3. 3. Ertaklarning sirli olami. Ertaklar yaxshilikka yetaklar Farzandingizga ertak aytib beryapsizmi?
Xalq badiiy so’zning yosh avlod tarbiyasidagi kuch-qudrati va jozibasiga alohida e’tibor berib kelgan. Badiiy so’z bilan xalqning barcha tajriba boyliklarini, turmush tarzi, ma’naviy va madaniy hayotini go’zal ifodalarda ifodalaganliklari ma’lum. Xalq orasidan ajoyib iste’dod sohiblari -dostonchilar, ertak aytuvchilar, qo’shiqchilar yetishib chiqqan. Ular yaratgan maqol va matallar, ertak va afsonalar, qo’shiq va topishmoqlarda, xalqning aql-zakovati, orzu-istaklari, ruhi va irodasi o’z aksini topgan. So’z san’atining asosiy manbai - real borliq, tabiat, insonlar, ularning mehnati va o’zaro munosabatlari, xulq-atvori hisoblanadi. Badiiy so’z orqali obrazlar aniq yaratiladi, bu bilan bola ko’zi oldida asar qahramonlarining sarguzashtlari, xattiharakatlari, his-tuyg’ulari gavdalantiriladi.
Shulardan biri so’z san’atining go’zal namunasi hisoblangan ertaklar haqida to’xtalib o’tsak. ertaklar xalq og’zaki ijodining eng qadimiy, ommaviy janr turi sifatida talqin qilinadi. Hayot haqiqati bilan bog’liq bo’lib, xayoliy va hayotiy uydirmalar asosiga qurilgan didaktik g’oyalar tashuvchi, xayolot va fantastika xususiyatlari bilan yo’g’rilgan og’zaki hikoyalar ertaklardir. Mahmud Qoshg’ariy o’zining "Devonu lug’otit-turk" asarida ertaklar "yetuk" shaklida ishlatilganini ta’kidlab o’tadi. Hozir fol’klorshunoslikda ertak atamasi qabul qilingan bo’lsa-da, o’zbeklar o’rtasida ertaklar "varsoqi", "cho’pchak", "ushuk", "matal", kabi atamalar bilan ham ishlatiladi. Ertaklarga nisbatan Surxondaryo, Samarqand, Farg’onada - matal, Buxoro atrofidagi qishloqlarda - ushuk, Xorazmda - varsaki, Toshkent shahri va uning atrofida - cho’pchak atamasi ham ishlatiladi. Ertaklar o’ziga xos kompozitsiyasi bilan ajralib turadi. Ayniqsa kirish qism, boshlama, voqealar rivoji, tugallanmalar bu jihatdan alohida ko’zga tashlanadi. Xalq ertaklari mazmunan uch guruhga bo’linadi:
1. Hayvonlar haqidagi (majoziy) ertaklar. "Susambil", "Ochko’z bo’ri" "Ayiq polvon" va boshqalar;
2. Sehrli fantastik ertaklar: "Guliqahqah", "Husniyabonu, "Guljamol", "Urto’qmoq", "Ochildasturxon", Semurg’ va boshqalar;
3. Hayotiy-maishiy ertaklar: "Malikayi Husnobod", "Zumrad va Qimmat", "Oygul bilan Baxtiyor", " Ziyod botir";
4. "Tohir va Zuhra", "Ozodachehra", "Uch og’ayni botirlar" va boshqalar. Hayotiy ertaklarda kambag’allar bilan boylar, donishmandlar bilan ilmsizlar o’rtasidagi voqea-hodisalar, munosabatlar hikoya qilinadi. Bu voqea va hodisalar hayot haqiqati asosiga qurilgan bo’lib, unda salbiy va ijobiy qahramonlarning istagi, xatti-harakati, erishgan yutuq va kamchiliklari ko’rsatiladi. Ertaklarning yaratilishiga ko’ra yana bir turi, yozma ertaklardir.
Bunday ertaklar shoir va yozuvchiar tomonidan yaratiladi. Jahon adabiyotida fransuz ertakchisi Sharl Perro, nemis ertakchilari Gofman, aka-uka Yakob Grimm va Velgelm- Karl Grimmlar, daniyalik ertaknavis Hans Kristian Andersen, angliyalik Oskar Uayld, rus shoirlari, Pushkin, Tolstoy, Ushinskiy va boshqalar juda ko’plab yozma ertak namunalarini yaratganlar. O’zbek adabiyotida Hamid Olimjonning, Sulton Jo’ra, Shukur Sa’dulla, X. To’xtaboev, A. Obidjon, T. Adashboev, O’. Imonberdiev kabi adiblarimiz ham ertaknavislik an’analarini davom ettirmoqdalar.
Yertaklar o’ziga xos g’oyaviy tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Ertaklarning ta’limiy hamda tarbiyaviy ahamiyati juda katta. Bu haqda M. Gor’kiy: "Dunyoda ibrat bo’lmaydigan hech narsa yo’q, o’zida "didaktika", ibrat vositalarini mujassamlashtirmagan birorta ham ertak topilmaydi", - degan edi. Ertaklarning muhim xususiyatlaridan biri uning hamisha xalq hayoti, kurashi, tarixi, ruhiy olami, dunyoqarashi, urf-odatlari bilan bog’lanib, insonlarga axloqiy va ma’naviy yo’ldosh bo’lib kelishidadir. Ertaklar sodda va tushunarli bo’lgani uchun har qanday kitobxonga tez yetib boradi. Ertaklarning bola tarbiyasidagi o’rni shundaki, u boladagi ro’stgo’ylik, halollik, yor- u, do’stga sadoqat, vatanga muhabbat, mehr- oqibat, mehnatsevarlik, ezgulikka intilish kabi barcha ijobiy xislatlarning shakllanishiga turtki berib, birovning haqiga xiyonat qilishdan, dangasalik, va’daga vafosizlikdan, ilmsizlikdan va barcha insonni to’g’ri yo’ldan ozdiradigan yomon xulqlardan saqlaydi.
Ertaklar shunchalik sehrli kuchga egaki, bola butun borlig’ini berib uni tinglaydi. Uning butun azoi- badani, quloqqa aylanadi. Demak uning olamida yashayotgan bolaning tarbiyasiga ertaklar o’z ta’sir kuchini o’tkazmasdan qolmaydi. Ertak eshitayotgan bola o’zi sevgan qahramoni bilan tog’-u toshlar qir-u adirlarga boradi, yovlar bilan kurashadi, kulsa kulib, yig’lasa yig’laydi.
Aytayotgan tarbiyaviy gaplaringiz bola ongida abadiy muhrlanib qolishini xohlasangiz, bola qalbiga ertaklar orqali yetib boring. Ularning bor ong-u shuuri ertaklar orqali qaratilishini o’z ko’zlaringiz bilan ko’p bora kuzatgansiz. Har kuni bolalarning ertak aytib berishlarini so’rab harxasha qilganliklariga guvoh bo’lgansiz. Oilada ota-onalar orzu-maqsadlarga erishishning asosiy kaliti hisoblangan mehnatsevarlik xislatini kichkintoylarda shakllantirish uchun, shu mavzuga oid ertaklar aytib berish samaralidir.
Ertaklar tarbiyasi orqali boshqalarga hech bir ozor yetkazmaslikni, takabburlik qilmaslikni, rostgo’y bo’lishni yalqovlik va egrilik qilmaslikni tushunib yetadilar. Ertaklar bola uchun dastlabki hayot darsligi, ma’naviy boyliklarning bitmas-tuganmas xazinasidir. Dastlab kattalar ko’magi bilan ertaklar olamiga kirib kelgan bola, keyinchalik maktabda o’z savodini chiqargandan so’ng, o’zi shu olamda o’qib kezadi. Bola ertaklarni chanqoqlik bilan bosh ko’tarmay o’qiydi. Undagi ijobiy obrazlarga taqlid qilgisi keladi. Salbiy obrazlarga o’xshash kimsalarni kundalik hayotda ko’rib qolganida, ulardan uzoqroq yurishga urinadi. Bu hol ota-ona berayotgan tarbiyaga yana bir muhim qo’shimcha bo’lib xizmat qiladi.
Ertak o’zining soddaligi, ravonligi, obrazliligi bilan bolalar uchun juda tushunarli, qiziqarlidir. Ertak bolalar tomonidan oson va tez o’zlashtiriladi. Olib borilgan so’rovlarda shuni bildikkki, hatto kattalar 7-8 yoshlarida yodlagan she’rlarini eslolmaydi, ammo o’qigan ertaklarini hali unutganicha yo’q. Zero, bu pallada bolaning ongi va qalbi nihoyatda ziyrak, sezgir, unga kuchli ta’sir ko’rsatgan narsa butkul muhrlanib, hech qachon o’chmaydi.
Ertaklar orqali bolalar o’z xalqining o’tmish hayoti va ijodi bilan tanishadilar, shuning uchun ham bolalarni tarbiyalashda xalq ertaklaridan keng foydalanilishi bejiz emas. Siz farzandingiz yostig’i boshida o’tirib, ertak aytib beryapsizmi, uning jajji murg’ak qalbida nimalar shakllanayotganiga e’tibor qaratayapsizmi? Hammamizga ma’lumki, bolada ertak tinglash istagi juda erta 2-3 yoshdan boshlanadi.Bola katta bo’lgan sari uning ertakka qiziqishi ortib boradi. Bola ertakni butun fikri-zikri bilan tinglaydi, undagi voqealarni, kishilar, hayvonlar o’rtasidagi munosabatlarni fikran analiz qiladi va ertakdagi salbiy va ijobiy qahramonlarni darhol ajratib oladi. Xalq ertaklari bolalar fantaziyasini o’stiradi, ularni fikr yuritishga undaydi.
Bola ertak qahramonlariga o’xshagisi keladi. Malikalarni qutqarishga intilgan shahzodalarga, o’z vatanini himoya qilib kurashgan paxlavonlarga havas qilar ekan, bola qalbida beixtiyor mardlik, jasurlik, vatanga muhabbat hislari uyg’ona boradi. Bugun zamon shiddati, texnika vositalarining rivoji hayotimiz, taqdirimizga qaysidir ma’noda ta’sir ko’rsatayotgan bo’lsa-da, bolalarning mutolaaga bo’lgan ishtiyoqini so’ndirgani yo’q. Agar kichkintoylarga o’zi yaxshi ko’rgan biror ertakni aytib bersangiz, jon qulog’i bilan eshitadi. Bizdan ertak kitoblar keltirib berishimizni xohlashadi.
Yoshlikning go’zal va esda qolarli onlari ko’p. Eng baxtiyor damlari esa onajonimizdan ertak tinglaganimiz bo’lgandir. Barchamiz ota-onamizning jondan aziz farzandlarimiz. Ota-onamiz yaxshi kitoblarni o’qib, mehr-muruvvatli, mard, iymoni salomat insonlar bo’lib kamol topishimizni xohlashadi. Shu yo’ldagi ilk qadam lari biz uchun alohida vaqt ajratib ertaklar olamiga sayohat qildirganliklaridir. Ayniqsa, har kuni oila davrasida aytilgan ertaklar to’g’ri yashashga, mehnat qilishga mehr-oqibat, do’stlikka, birodarlikka undagan. Bu sehrli olamning ko’z ilg’amas, qo’l yetmas, quloq eshitmagan qirralarini qancha ta’rif etgan bilan ado qilolmaysan, kishi. Faqat 54 ushbu ibratli ertaklar bolalarning fikrlash qobiliyatini o’stirib, yorqin kelajak sari yetaklashiga ishonamiz.
Chunki har bir bola ertaklardan g’alaba qozonishga bo’lgan ishtiyoqni, har qanday ishda yetti o’lchab bir kesish kerakligini dil shuuridan o’tkazadi. Inson baxtiyor hayot kechirishni, orzumaqsadlarga dadil harakat qilib murod-maqsadga yetishishni xohlaydi. Mana shu ezgu maqsadlar yo’lida barcha qiyinchiliklarni yengib o’tishga harakat qiladi. Ertaklar vositasida xalollik, vafodorlik, saxiylik kabi xislatlar ilgari surilib, kishilar harakteridagi yaramas odatlar, nomaqul illatlar qoralanadi. Ushbu ertaklarning ba’zi birlariga e’tiborimizni qaratsak.
Xalq ertaklari ichidan o’rin olgan "Egri va To’g’ri" ertagi. Ushbu ertak bayonida, egrilik oqibatidagi ishlarning barchasi faqat afsus nadomat bilan tugashi, boshga faqat tashvishlar olib kelishi yaqqol ko’rsatilsa, to’g’ri odamning doimo ishlari olg’a siljishi, to’g’ri qadam bosmoqlik, maqsad - murodga yetmoqlikning asosiy kaliti qilib ko’rsatiladi. Ertak orqali bola qalbida rostgo’ylik, halollik, va’daga vafo, kamtarlik xislatlari jonlanar ekan, xalq nazarida ham "bo’ladigan bola"ning xususiyatlari ko’rina boshlaydi.
"Ikki aka-uka" ertagida bir-birini o’ylab bir biriga mehr ulashgan yuksak hislarni ko’rishimiz mumkin. Unda bir-biri bilan doimo axil bo’lgan, shumlikni bilmagan, to’gri niyat og’a -inilar bug’doy ekishib, teng bo’lishib oladi. Ukasi akasining oilali ekanini o’ylab, "akam qiynalmasin"- deb, kechasi bildirmay, o’zining bug’doyidan akasinikiga qo’shib keladi. Akasi esa "ukam hali yosh endi oyoqqa turyapti"- deb, kechasi unga sezdirmay o’zining bug’doyidan ukasinikiga qo’shib qo’yadi. Mehribon aka-ukalar shundan keyin ko’ngillari halovat topadilar. Ushbu ertak orqali farzandlar bir biriga nisbatan mehrli oqibatli bo’lishlikni, bir biriga yelkadosh suyanchiq bo’lish kerakligi uqtiriladi. Og’a -inilar o’rtasida uzib bo’lmas mustahkam rishta o’rnatilishi muhimligi aytib o’tiladi.
Qo’shnilarini bir necha bor uyimga o’t ketdi deb aldab, qo’shnilari kelganda ularni sinamoqchiligini aytib ustilaridan kulgani, haqiqatdan uyiga o’t tushganda hech kim yordamga kelmay uyi yonib kul bo’lgan yolg’onchi haqidagi ertakni eshitgansiz.
Rostgo’ylikni tarbiyalash, bolalarni rost so’zlashga odatlantirish birinchi navbatda oila tarbiyasi bog’liq. Oiladagi tarbiyada bola ertak eshitib to’g’riso’zlikka o’rganadi, aldamchilikning oxiri voy ekanligini tushunib yetadi. Har bir ertak borki, avvolo uning asosiy markazida bola kamoloti go’zal tarbiyasi turadi. Xalqimizning asrlar osha o’z qadr-qimmatini yo’qotmay kelayotgan buyuk ulkan me’rosi borki, ularning o’rnini hech qanday narsa egallay olmaydi. Chunki ular tajribalar sinovidan o’tgan va shu bugungi kungacha bardosh berib kelayotgan xalqimizning qalb ijodidir. Shu ijod sarasidan alohida o’rin egallagan ertaklarning bola tarbiyasidagi ahamiyati haqida ozgina to’xtalib o’tdik.
Ertaklarning bola tabiatiga ta’sirini chuqurroq o’rganish uchun Jizzax shahridagi 37- sonli maktabgacha ta’lim muassasasining bolalar bog’cha opalari bilan suhbatda bo’ldik. Ular aytishicha, ertak boshlashlari bilan bolalar tinchlanib, butun vujudi quloqqa aylanarkan. "Ertaklarni obrazga kirishib aytamiz. Bola ertakdagi holatni ko’z o’ngida gavdalantirishi uchun bu zarur.
Aytib bo’lgandan so’ng shu ertak qahramonlaridagi xislatlar, yaxshi yomon fazilatlar haqida mulohaza yuritamiz. Bolalar buni tez ajratib olishadigan bo’lishgan" -deyishdi bog’cha opalari. Ertaklarning bolalarga tarbiyaviy ta’sirini kuchli ekanligini inobatga olsak, bu tarbiyaning juda qulay usuli.
Yana suhbatimizni Jizzax viloyati Jizzax shahridagi 9- maktabning birinchi sinf o’qituvchilari bilan muloqotda davom ettirdik. "Ertaklarni nafaqat bolalar balki biz kattalar ham sevib o’qiydigan bo’lganmiz"- deyishdi ular. "Bolalarga mustaqil ertak o’qib kelishlarini ham tayinlaymiz. Bolalarga xotirasini mustahkamlash uchun, nutqini o’stirish va rivojlantirish uchun she’rlar beramiz. Lekin ular she’rlardan ko’proq ertaklarni ko’proq esda olib qolishadi va ertaklarni chiroyli qilib gapirib berishadi. Shu bilan ularning nutq boyligini oshirib muloqotga jonliroq kirishamiz"- deyishdi. Ertak o’qimagani ham uyida ota-onalari bobo -buvilaridan eshitgan ertaklarini aytib berishar ekan. Shu bilan har bir o’quvchini faollikka undab mashg’ulotlarni samarali olib borar ekan. Yuqori 2- 4 -sinflarda ham ochiq darslar tashkil qilinib ertaklarni ro’lli obrazlar bilan jonli tomosha tashkil qilinar ekan. Ustozlari "Bolalar shu ertaklardan o’ziga xos tarbiya olishadi. Tarbiyaning boshlang’ich poydevori boshlang’ich sinf. Shuning uchun bunga alohida e’tibor beramiz. Bu o’zining yuqori ko’rsatkichlarini ko’rsatayapti" - deyishdi. Demak ertaklar oilada ham, ta’lim muassasasida ham, o’z beminnat xizmatini o’tab kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |