Bog'liq Islom iqtisodiyotida investitsiya va uning turlari
2.2 Islom iqtisodiyotida investitsiya manbalari Islom iqtisodiyotining tarixiga nazar solinsa, jamiyat taraqqiyoti yoki ma’lum faoliyatlarni moliyalashtirish, rivojlantirish uchun sarf etiladigan mablag’ va kapitallarning asosiy manbai sifatida «bayt-ul mol» xizmat qilganligini ma’lum. Bayt-ul mol asosan musulmon kishilarning zakotlaridan, sadaqalaridan, ehsonlaridan hamda turli xildagi xayr-sahovatlari natijasida yig’ilgan mablag’lardan iborat bo’lgan.
“Baytul-mol” arabcha so’z bo’lib, (islom davlatlarida) davlatga tegishli molning muxofaza qilinishini ta’minlaydigan, davlat xazinasini tashkil etadigan xamda moliyaviy ishlarni tartibga soladigan xuquqiy maqomga ega bo’lgan moliyaviy-idoraviy tashkilotdir. Bayt-ul mol davlatning xar qanday moliyaviy ishlarini, xususan kirim-chiqim, kredit, maoshlar kabi masalalarni tartibga soladigan mustaqil tashkilotdir.
Vujudga kelishi hamda shakllanish tarixi. “Bayt-ul mol” ning tashkil etilganini aksariyat tadqiqotchilar Xalifa Xazrat Umar (r.a.) davriga bog’lashadi, biroq, Islom dinida davlatning moliyaviy ishlari Xalifa Umar davrida boshlangan deyishlik, asossiz. Chunki “Bayt-ul mol” ning ilk ko’rinishlari Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.) davrida Islom kirib kelishi bilanoq boshlangan.
Biz hadislardan boxabarmizki, Payg’ambarimiz (s.a.v.) Makkada istiqomat qilgan damlarda ham o’zlariga keltirilgan hadya va shunga o’xshash narsalarni shaxsan o’zlari yohud boshqa musulmonlar yordamida muxtojlarga tarqatganlar. Biroq uning shakllanishi Payg’ambarimiz (s.a.v.) ning Madina davri bilan bog’liq. Chunki, Makka davrida na bir islom davlati va unga tegishli moliyaviy tashkilot bor edi. Bu ish faqat Payg’ambarimiz (s.a.v.) tomonidan musulmonlar o’rtasida tartibga solinib turilgan. Madina davrida esa tashkil etilgan islom davlati moliyaviy zaxiraga ehtiyoj sezgan va bugun biz so’z yuritayotgan moliyaviy-idoraviy tashkilot tuzilgan. Madina davrida davlat xazinasini, hadyalardan tashqari, boyitgan omil Badr jangi sanaladi. Chunki, Badr jangida qo’lga kiritilgan mol-mulklar xamda asirlar evaziga olingan fidyalar juda ko’p miqdorni tashkil etgan. Biroq qo’lga kiritilgan o’ljalar davlat xazinasiga topshirilmasdan jangga qatnashgan g’oziylarga bo’lib berilgan. Izlanishlar shuni ko’rsatmoqdaki, zakot berishlik ham ushbu yildan boshlangan, shu bilan bir qatorda ilk marotaba davlat tomonidan tartibga solingan soliq tizimi joriy qilingan. Bu esa islomda moliyalashtirish manbalarining tashkil topishining rasmiy tus olganligidan dalolat beradi.
Badr jangidan keyingi davlat xazinasini boyitgan omil bu Bani Qaynuqa jangi xisoblanadi. Bundan qo’lga kiritilgan o’ljaning beshdan biri Alloh taolo tomonidan nozil qilingan «Anfol» surasining 41-oyatiga ko’ra davlat hisobiga o’tgan, qolganlari g’oziylara tarqatib berilgan. Undan so’ng Bani Qurayza yaxudiylaridan olingan o’lja ham yuqoridagidek taqsimlangan.
Musulmonlar qo’lga kiritgan ilk maskanlardan biri bu Bani Nodir yerlaridir. Bani Nodir Uhud jangidan olti oy so’ng olingan. Sulh tuzish natijasida qo’lga kiritilgan mazkur yer “Xashr” surasining 6-oyatiga ko’ra davlat xazinasiga berilgan. Shu va shunga o’xshash holatlardan ko’rinib turibdiki, garchi “Bayt-ul mol” iborasi ishlatilgan bo’lmasa-da, buning dastlabki tamal toshi Olamlar Sarvari (s.a.v.)ning muborak davrlarida qo’yilgan. Hijriy to’qqizinchi yildan boshlab olina boshlangan jizya soliq turi islom davlati xazinasining boyishiga sabablardan bo’ldi. Agar davlat kirimlari muvozanatli xolatda bo’lsa, bunday xollarda Payg’ambarimiz (s.a.v.) o’zlari bayt-ul mol uchun mol to’plaganlar. To’plangan bu mollarning bir qismini zakotdagiga o’xshash Qur’oni karimda belgilangan kerakli joylarga ishlatardilar, qolgan bir qismini esa tegishli joylarga ishlatardilar.
Islom iqtisodiyotida va bozor iqtisodiyotidagi kabi investitsiyalar jamiyatdagi jamg’armalar miqiyosidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Jamg’armalarning asosiy manbasi jismoniy va yuridik shaxslar daromadlarining iste’moldan ortgan qismidir. Islom iqtisodiyotida daromad xususida umumiy bir qoida mavjud: Islom, musulmonlarning istagan yo’llari bilan kun kechirishlarini rad etadi. Aksincha, daromad xususida mashru’ va g’ayri mashru’ yo’llarni ochiq-oydin bildiradi. Bu holat quyidagi tamal qoidada o’z ifodasini topgan: “Bir shaxsning foydasi boshqa bir shaxsning mutloq zarari xisobiga asoslangan daromad yo’li g’ayru mashru’ va haromdir. Adolat va rizo asosida shaxslarning o’zaro foydalarini ta’minlagan daromad topish yo’li esa mashru’- haloldir”7. Iqtisodiyotda ishlab chiqarishga va ma’lum bir faoliyatni rivojlantirish uchun yo’naltiriluvchi kapitalning jamlanishi mehnat va jamg’arishga tayanadi. Jamg’arish bu - kelajakda undan foydalanish uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlardagi foydasidan ma’lum bir qismini ushlab qolish evaziga pul jamg’arishdir. Alloh taolo muqaddas kalomi Qur’oni karimning “Yusuf” surasida Yusuf alayhissalom qissasi orqali insonlarda kapital qo’yish va uni jamg’arishga ehtiyoj bo’lganligini bayon qilgan: «Shox dedi: «Men tushumda yettita ozg’in sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil bashoq bilan birga boshqa (ettita) qurigan boshoqlarni ko’rdim. Ey, a’yonlar! Agar tush ta’birini aytguvchi bo’lsangiz, tushum to’g’risida fatvo (javob) beringiz»8. Bu tush ta’birini Alloh taolo Yusuf alayhissalomga o’rgatdi. Yusuf alayhissalomdan tush ta’biri so’ralganda «(Yusuf) aytdi: «Odatlaringiz bo’yicha yetti yil ziroat qilaveringiz. Olgan hosilingizni (omborda) boshog’i bilan qoldiringiz. Faqat ozgina o’zlaringiz yeydiganini (yanchib olingiz). So’ngra, undan keyin qattiq yetti (yil) keladi va shu (qaxatchilik yil) lar uchun g’amlab qo’ygan zaxirangizni yeb ketadi. Faqat ozgina asrab qo’yganingizdan (qolur). So’ngra, undan keyin bir kelib, odamlar unda yomg’irga serob bulurlar va unda (mevalardan) sharbat olurlar»9. Yusuf alayxissalom bashorat bergan vaqt keladi, ungacha insonlar o’zlarining kelajaklari uchun zaxira yig’ib qo’yadilar va buning natijasida bu qaxatchilikdan kam talofat olib chiqadilar. Bundagi oyatdan biz uchun ibrat bor va unda kapital jamg’arish, yetti yil uchun jamg’arish amaliyotlari bayon qilinishi bilan bir qatorda o’sha davr kishilar hayotlarining iqtisodiy tsiklining og’irlik va yengillik taraflariga o’xshash yetti yil uchun adolatli taqsimotni ko’rishimiz mumkin. Shundan biz xulosa qilishimiz mumkinki, ehtiyoj tug’ilganda foydalanish uchun kapital jamg’arishimiz mumkinligi va bu kapital yoki jamg’arma qiyinchilik paytida yengillik keltirishi mumkin. Lekin jamg’arish “ixtikor” ni maqsad qilingan bo’lsa bunga shariatimizda yo’l qo’yilmaydi.
Islom iqtisodiyotida investitsiya tasarrufi borasida yig’ilgan ma’lumotlar va taxlillardan kelib chiqqan qolda ivestitsiyaning asosiy manbalari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
Islom banklari (IB);
Islom investitsiya fondlari (IIF);
Bayt-ul mol;
Kelajak rivoji uchun tuzulgan investitsion fondler (ayrim neft eksport qiluvchi yuqori daromadli arab mamlakatlarida mavjud);
yirik kapitalga ega musulmonlarning yillik zakotlari.
Bu investitsiyalarning manbalaridan hozirda xalqaro moliyaviy munosabatlardan o’zining salmoqli o’rniga va o’z mijozlariga ega bo’lganlari bu asosan islom banklari va islom investitsion fondlari hisoblanadi. Ular boshqa moliyaviy muassasalardan farqli o’laroq o’z faoliyatlarini shariat ahkomlari asnosida tashkil qilgan bo’lib, ular faoliyatidagi xususiyat asosan ribodan qochishdir. Foizdan chetlanish bilan bir qatorda ular o’ziga xos muqobil yo’llarni taklif qiladiki, unda ishtirokchilarning mafaatlari bir mezonda saqlanishga harakat qilinadi va qat’iy belgilangan foizlardan saqlanadilar. Islom banklari va islom investitsiya fondlari xozirda dunyo bo’ylab tarqalib va o’zining mijozlarini topmoqda. AQSH ning o’zida hozirda 200 ga yaqin islom investitsiya fondlarining faoliyat yuritayotganligi fikrimizning dalili bo’ladi.
Investitsiyalar islomiy banklar daromad olish uchun ishlatadigan usullardan biri xisoblanadi. Islomiy banklar amalga oshirishi mumkin bo’lgan to’rt shakldagi investitsiyalar mavjud: aksiyalar, obligatsiyalar, davlat qimmatli qog’ozlari va aylanma depozit sertifikatlari kabi muomalada bo’luvchi qimmatli qog’ozlarni sotib olish; shoʼba va assotsiatsiyalashgan korxonalarga investitsiyalar; ko’chmas mulk va mulkka investitsiyalar va oxirgisi, boshqa investitsiyalar. Investitsiyalarni hisobga olish siyosati moliyaviy hisobotda xabar beriladigan investitsiya qiymati (bahosi)ga taʼsir ko’rsatadi. Agar investitsiya qiymati oshadigan bo’lsa, bu ko’rsatkich to’g’risida xabar berilmaydi. Bu holda kompaniyaning hisob qiymati haqiqatdagi qiymatdan past bo’ladi. Xuddi shunday, agar investitsiyaning oxirgi qiymati investitsiya mavjud bo’lgan vaqtdagi qiymatdan past bo’lsa, bu haqida xabar berilmaydi. Bu esa kompaniyaning haqiqiy qiymati yoki aniq bahosining ko’tarilishiga olib keladi.
Bankir va iqtisodichi olim Kris Barlton o’zining “Rivojlanayotgan bozorlardagi banklar” asarida islom banklari faolyaitini har tomonlama tahlil qilgan. Uning tahliliga ko’ra islom banklari kapitali yiliga 10-15% sur’at bilan o’smoqda. Bu esa moliya sohasida juda katta ko’rsatkich hisoblanadi.