Koreya: Bir millat, ikki davlat – 70 yillik ziddiyat
Dunyodagi g‘oyalar urushining yorqin misoli, o‘z davlatchilik uslubining xatoligiga qaramay qat'iyat, har qancha rivojlanish va kuchli tarafdorlar bo‘lishiga qaramay ziddiyatga to‘la yechim topa olmaslik... Mana shu so‘zlar Shimoliy va Janubiy Koreya davlatlarining bugungi holatiga qisqa ta'rif bo‘la oladi. Bir millatdan iborat ikki davlat hamon rasman o‘zaro urush maqomini saqlab turibdi. Davlatlarning nomlanishi ham juda antiqa. Janubiy Koreya rasman Koreya Respublikasi deb nomlansa, Shimoliy Koreya demokratiyadan asar bo‘lmagani holda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) degan jarangdor nomni bexijolat qabul qilib olgan. Janubiy Koreya butun dunyoga o‘z eshiklarini ochib qo‘ygan, bu davlat haqida istagancha axborot olish mumkin. KXDR esa buning butunlay aksi, boshqa davlatlar muxbirlari bu mamlakatdan erkin faoliyat olib bora olmagani kamlik qilgandek, internet ham deyarli uzib qo‘yilgan.
Mamlakatning rasmiy axborotnomalarida esa «AQSh imperialistlarini quvib yuborgan koreys xalqi millatning «porloq yulduzi» rahnamoligida erishayotgan mislsiz yutuqlar, tez orada asli KXDRga tegishli bo‘lgan mamlakatning janubiy hududlari ham ozod qilinishi» haqidagi jarangdor axborotlar tarqatiladi.
Janubiy Koreya va qator xorij nashrlari esa Shimoliy Koreya aholisi o‘ta abgor ahvolda yashayotgani, hatto ochlik changalida qolgani, davlat boshqaruvida o‘ta shafqatsiz tizim minglab odamlarning yostig‘ini quritayotgani haqida bong uradi.
Qisqa qilib aytganda, har ikki tomon o‘z tuzumining mutlaq adolatli ekanligi haqida jar solgani holda qo‘shnisining hududlari aslida o‘ziga tegishli ekanligini, ularni ozod qilish muqaddas burchligini ta'kidlashdan to‘xtamaydi.
Xo‘sh, bu qadar ziddiyatning asl ildizi qayerda?
AQSh generallari havoni boy berayotganlarini tushunib, zamonaviy «F-86» samolyotlarini ham jangga tashladilar – Koreya osmonida haqiqiy qirg‘inbarot boshlandi.
Mao ham qarab turmadi. 1950 yilning 25 oktabrida Xitoyning 270 ming kishilik qo‘shinlari avval BMT kuchlari mudofaasini yorib o‘tib, AQSh qo‘shinlarini kunpayakun qilib tashladi. KXDR va Xitoy yagona kuchga aylanib, qarshi hujumga o‘tdi va hech qancha vaqt o‘tmay – 1951 yilning 4 yanvaridayoq Seul qayta zabt etildi. AQSh kuchlarini boshqarayotgan general Uoker avtohalokat natijasida halok bo‘ldi va ittifoqchilar ham ruhan, ham jismonan tang ahvolga tushib qoldi.
Ayni shu kunlarda AQSh hukumati mutlaqo jiddiy tarzda yadro qurolini ishga solish haqida rejalar tuzishga kirishdi. Vaziyat og‘irlashgani uchun ittifoqchilar zudlik bilan yangi qo‘shinlar tashlashga majbur bo‘ldi va endi urush kichik hududdagi haqiqiy qirg‘inga aylanib ketdi. Birgina Imjingan daryosi bo‘yidagi bir hafta davom etgan janglarda ittifoqchilar tomonidan 20 ming kishi yoki o‘lgan, yo asirga tushgan bo‘lsa, Xitoy tomoni 70 ming askaridan ajraldi.
1951 yilning iyuniga kelib, har ikki tomon bu urushda g‘olib bo‘lishi mumkin emasligini anglab yeta boshladi va jangovar harakatlar birmuncha susaydi. Shunga qaramay Shimol ham, Janub ham milliondan ortiq askarni shay holda saqlab turardi.
1951 yilning 8 iyulida tomonlar Keson shahrida sulh uchun to‘planishdi. Qizig‘i shundaki, sulh bo‘yicha muzokaralar kechayotgan vaqtda ham hududlarda shafqatsiz janglar kechayotgandi. Muzokaralar yirik janglarni vaqtinchalik to‘xtatgan bo‘lsada, ikki tomonning ham qurollari yana ikki yildan ortiq vaqt mobaynida tinmadi.
1952 yilning 4 noyabrida Duayt Eyzenxauer AQSh prezidentligiga saylandi va saylovoldi va'dasi – koreys urushini to‘xtatish choralarini izlay boshladi. Ammo haqiqiy imkoniyat 1953 yil 5 martida, Stalin o‘limidan keyin paydo bo‘ldi. SSSRning yangi hukumati bu urushni to‘xtatishdan juda manfaatdor edi.
Amerikalik harbiylar sulh haqidagi xabarni o‘qishmoqda.
Foto: George Sweers / AP
1953 yilning 27 iyulida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qiziq tomoni, unga bugungi kunda demokratik davlat sifatida qaraladigan Janubiy Koreyaning o‘sha paytdagi rahbari Li Sin Man urush davom etishi kerakligini ta'kidlab, imzo chekishdan bosh tortdi va janub tomonidan BMT kuchlari vakili sifatida general Klark kelishuvni imzoladi.
Bu kelishuv ikki Koreyaning urushga qadar chegaralarini qayta tiklash va bir-birlariga o‘t ochmasligini aks ettirsada, amalda tinchlik shartnomasi emasdi.
38-parallel — Shimoliy va Janubiy Koreya chegarasi.
Foto: Imperial War Museums
Tinchlik shartnomasiga keyinchalik ham erishishning imkoni bo‘lmadi va Shimol hamda Janub bugungi kungacha urush holatini saqlab turibdi.
Bugungi kunda ochiq siyosat va iqtisodni qo‘llagan Janubiy Koreya dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biriga aylangani holda, Shimoliy Koreya o‘ziga kommunistik mafkurani taqdim qilgan SSSR degan davlat tarqab ketganiga qaramay, totalitar rejimdan voz kechmadi.
Hozirda 70 yillik sulolaning navbatdagi vakili Kim Chen In tinchlik yo‘lida ancha-muncha sammitlar uyushtirgan bo‘lsada, hanuz raketa sinovlaridan voz kechmagan. Hatto turli davlatlarning uzoq yillik iqtisodiy sanksiyalari ham KXDRni tutgan yo‘lida qaytara olmadi.
Foto: Reuters
Ko‘pchilik «Nahotki shuncha qudratli mamlakatlar birgalashib kichik bir davlatni yenga olmasa?», degan savolni berishadi. Bir necha sabab tufayli amalda buning iloji yo‘q.
1. Xitoy va Rossiya KXDRdagi tuzum qulab, janubdagi AQSh kuchlarining o‘z chegaralariga kelib qolishlariga har qanday yo‘l bilan qarshilik qiladi;
2. KXDR va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi siyosiy, maishiy, iqtisodiy tafovut shunchalik ulkanki, agar hamma qurollardan voz kechilib, do‘stona birlashuv bo‘lgan taqdirda ham shimol o‘z «yuki» bilan janubning shuncha yillik taraqqiyotini osongina yo‘qqa chiqarib qo‘yishi mumkin;
3. Kim Chen In tinchlik yo‘lidagi qadamlariga qaramay asosiy quvvati – yadro qurolidan voz kechmagan. Bu vosita bilan hazillashish yaxshilikka olib kelmaydi;
4. Qachonlardir bir jonu-bir tan bo‘lgan ikki davlat va xalq o‘zi tutgan yo‘ldan shunchalar olisga ketib qolganki, endi ularni yagona mafkura ostida birlashtirishni hech kim tasavvur qila olmaydi;
5. Koreya muammosi saqlanib turishidan manfaatdor kuchlar bor. Chunki ziddiyat bo‘lgan hududga harbiy kuchlar olib kirish, o‘ziga og‘dirish va ta'sir doirasini oshirish imkoniyati tug‘iladi.
Foto: AP/TASS
Joriy yil davomida AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan bevosita uchrashdi va qator muzokaralar o‘tkazdi.
Foto:epa/vostock-photo
Shuningdek, Janubiy Koreya yetakchisi Mun Chje In ham KXDR yetakchisi bilan tarixiy sammitlar uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi. Umuman, yuzlab davlatlarning yuzlab rahbarlari kunora uchrashib yurgan hozirgi davrda Shimoliy Koreya bilan o‘tkazilgan har qanday muzokara hamon «tarixiy» degan maqomni saqlab turibdi.