriyalarning cho’zilishi kamayadi va qon bosimi pasayadi. Sistola natijasida arteriyalarda bosimning ko’tarilishi sistolik bosimni ifodalaydi. O’rta yoshdagi odamning aortasidagi sistolik bosim 110-125 mm s.u. ga teng, arteriyaning oxirgi shoxlarida va arteriolalarda bu bosim 20-30 mm s.u. gacha pasayadi, chunki u, ushbu tomirlarning yuqori gidrodinamik qarshiligi bilan bog’liqdir. Diastola vaqtida qon bosimining pasayishi esa, eng kam yoki diastolik bosimni ifodalaydi. Sistolik bosim bilan diastolik bosim orasidagi farq, ya’ni bosimning o’zgarish amplitudasi - puls bosim deb ataladi.
Yosh odamning ko’tariluvchi aortasida sistolik bosim simob ustunining 120 mm ga teng, diastolik bosim esa -80 mm ni tashkil qiladi. Bunda puls bosimi 40 mm s.u. ga, o’rtacha bosim esa 100 mm s.u. ga teng bo’ladi.
Arterial puls. Arteriyalardagi bosimning sistolada ko’tarilishiga bog’liq bo’lgan arteriya devorlarining ritmik tebranishi arterial puls, deb ataladi. Puls to’lqini (boshqacha aytganda, bosimning ko’tarilish to’lqini) aortadan arteriolalarga va kapillyarlarga muayyan tezlik bilan tarqaladi va kapillyarlarda so’nadi.
Puls to’lqinining tarqalish tezligi qon oqish tezligiga bog’liq emas. Arteriaylarda qon oqishining chiziqli tezligi 0,2-0,3 m/s dan oshmaydi, yosh va o’rta yashar odamlarda puls to’lqinining tarqalish tezligi aortada 5,5-8 m/s, periferik arteriyalarda esa 6-9,5 m/s ga yetadi. Aorta va yirik arteriyalarning puls egri chizig’ida (sfigmogrammada) ikkita asosiy qism: ko’tarilish–anakrota va tushish – katakrota tafovut qilinadi. Katakrota qismida chuqurcha (insizura) va dikrotik ko’tarilishni ko’rish mumkin. Insizura va dikrotik ko’tarilishning kelib chiqishi qorinchalar diastolasining boshida qonning teskari oqishi, yarim oysimon qopqoqlarni yopib, orqaga qaytishiga bog’liq. Pulsni paypaslab tekshirish juda keng qo’llaniladi. Bunda uning bir qancha xususiyatlariga, jumladan chastotasi, tezligi, amplitudasi, tarangligi va ritmiga ahamiyat berish kerak
Vena pulsi
Vena pulsi deb yurakka yaqin joylashgan venalarda bosim va hajm o’zgarishlariga aytiladi. Vena pulsining kelib chiqishiga asosan o’ng bo`lmachada bosimning o’zgarishi sabab bo`ladi. Vena pulsining egri chizig’i–flebogrammada uchta tish ajratiladi: a, c, v. a-tish o’ng bo`lmachaninig sistolasiga to’g’ri keladi. Hademay vena pulsi egri chizig’ida c-tish paydo bo`ladi. Bu bo’yinturuq venanin yonida va undan pastroq joylashgan uyqu arteriyasining turtkisidir, v-tishning paydo bo`lishi qorinchalar sistolasi oxirida bo`lmachalar qonga to’lib, ularga qon tushishi biroq to’xtab qolishiga bog’liq. Shu vaqtda venalarda bosim oshib, v tishni paydo qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |