Mis-ammiak tolasi. Bu tola paxta sellyulozasidan olinadi. Paxta momig‘ini mis-ammiak kompleksining suvdagi eritmasida eritilib, yigiruv eritmasi tayyorlanadi. Bu tola ho‘l usulda olinadi. Olingan tolalar viskoza tolalariga qaraganda ingichkaroq, mayinroq, kam tovlanadigan va ho‘l holatida mustahkamligini kam yo‘qotadi. Kimyoviy xossalari va yonishi viskozanikiga o‘xshaydi. Bu tolalami ishlab chiqarishda qimmatbaho mis ishtirok etgani tufayli ularni ishlab chiqarish uchun ko‘proq mablag‘ sarflanadi. Shu sabablimis-ammik tolalari uncha ko‘p ishlatilmaydi. Asosan u jun tolalari bilan aralashtirilib gilamlarning tukini ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Atsetat tolasi. Bu tolalarni olishda ham xomashyo sifatida paxta chiqindilaridan ajratilgan sellyuloza ishlatiladi. U muzlatilgan sirka kislota muhitida atsetat angidrid bilan ishlanadi. Natijada, sellyulozaning murakkab efiri hosil bo‘ladi. Uni spirt va atseton aralashmasida eritib yigiruv eritmasi tayyorlanadi. Atsetat tolasi quruq usulda shakllantiriladi.
Olingan tolalarning mustahkamligi viskoza tolasiga nisbatan bir oz past bo‘ladi. Ho‘l holatida mustahkamligini kamroq yo‘qotadi. Uzayishi 22—30 foizgacha etadi. Viskoza tolasiga qaraganda qayishqoqligi ancha katta. Shuning uchun asetatdan olingan gazlama va buyumlar kamroq g‘ijimlanadi. Gigroskopligi 6—8 foiz. Spirt va asetonda eriydi. 140°C haroratda suyuqlanadi. Sariq alanga va sirka hidini chiqarib yonadi.
Atsetat tolasi ko‘ylakbop gazlamalar, ichki trikotaj buyumlarini ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Shisha va metallsimon tolalar. Shisha tolalarini olish uchun silikat shisha sharchalari elektr pechlarda 1370°C haroratda suyuqlantiriladi. Tez aylanib turadigan baraban fileradan chiqayotgan suyuq shisha oqimlarini ilashtirib ketadi va cho‘zadi. Shisha havoda soviganda ingichka iplar hosil bo‘ladi. Shisha tolalari egiluvchan, yorug‘likni yaxshi o‘tkazadi, yorug‘lik va alanga ta'siriga yaxshi chidaydi, elektr, issiqlik, tovushni izolyatsiyalash xossalari yuqori. Kimyoviy sabotliligi katta. Gigroskopligi esa past 0,2 foiz.Shisha tolalarni bo‘yash uchun suyuq shisha massasiga xrom, kobalt, marganes, temir, oltin va boshqa birikmalar qo‘shiladi. Shisha tolalarning rangi har xil ta'sirlarga yaxshi chidaydi.Shisha tolalar texnik va bezak gazlamalar olish uchun ishlatiladi.
Metall iplar mis yoki mis qotishmalaridan qilingan simlarni asta-sekin cho‘zish yoki yassi alyuminiy lentani qirqish yo‘li bilan olinadi. Ip sirtida yaltiroqlik hosil qilish uchun unga yupqa oltin yoki kumush qatlami surkaladi. Ba'zi metall iplar rangli pigmentlar va yupqa sintetik himoya plyonkasi bilan qoplanadi.Metall iplar daraja nishonlari, zarhal buyumlar, yaltiroq gazlama va gazlamalarni bezash uchun ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |