ZAVOD LABORATORIYASINI TASHKIL ETISH
Ishlab chiqarishda nazorat olib borishni tashkil qilishda laboratoriyaning uslubiy ishlari katta ahamiyatga ega, shu bilan birga u sexlardagi laboratoriyalarning ishlarini ham nazorat qilishi lozim.
Ishlab chiqarishni nazorat qilingandagi har bir bosqich ko‘rsatkichlari maxsus jildlarda qayd qilinishi lozim. Jildlarda hech qanday yozuvlarni o‘chirishlar, tuzatish kiritishlar bo‘lmasligi shart. Jildlarning betlari raqamlashtirilgan bo‘lib, oxirgi betiga korxona rahbarining imzosi va muhri qo‘yiladi.
Jilddagi yozuvlar aniq, tushunarli yozilgan bo‘lib, unga hech qanday o‘chirish yoki qo‘shimchalar kiritilmaydi. Agar bordi-yu jilddagi Biron yozuvga tuzatish kiritilmoqchi bo‘linsa, u holda oldingi yozuvni o‘qish mumkin bo‘lgan holda qoldirilib, kiritilgan qo‘shimcha yoki tuzatish nima maqsadda qilinganligi ko‘rsatiladi. SHu bilan birga qo‘shimcha yoki tuzatish kiritigan shaxsning ismi-sharifi va imzosi ko‘rsatib qo‘yiladi.
Konservalangan mahsulotlarni nazorat qilishda laboratoriyada bir necha xil jildlar tutiladi. Jildlar nazorat maqsadi va xiliga qarab raqamlanadi.
Ularning ayrimlari keltirib o‘tiladi:
K-1 shakldagi «Qabul qilinadigan xom ashyo sifatini nazorat qilish jildi». Har bir tur xom ashyo uchun alohida bet ajratiladi. Ko‘k no‘hot sifati esa ZKOF-2 va ZKOF-3 shakllardagi maxsus namunaviy jildlarda qayd etiladi va laborant tomonidan to‘ldiriladi.
K-2 shakldagi «Qo‘shimcha material va taralarning sifatini nazorat qilish jildi». Korxonaga keltirilgan har bir qo‘shimcha materiallar va taralarning (shakar, tuz, ziravorlar, yormalar, qopqoqlar, shisha va temir bankalar, polimer materiallar va hokazo) har bir partiyasining sifatini nazorat natijalari yoziladi. Olingan natija ko‘rsatkichlarini standart talablarga mosligi aniqlanadi. Jildni ushbu tahlilni o‘tkazuvchi shaxs to‘ldiradi.
K-4 shaklidagi «Konsentrlashtirilgan tomat mahsulotlarini ishlab chiqarishni nazorat qilish jildi». Bu jildda zarur ko‘rsatkichlarni qayd etuvchi uskunalarning ko‘rsatkichlari yoziladi masalan, refraktometrdagi olingan natija. Zuluksiz jarayonda ishlovchi liniyalardagi ishlab chiqarish jarayonida 1 smenada 2-3 marotaba har qaysi liniyaning ish jarayoni tekshiriladi, agar ishlab chiqarish davriy qurilmalarda olib borilsa, har bir qaynatilgan mahsulot nazoratdan o‘tkaziladi. Agar uzluksiz ishlovchi liniyalarda termoregistratsiyalovchi pribor bo‘lsa, u holda natijalar jildga yozilmaydi, balki pribordagi yozuvlar to‘plami saqlanadi.
K-6 shaklidagi «Konservalarni joylashni nazorat qilish jildi». Davriy ravishda tanlab o‘tkazilgan nazoratlarning natijalari yoziladi. Tekshirish har bir tur mahsulot bo‘yicha olib boriladi. Netto massasi, joylash vaqtidagi mahsulot harorati, quruq modda miqdori kabi ko‘rsatkichlar har soatda nazorat qilinadi, qolgan ko‘rsatkichlar esa zaruriyat tug‘ilganda, lekin smena mobaynida ikki martadan kam nazorat o‘tkazilmaydi. Agar mahsulotni joylash avtomatik tarzda olib borilsa,netto massasini va komponentlar nisbatini tekshirish vaqtida nazorat qilish uchun olinadigan bankalar soni banka-to‘ldirgichni patronlari soniga teng bo‘lishi kerak. Agar mahsulotni joylash qo‘l yordamida o‘tkazilsa, u holda ushbu sexdagi joylash jarayonida ishtirok etadigan ishchilarni har biri joylashgan banka alohida tekshiriladi. Quruq modda miqdori faqat bir komponentli mahsulotlardagina tekshiriladi. Jildni to‘latish smenadagi kimyogar yoki tekshiruvchi laborant tomonidan olib boriladi.
K-8 shaklidagi «Konservalarni sterilizatsiyalash darajasini nazorat qilish jildi». Har bir avtoklavdagi sterilizatsiyalash tartibini tekshirish va qayd qilish uchun tutiladi. Jildda sterilizatsiyalash jarayonidagi hamma bosqichlarning boshlanishi va tugash vaqti, termometr va manometrlarning ko‘rsatkichlari yoziladi. Sterilizatsiyalash jarayonidagi har bir chetga chiqish yoki jarayonni buzish holatlari albatta yozib boriladi.
K-11 shaklidagi «Tayyor mahsulot sifatini nazorat qilish jildi». Tayyor mahsulot sifatini texnik, fizik-kimyoviy tekshirishlardan o‘tkazilgandagi natijalar va organoleptik baholashlarning ko‘rsatkichlari yoziladi. Tayyor mahsulotlarning sifatini aniqlashda, me’yoriy texnik hujjatlarda, konservalangan mahsulotlarni sifatini qaysi ko‘rsatkichlar orqali baholash belgilangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |