Me’daning surunkali yallig‘lanish kasalliklarida dietoterapiya
Surunkali gastrit – me’da shilliq qavatining, ayrim hollarda – chuqurroqdagi
qavatlarning ham surunkali yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, bunda bezli epiteliyning
gistologik qayta qurilishi amalga oshadi va me’da atrofiyasi, sekretor va motor
funktsiyalarining buzilishi ro‘y beradi. Ba’zan yallig‘lanish o‘n ikki barmoq
ichakning ham shilliq qavatiga o‘tib, gastroduodenit rivojlanadi.
186
Statistika bo‘yicha, 50 yoshdan oshganlarning yarmidan ortig‘i gastrit va
gastroduodenit bilan og‘riydi. Bu me’da-ichak traktining eng ko‘p uchrovchi
kasalliklaridir hazm qilish a’zolari strukturasida 35 % ni, me’da va o‘n ikki barmoq
ichak kasalliklari orasida 80 – 85 % ni tashkil qiladi.
Zamonaviy gastroenterologiyada surunkali gastrit, ayniqsa uning atrofik-
giperplastik shakli o‘smadan oldingi kasalliklar qatoriga kiritiladi.
Surunkali gastritning bir qancha tasniflari mavjud. Etiologiyasiga ko‘ra ushbu
kasallik uch turga bo‘linadi: autoimmun gastrit V12 defitsitli anemiyada,
xelikobakter mikroblari bilan bog‘liq bo‘lgan surunkali gastrit va aralash shakli.
Kislota ishlab chiqarish funktsiyasining buzilishiga ko‘ra surunkali gastrit va
gastroduodenit uchta asosiy guruhga bo‘linadi: pasaygan, meyoriy va kislotalik
oshgan shakllari. Ko‘pchilik hollarda dastlab surunkali gastrit turlicha sekretor fon
bilan kechib, so‘ng me’da shirasi sekretsiyasi va kislotalilik pasayishiga moyillik
mavjud.
Joylashuviga ko‘ra gastritlar tarqoq, antral va chegaralangan bo‘ladi.
Shuningdek, o‘ziga xos nomlanuvchi alohida shakllari ham mavjud, jumladan
gemmoragik, rigid, gigant gipertrofik, polipoz va eroziv gastritlar.
Zamonaviy izlanishlar natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, me’daning kislotali
muhitiga chidamli bo‘lgan xelikobakter pilori bakteriyasi gastrit rivojlanishining
asosiy sababi hisoblanadi. Uning hayot faoliyati me’da shilliq qavati
degeneratsiyasiga sabab bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar natijasida ishlab chiqariladigan
me’da shirasi, Kaslning ichki omili miqdori kamayadi. Kaslning ichki omili V12
vitamini almashinuvida ishtirok etadi, uning etishmovchiligi anemiyaga olib keladi.
Shuningdek surunkali gastritning rivojlanishga quyidagi moyillik omillari ham
ta’sir ko‘rsatadi: ovqatlanishning buzilishi, achchiq va dag‘al ovqatlarning iste’mol
qilinishi, haddan ziyod issiq taomlarga moyillik, spirtli ichimliklar, tamaki, kasbiy
zararli omillar, ovqat allergiyasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolari va endokrin sistemaning
yallig‘lanish kasalliklari, temir etishmovchiligi, nasliy moyillik va h.k.
75 % holatlarda surunkali gastrit surunkali xoletsistit, appenditsit, kolit va hazm
qilish tizimining boshqa kasalliklari bilan birga uchraydi va kam holatlarda o‘tkir
gastrit natijasida rivojlanadi.
Odatda gastritning birinchi huruji to‘satdan paydo bo‘lib, aniq sababsiz
epigastral sohada keskin hurujsimon og‘riqlar, ba’zan ko‘ngil aynishi, qayt qilish
yuzaga keladi. Surunkali gastritning belgilari turli xil bo‘lib, ko‘pincha me’da
muxitining kislotalilik darajasiga bog‘liq.
Jig‘ildon qaynashi, epigastral sohadagi diffuz og‘riqlar, og‘irlik hissi,
qabziyatga moyillikka shikoyat qilgan bemorda meyoriy yoki kuchaygan sekretor
funktsiyali gastritga shubha paydo bo‘ladi. Odatda gastritning bu turi yuzaki yoki
bezlarning atrofiyasiz zararlanishi bilan kechadi, va me’da sekretsiyasi aniqlanganda
quyidagi o‘zgarishlar qayd qilinadi, bazal sekretsiya 10 mmol/soat gacha ortadi,
stimullangan sekretsiya (maksimal gistaminli stimullashdan so‘ng) 35
mmol/soatgacha etadi va kechasi me’da sekretsiyasining yuqori bo‘lishi e’tiborga
molik.
187
Sekretor etishmovchilikli surunkali gastrit rivojlanganda me’da shilliq qavatida
atrofik o‘zgarishlar va buning natijasida sekretsiyaning kamayishi kuzatiladi.
Odatda gastritning bu turi bilan etuk va keksa yoshdagi odamlar og‘riydi. Pasaygan
sekretor funktsiyali gastrit uchun quyidagi simptomlar xosdir, epigastral sohadagi
diffuz to‘mtoq og‘riqlar va og‘irlik hissi, ishtahaning buzilishi, ko‘ngil aynishi,
kekirish, og‘izdagi yoqimsiz tam, meteorizm, diareya. Agar kasallik uzoq vaqt
davomida davolashsiz kechsa, bemor ozib ketadi, qondagi oqsil miqdori kamayadi,
poligipovitaminoz,
kuchsiz
gipokortisizm
va
boshqa
endokrin
bezlar
etishmovchiligining simptomlari, normoxrom yoki temir defitsitli anemiya yuzaga
keladi. Shuningdek, surunkali gastrit uzoq vaqt davom etsa yallig‘lanish jarayoni
me’da-ichak traktining boshqa a’zolariga ham tarqalib, enterit, ichak disbakteriozi,
pankreatit, xoletsistit kabi kasalliklar rivojlanadi.
Surunkali gastritni davolashda dieta tartibi asosiy o‘rin tutib, u oshqozonning
sekretor funktsiyasi, bemorning umumiy ahvoli va kasallikning bosqichiga bog‘liq
bo‘ladi. Lekin, shuning bilan birgalikda surunkali gastritlarda dieta bemor uchun
optimallashtirilgan bo‘lishi va uning ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘la
qondirishi kerak. So‘nggi yillarda turli mualliflarga tegishli ko‘plab dietalar, turli
yo‘nalishlar keng qo‘llanilmoqda. Shu sababli, maxsus ishlab chiqilgan, tekshirilgan
va dietologiyada tavsiya qilingan ratsionlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Me’yoriy yoki kuchaygan sekretsiya bilan kechuvchi surunkali gastritning
qo‘zg‘alishida dastlabki 1-2 kun ovqat iste’mol qilishdan cheklanish tavsiya
qilinadi, ko‘p miqdorda suv ichish ruxsat etiladi. So‘ng, bemorga dieta №1a
belgilanadi. O‘tkir gastrit yoki surunkali gastritning qo‘zg‘alishida me’daning
ta’sirlanish simptomlari bo‘lgan ko‘ngil aynishi, kekirish, jig‘ildon qaynashi kuchli
namoyon bo‘ladi, bu vaqtda me’dani maksimal tarzda termik, mexanik va kimyoviy
himoya qilish lozim.
Quyidagi taomlar tavsiya qilinadi: turli yormalardan bug‘doy yormasidan
tashqari tayyorlangan, sut, qaymoq, saryog‘ qo‘shilgan shilliq sho‘rvalar, go‘sht va
baliqning yog‘siz navlaridan bug‘da tayyorlangan sufle, kuchli qaynatilgan tuxum,
bug‘da tayyorlangan quymoq, sut, tvorog, tvorogli sufle, gomogenlashtirilgan
sabzavot va mevali pyurealar, shirin navli mevalardan tayyorlangan kisel va jelelar.
Mazkur dieta, odatda, 1-3 kunga, ba’zan, 3-5 kunga belgilanadi. Ovqatlanish
tartibi oz-ozdan, sutkada 5-6 mahal.
Bundan keyin kasallik belgilarini sustlashuvi, sekretor buzilishlarning turiga
qarab dieta o‘zgarib boradi.
Dieta № 1a dan 7-10 kun so‘ng, dieta № 1b belgilanadi.
Ushbu dieta asosiy oziq moddalarning fiziologik nisbati bilan xarakterlanadi va
1-2 hafta davomida belgilanadi. Agar og‘riq va dispepsik sindromlarda ijobiy
dinamika kuzatilsa ko‘ngil aynishi, kekirish, jig‘ildon qaynashi bo‘lmasa, bemorga
1-2 hafta muddatga dieta № 1b dan surunkali gastrit bilan og‘rigan bemorlar bir
necha oy davomida amal qilishlari lozim bo‘lgan dieta № 1 tavsiya qilinadi.
Keyingi bosqichda dieta № 5 ga o‘tiladi. Ushbu dieta o‘t ajralishi, ichak
peristaltikasini stimullaydi.
188
Mazkur dietada ham etarli miqdorda oqsillar, ovqat tolalari, suyuqlik va oson
o‘zlashtiriladigan uglevodlar bo‘ladi. Yomon eruvchi yog‘lar, xolesteringa, osh
tuziga boy mahsulotlar, azotli ekstraktiv moddalarning miqdori esa sezilarli darajada
cheklangandir, sovuq ovqatlar tavsiya qilinmaydi. Barcha taomlar suvda yoki
bug‘da pishiriladi. Birinchi taomlar vegeteriancha yoki juda kuchsiz bulyon asosida
bo‘lishi kerak va bu dietaning qo‘llanilish muddati kasallikning kechish
xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, individual tarzda belgilanadi.
Parhez ovqatlanishning maqsadi ratsionning fiziologik to‘laqonliligini
saqlagan holda gastroduadenal zonaga ta’sirni kamaytirish, kislota-peptik omilning
me’da shilliq qavatiga salbiy ta’sirini iloji boricha kamaytirishdan iborat. Mazkur
dieta me’daning sekretor va motor-evakuator funktsiyalarini meyoriylashtirish
imkonini
beradi.
Bunga
oshqozon
shirasi
sekretsiyasining
kuchli
stimulyatsiyasining oldini olish, mexanik himoyaviy dieta, ovqatlanish tartibini
belgilash yo‘li bilan erishiladi, natijada ovqatning antasid ta’siri vaqti uzayadi.
Bemor ratsionidan uzoq muddatga xatto turg‘un remissiya holati yuzaga
kelganda ham me’da sekretsiyasini kuchli qo‘zg‘atuvchi mahsulotlar jumladan efir
yog‘lari, kislotalar, go‘sht va baliqning ekstraktiv moddalarini olib tashlash tavsiya
etiladi.
Me’yoriy yoki kuchaygan sekretsiya bilan kechuvchi surunkali gastrit
ratsionini yangi tayyorlangan kartoshka va karam sharbatlari bilan boyitish kerak.
Sekretor etishmovchilik bilan kechuvchi surunkali gastritning qo‘zg‘alish
davrida va ich ketishiga moyillik bo‘lganda dieta № 4b tavsiya qilinadi, undan keyin
dieta № 4v qo‘llaniladi. Ushbu dietada uglevodlar miqdori kamroq bo‘lgani sababli,
kaloriyasi ham yuqori emas. Dag‘al o‘simlik tolalari, to‘liq sut, sutda tayyorlangan
birinchi va ikkinchi taomlar, osh tuzi hamda ziravorlar bemorning ahvoliga qarab
kam miqdorda beriladi, yoki umuman cheklanadi shuningdek o‘ta issiq va o‘ta
sovuq taomlar ham iste’mol qilinmaydi. Mahsulotlar tarkibi bo‘yicha dieta № 4
to‘laqonli hisoblanadi va taomlar bug‘da yoki suvda pishirilib tayyorlanadi.
Dieta №4 da tavsiya qilinadigan taomlar, ya’ni baliq va go‘shtli kotletlar, suv
yoki sutda tayyorangan guruch, mannka bo‘tqalari va pudinglari, qirg‘ichlangan,
shakarli tvorog, mevali kisel va jelelar, oq suxarilar, tuxum.
Hom sabzavot va mevalar, yong‘oqlar, qora non, o‘rmon mevalari, konservalar
butunlay taqiqlanadi.
Sog‘ayish yoki kuchsizlanish davrida dieta № 2 tavsiya etiladi, agar jigar, o‘t
yo‘llari va me’da osti bezining yondosh kasalliklari bo‘lmasa asosiy oziq moddalar
va quvvat miqdori bo‘yicha to‘laqonli dieta bo‘lib, ozuqaning ozroq mexanik
maydalanishi va hazm qilish a’zolari sekretsiyasini kuchsiz stimullashi bilan
farqlanadi. Mazkur dietada ovqat mahsulotlari fiziologik to‘laqonli, tarkib jihatdan
xilma-xil bo‘lishi va me’dada kislota ishlab chiqarilishini stimullovchi,
bemorlarning pasaygan ishtahasini ko‘taradigan mahsulotlarni tutadi. Shu maqsadda
yog‘sizlantirilgan baliq va go‘sht bulyonlari asosidagi sho‘rvalar, baliq va
go‘shtning yog‘siz navlari, ukrop, petrushka, seld kabilar buyuriladi. Bemorlarga
iste’mol uchun shuningdek, qotgan qora non, qaynatilgan, dimlangan sabzavotlar,
suvdagi yoki sut qo‘shilgan uvalanuvchi bo‘tqalar, yaxshi qaynatilgan tuxum,
189
achchiq bo‘lmagan pishloq navlari, yog‘siz kolbasa, meva va sabzavot sharbatlari,
qattiq bo‘lmagan olmalar ham ruxsat etiladi.
Oshqozonda uzoq muddat hazm bo‘luvchi, uning shilliq qavatiga ta’sir qiluvchi
va ichaklarda bijg‘ish jarayonlarini kuchaytiruvchi mahsulotlar ya’ni go‘sht va
baliqning yog‘li navlari, achchiq va sho‘r taomlar, salqin ichimliklar, yangi oq va
qora non, hamrdan yangi tayyorlangan mahsulotlar, ko‘p miqdordagi karam va
uzum tavsiya etilmaydi.
Sekretor etishmovchilik bilan kechuvchi surunkali gastritdan aziyat chekuvchi
bemorlar ko‘pincha to‘liq sutni ko‘tara olmaydilar va xushlamaydilar. Bunday
holatlarda qatiq mahsulotlari (kefir, prostokvasha), tvorogdan foydalangan ma’qul.
Shuningdek, mazkur dieta surunkali enterit va kolitlarda qo‘zg‘alish bo‘lmagan
vaqtda va qo‘zg‘alishdan keyin, boshqa yondosh kasalliklar bo‘lmasagina
belgilanadi.
Sekretor etishmovchilik bilan kechuvchi surunkali gastrit uzoq vaqt davom
etganda, odatda, temir defitsitli anemiya va enterokolitlar rivojlanadi. Shuning
uchun bemor organizmiga qo‘shimcha oziq moddalarning tushishi juda muhimdir.
Ratsion oqsil, vitaminlar va temir moddalari bilan boyitiladi. Bundan tashqari,
enteritda bemor menyusiga qo‘shimcha tarzda ko‘p miqdorda fosfor va kaltsiy
tutuvchi mahsulotlarni kiritish kerak bo‘ladi.
Sutkalik ratsion tarkibi: oqsillar – 90 – 100 gr (ulardan 60 % - hayvon oqsillari),
yog‘lar – 90–100 gr (ulardan 25 % - o‘simlik yog‘lari), uglevodlar – 400 – 420 gr.
Ratsionning quvvat qiymati – 2800 – 3000 kkal.
Mexanik himoya qilish qoidalaringa amal qilish uchun ovqatlanish tartibi oz-
ozdan, kuniga 4-5 mahal bo‘lishi kerak va ovqatni har doim bir vaqtda qabul qilish
tavsiya qilinadi.
Ruxsat etilgan taomlar qatoriga turli maydalanish darajasi va termik ishlovga
ega mahsulotlar kiradi. Ularni qaynatish, dimlash, pechda pishirish, qattiq qobiq
hosil qilmay qovurish mumkin. Menyu tuzayotganda qovurilgan taomlar me’da
shilliq qavatiga kuchliroq mexanik ta’sir qilishini inobatga olish lozim. Suvda
qaynatilgan va bug‘da tayyorlangan taomlar esa me’da-ichak traktining shilliq
qavatiga eng kam mexanik ta’sir ko‘rsatadi.
Biriktiruvchi to‘qimaga yoki kletchatkaga boy mahsulotlardan taom
tayyorlashdagina ularni qirg‘ichdan o‘tkazish tavsiya qilinadi. Go‘shtni pay va
fassiyalardan, parranda go‘shtini esa terisidan tozalash kerak.
Ovqatning harorat tartibi ham ma’lum ahamiyatga ega. O‘ta sovuq va o‘ta issiq
ovqatlar ratsiondan olib tashlanishi kerak (15 0S dan past va 57-62 0S dan yuqori),
chunki ular qo‘zg‘atuvchi ta’sirini ko‘rsatadi. Och qoringa o‘ta sovuq taomlar
iste’mol qilinganda oshqozon termoretseptorlarining reflektor ta’siri natijasida
ichaklar peristaltikasi keskin kuchayadi shuning uchun taomlarning optimal harorati
37-38 0S ni tashkil qiladi.
Parhez ovqatlanish individual tarzda 1-2 oydan bir necha yilgacha bo‘lgan
muddatga belgilanadi. So‘ng, bemor turg‘un remissiya holatiga etgach, uning
ratsioni ovqat mahsulotlari xilma-xilligi, ularning kimyoviy tarkibi va kulinar ishlov
berish usuli bo‘yicha odatiy ratsional ovqatlanishga yaqinlashtiriladi. Lekin, bunday
190
ovqatlanishga o‘tish jarayonida hazm qilish traktidagi boshqa a’zolarning, ya’ni
jigar, me’da osti bezi, ichaklar patologik jarayonga qamrab olinish darajasini
aniqlash maqsadida ularning holatini o‘rganish kerak.
Oz-ozdan ko‘p marotaba ovqatlanish tartibi bemorning remissiya davrida ham
tavsiya qilinadi, ya’ni kuniga 4 mahal. Tamaki chekish, spirtli ichimliklar, yog‘li
taomlar, hamr mahsulotalari, qovurilgan ovqatlar, quymoqlar, dudlangan
mahsulotlar, marinadlar, qalampir, gorchitsa, sirka iste’mol qilish ta’qiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |