Lirik tur. She’rning shakliy tuzilishlari
Lirika (yun., cholg‘u asbobi) adabiy tur sifatida qadimdan shakllangan bo‘lib, o‘zining bir qator xususiyatlariga egadir. Lirikaning belgilovchi xususiyati sifatida uning tuyg‘u-kechinmalarni tasvirlashi olinadi. Ya’ni, epos va dramadan farq qilaroq, lirika voqelikni tasvirlamaydi, uning uchun voqelik lirik qahramon ruhiy kechinmalarining asosi, ularga turtki beradigan omil sifatidagina ahamiyatlidir. Shu bois ham lirik asarda voqelik lirik qahramon qalb prizmasi orqali ifodalanadi, yanayam aniqrog‘i, lirikada kechinmani tasvirlash uchun yetarli miqdordagi voqelik "parchalari", detallargina olinadi.
Lirikaning asosiy obrazi - lirik qahramon (ba’zan u lirik subyekt deb ham yuritiladi). Ko‘pincha lirik qahramon deganda muallif tushuniladiki, bu har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Zero, shoir o‘zining kechinmalarini tasvirlashi ham, o‘zganing ruhiyatiga kirgan holda o‘sha "o‘zga shaxs" kechinmalarini tasvirlashi ham mumkin bo‘ladi. Bu o‘rinda yana bir muhim masala shuki, she’rda xatto shoir o‘z kechinmalarini tasvirlagan holda ham lirik qahramon bilan real shoir orasiga tenglik alomati qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki, birinchidan, L.Tolstoy aytmoqchi, inson qalbida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha qalblar imkoniyat tarzida mavjuddir, shunga ko‘ra va ikkinchidan, shoir o‘zganing holatiga qirishi, ma’lum hayotiy situatsiyadagi istalgan insonning kechinmasini his qilishi ham mumkin. Masalan, Cho‘lponning "Men va boshqalar" she’ri garchi lirik "men" tilidan berilgan bo‘lsa-da, uning lirik qahramoni shoir emas, balki o‘zbek qizining umumlashma obrazi ekanligi oyday ravshan. Lirik qahramon, epik asar qahramonlaridan farqli o‘laroq, noplastik obraz sanaladi. 1
Musulmon Sharqi mumtoz adabiyotida she'riy shakllar asrlar mobaynida sayqallanib, ishlanib, muayyan, qat'iy qoliplarga aylangan.
Shakllar ko'p hollarda bandning necha misradan iboratligi va qofiya tizimiga bog'liq bo'ladi. Masalan, ikki misradan iborat band «bayt» deyiladi. Baytlar ham ikki xil bo'ladi: agar barcha juft misralar o'zaro qofiyalanishi qoida tusini olgan bo'lsa, bu «masnaviy» deyiladi. Bu - alohida janr. Dostonlar masnaviy tarzida bitiliadi.
G'azalning bandlari ham baytlardan iborat bo'ladi. Biroq endi bu baytlarning birinchisi (matla') xuddi masnaviydagi kabi bir-biriga qofiyalangan ikki misradan tashkil topadi. Qolgan baytlarning ikkinchi misrasigina qofiyali bo'lishi va endi shu matla'dagi qofiyaga ohangdoshlik qilishi lozim.
Qit’a ham baytlardan tashkil topadi. Biroq shaklan g'azaldan farqi shundaki, uning matla'si yo'q: xuddi g'azalning o'rtadagi bir necha baytini yulib olganga o'xshaydi. Shuning uchun «qit’a» so'zi aynan «bo'lak», «parcha» degan ma'noni anglatadi.
O'zbek mumtoz she'riyatida she'riy shakllarni aniqlashtirishga xizmat qiladigan «musammat» degan tushuncha ham bor. Bu arabcha so'z lug'aviy jihatdan «ipga terilgan marvarid» degan ma'noni anglatadi. Uning istilohiy ma'nosi ham shundan kelib chiqadi. Ya'ni bu tushuncha she'rlar bandlarining baytdan tashqari turlarini anglatuvchi umumiy atama hisoblanadi.
Musammatlar yaratilish xususiyatiga ko'ra, avvalo, ikkiga bo'linadi:
Mustaqil (tab'i xud) musammatlar.
Tazmin (biror g'azal asosida - zaminida yaratilgan) musammatlar.
Musammatlarni bandlardagi misralarning soniga qarab ham bir necha turga ajratish mumkin:
Musallas (har bandi uch misradan tashkil topgan) musammatlar.
Murabba' (har bandi to'rt misradan tashkil topgan) musammatlar.
Muxammas (har bandi besh misradan tashkil topgan) musammatlar.
Musaddas (har bandi olti misradan tashkil topgan) musammatlar.
Musabba' (har bandi yetti misradan tashkil topgan) musammatlar.
Musamman (har bandi sakkiz misradan tashkil topgan) musammatlar.
Mustasne' yoki tasne' (har bandi to'qqiz misradan tashkil topgan) musammatlar.
Muashshar yoki mashru' (har bandi o'n misradan tashkil topgan musammatlar.
Musammatlar qofiya tizimi ham to'rtga bo'linadi:
Musammatlar, xuddi g'azal kabi, qat'iy qofiya tizimiga amal qilishni talab etadi, ya'ni birinchi bandning barcha misralari o'zaro qofiyalanib, keyingi bandlarning faqat oxirgi satrlari birinchi bandga (masalan, musamman musammatda: o-a-a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-b-b-b-a, d-d-d-d-d-d-d-a va hokazo tarzda) qofiyalanadi.
Musammatlarning ikkinchi bir turida keyingi bandlarning oxirgi bir emas, ikki misrasi birinchi band qofiyasiga (masalan, musamman musammatda: a-a-a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-b-b-a-a, d-d-d-d-d-d-a-a va hokazo tarzda) ohangdosh bo'iadi.
Musammatlarning shunday turi ham borki, unda oxirgi ikki misra barcha bandlarda aynan - naqarot kabi takrorlanadi. Masalan, Zokirjon Furqatning jami yetti bandli «Sayding qo'ya ber, sayyod...» musaddasi shunday. Ya'ni uning birinchi bandi a-a-a-a-a-a tarzida qofiyalangan. Keyingi olti bandning dastlabki to'rt misrasi b-b-b- b, d-d-d-d, f-f-f-f, g-g-g-g, h-h-h-h, i-i-H tarzida qofiyalangan. Lekin oxirgi ikki, ya'ni beshinchi va oltinchi misralar aynan - naqarot tarzida takrorlanib keladi. Shu jihati bilan bu musammatning a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-a-a, d-d-d-d-a-a va hokazo tarzda qoftyalanadigan turidan farq qiladi.
4.Musammatning yana bir turi bor. Bunda birinchi bandning barcha misralari bir qofiyaga bo'ysundirilmagan bo'ladi. Masalan, Nodiraning darsda ko'rib o'tilgan birinchi bandi a-a-a-a-a-a-a-a- . tarzida qofiyalangan muashshari shunday. Asar jami o'n banddan rat. Ko'rganingizdek, uning keyingi bandlari dastlabki sakkiz misrasi b-b-b-b-b-b> d-d-d-d-d-d-d< hokazo tarzda qofiyalanib keladi-da, to'qqizinchi va o'ninchi misralar sifatida birinchi misraning oxiridagi ikki misra aynan naqarot tarzida takrorlanadi.
Ahmad Taroziy “Funun ul-balog’a” asarida lirik turlarning musammat shakllari haqida:“Musammat besh turlik bo’lur:
musammati murabba,
musammati musamman,
musammati musaddas,
musammati muxammas,
musammati muashshar ”, - deb keltiradi.
Musammatlarning murabba’ shakli xususida: “Ammo musammati murabba’ aning tek bo’lurkim, she’rni to’rt qisim qilurlar. Uch qismning oxirinda saj’ rioyat qilubdur. To’rtinchi qismda qofiya keltirurlar. Misolu bu:
Ey orazi rashk-i qamar, zulfing g’amida har sahar
Chin-u Xo’tanda mushk-i tar oshufta-u shaydo bo’lur.
Har lahza ey moh-i Xo’tan bo’lsang xiromon dar chaman,
Faryodu nolish yuz tuman har go’shadin paydo bo’lur.”
Yuqoridagi keltirilgan murabba’da quydagicha ma’no zikr etilgan: ey yuzi oyning rashkini keltiradigan zebo, men soching iforidan har tong g’amdaman. Zulfingdan taralayotgan mushkdan Chin va Xo’tan ahli izingga oshufta va shaydo bo’libdir. Ey Xo’tan oyi, har lahza chamanda xiromon qilmasang, har go’shada faryod va nolish yuz marta ortib boradi.
Musammati muxammas besh misra bo’lishi va to’rtinchi misraning oxirida sab’ qilinishi (rang berib, bezab), beshinchi misrada asl qofiyaga ruju’ qilinishi aytib o’tilgan. Masalan,
G’amzang o’qina qildi sipar huri pari jon,
Ko’k ahli bo’lur ko’rsa qoshing yosini qurbon.
La’ling g’amida ko’zdin oqar shomi sahar qon,
Bu javru jafokim, qiladur jonima hijron,
O’lmak bu tiriklikdin o’libtur manga oson.
Musammati musaddas besh misrada saj’ saqlanib, oltinchi misrada boshqa qofiya keltirish mumkin.
Ahmad Taroziy musammatning musamman turi xususida “… she’rni sakkiz qism qilurlar. Yetti qismini musabba’ qilib, sakkizinchi qismida asl qofiyaga kelurlar. Misoli bu shakl:
Chu qilding ixtiyori ishq, ey dil,
Ko’zing och, kel o’zinga bo’lma g’ofil.
Padid ermas chu bu daryoga bu sohil,
O’zing sen avvalo o’zinga xoyil,
Erur bu ishq ishi bisiyor mushkil,
Ki tarki jon erur avvalgi manzil,
Alarkim qildilar maqsud hosil,
Qadam o’rniga avval qo’ydilar bosh.”
Bu o’rinda musammanning yettinchi misrasigaga qadar murabba’ shaklida qofiyalanib, sakkizinchi misrada asosiy qofiyaga o’tilgan. Bunda esa she’rning ta’sirchanligi oshgan. Xullas, lirikaning mussammat turlari badiiy adabiyotda yangi shakllar imkoniyatlar qidirishga, g’azal doirasidan chetga chiqib his-tuyg’ularni kengroq ifodalashga, turli badiiy lavhalar, obrazlar yaratishga intilish mahsuli sifatida yuzaga kelib poetik janrlar qatorini boyitdi, desak mubolag’a bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |