Ingichka va yo‘g‘on ichak kasalliklarida dietoterapiya asoslari
Surunkali enterit – ingichka ichakning yallig‘lanish-distrofik kasalligi bo‘lib,
bunda ichak shilliq qavatining bosqichma-bosqich atrofik o‘zgarishlari sodir bo‘ladi
va so‘rish funktsiyasi buziladi. Ichakning so‘rish va hazm qilish funktsiyasi uning
asosiy vazifasi hisoblanadi ya’ni barcha ozuqa moddalari – oqsillar, yog‘lar,
uglevodlar, vitaminlar, mineral moddalar so‘riladi va qon tomirlariga o‘tadi.
Surunkali enterit keng tarqalgan kasallik bo‘lib, bolalarda ham, kattalarda ham
uchraydi. Odatda u kolit, ya’ni yo‘g‘on ichakning surunkali yallig‘lanishi bilan birga
uchraydi.
Surunkali enteritning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Mazkur kasallik
polietiologik kasalliklar qatoriga kiradi. Ba’zida u ingichka ichakning o‘tkir
enteritidan so‘ng, turli ichak infektsiyalari masalan, dizenteriya tayoqchasi,
stafilokokklar, salmonellalar, iersiniyalar, kampilobakteriyalar, rotaviruslar,
parazitar kasalliklar (lyambliyalar, gelmintlar va b.) sababli rivojlanadi. Bu holatda
surunkali enteritga o‘tkir infektsiya qo‘zg‘atuvchisining bartaraf qilinishiga
qaramay, yallig‘lanish jarayoni davom etayotgan postinfektsion jarayon sifatida
rivojlanadi.
Shuningdek, surunkali enteritning tez-tez uchrovchi sabablariga alimentar
buzilishlar, alkogolizm, ayrim dori vositalarini ortiq iste’mol qilish (antibiotiklar,
neomitsin, salitsil guruhi preparatlari, tsitostatik preparatlar, immunodepressantlar)
kiradi. Ushbu omillar ichakda mikroflora muvozanatining buzilishi – disbakteriozga
sabab bo‘lib, u kasallikning patogenezida muhim o‘rin tutadi.
Surunkali enteritning belgilari ovqat allergiyasida, sanoat zaharlarining
jumladan fosfor, simob, mishyak, qo‘rg‘oshin yoki ionlashtiruvchi nurlarning
ta’sirida rivojlanishi ham mumkin.
Ichaklar funktsiyasi etishmovchiligining tug‘ma shakllari mavjud bo‘lib, ular
ingichka ichakning enzimodefitsit zararlanishlari bilan namoyon bo‘ladi. Buning
natijasida ingichka ichakdagi hazm qilish jarayonlari buzilib, asta-sekin enteritning
klinik belgilari rivojlanadi.
Ikkilamchi surunkali enteritlarning katta guruhi mavjud bo‘lib, ular boshqa
a’zolar funktsiyalarining buzilishi natijasida paydo bo‘ladi. Kasallikning ushbu
guruhi sekretor etishmovchilik bilan kechuvchi surunkali atrofik gastrit, surunkali
pankreatit, gepatit, jigar tsirrozi, buyrak etishmovchiligi, turli teri kasalliklari
psoriaz, ekzema, shuning me’da rezektsiyasidan so‘ng uchraydi.
Kasallikning rivojlanish mexanizmida bir qator asosiy omillar ahamiyatga ega
bo‘lib, ichakdagi yallig‘lanish bevosita ingichka ichak devoriga ko‘rsatilgan
191
surunkali zararlovchi ta’sirga (toksik, qo‘zg‘atuvchi va h.k.) javob tariqasida paydo
bo‘ladi va natijada disbakterioz rivojlanadi. Odatda ingichka ichak boy bo‘lmagan
bakterial floraga ega bo‘ladi, ushbu flora, asosan, uning distal bo‘limlarini qoplaydi.
Disbakteriozda ingichka ichak bo‘shlig‘i uning uchun xos bo‘lmagan mikroflora
bilan jadal qoplanadi, shartli-patogen mikroblarning soni ortadi, ularning kultural
xossalari o‘zgaradi, mikroorganizmlarning ingichka ichak shilliq qavatiga nisbatan
agressivligi ortadi. Shu sababdan hazm qilish jarayonidagi buzilish chuqurlashadi,
shartli-patogen mikroflora tomonidan ovqat mahsulotlarining parchalanishi
natijasida ajraladigan ayrim toksik moddalar esa ingichka ichak devoriga salbiy
ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, kasallikning rivojlanishida immunologik o‘zgarishlar ham
katta rol o‘ynaydi va ular ovqat moddalarining gidrolizi yoki bakterial
hujayralarning parchalanishi mahsulotlariga nisbatan gipersezuvchanlikning paydo
bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Surunkali enteritda toksik ta’sirlar natijasida ichak
devori oqsillari transformatsiyaga uchrab, ularning o‘zlari bo‘lg‘usida antigen rolini
bajaradilar, ya’ni autoimmun jarayon shakllanadi.
Mahalliy himoya omillarining kuchsizlashuvi, sekretor immunoglobulinlar
ishlab chiqarilishining kamayishi ham kasallikning rivojlanishida ma’lum
ahamiyatga ega. Yallig‘lanish jarayoni ta’sirida bo‘shliq va devor oldi hazm
jarayonida qatnashuvchi ichak fermentlari, shuningdek, ingichka ichakdagi
absorbsiyani amalga oshiruvchi tashuvchi fermentlarning ishlab chiqarilishi
buziladi.
Surunkali enterit og‘irlik darajasiga ko‘ra farqlanadi, ya’ni
I darajada ichak kasalliklari simptomlari kuchsiz namoyon bo‘ladi, umumiy
ahvol biroz yomonlashadi. Bu darajada funktsional testlardagi o‘zgarishlar minimal
darajada bo‘ladi.
II daraja ichak kasallik buzilishlariga moddalar almashinuvi buzilishlarining
qo‘shilishi bilan xarakterlanadi. Barcha funktsional testlarda sezilarli o‘zgarishlar
kuzatiladi.
III daraja ichakdagi hazmlanish va so‘rilish jarayonlarining buzilishi natijasida
yuzaga keluvchi og‘ir metobolik o‘zgarishlar bilan xarakterlanadi. Barcha
funktsional testlarning va deyarli barcha moddalar almashinuv turlaridagi
ko‘rsatkichlarning o‘zgarishi xarakterlidir.
Shuningdek, surunkali enterit faollik darajasiga ko‘ra, shartli ravishda
jarayonning remissiya va qo‘zg‘alish bosqichlariga bo‘linadi.
Surunkali enteritning klinik ko‘rinishi uchta asosiy sindromdan tarkib topadi
ya’ni enteral dispepsiya sindromi, enterit koprologik sindrom va so‘rishning
etishmovchilik malosorbtsiya sindromidir. Malabsorbsiya sindromi natijasida
kasallikning umumiy simptomlari – poligipovitaminoz, anemiya, endokrin
etishmovchilik, turli ichki a’zolardagi distrofik o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.
Enteral dispepsiya sindromi qorinning kindik atrofi sohasidagi nohush sezgilar,
qorindagi bosim, dam bo‘lish bilan namyon bo‘ladi. Ingichka ichakda hazmlanish
va so‘rilishning buzilishi natijasida undan ximusning tez o‘tishi va hazmlanmagan,
192
so‘rilmagan ximus va gazlarning ko‘richakka tushishi tufayli qorin quldirashi
yuzaga keladi.
Og‘riqlar ba’zi-ba’zida paydo bo‘lib, o‘tmas yoki spastik xarakterga ega
bo‘ladi, kindik atrofi sohasida joylashadi, kunning ikkinchi yarmida kuchayadi,
ba’zan ichak sanchig‘i shaklida xurujsimon xarakterga ega bo‘ladi, qattiq quldirashi
paydo bo‘lishi bilan og‘riqlar so‘nadi. Qorinni palpatsiya qilganda, kindikdan biroz
yuqoriroq va chaproq sohani bosganda og‘riq paydo bo‘ladi, shuningdek ingichka
ichak mezenteriysi bo‘ylab og‘riq aniqlanadi. Ba’zan ovqatlanishdan so‘ng
demping-sindromni eslatuvchi hodisalar kuzatilishi mumkin. Ushbu belgilarning
paydo bo‘lishi kasallikning og‘ir shaklga o‘tayotganidan darak beradi.
Enterit koprologik sindrom tez-tez sutkasiga 4-6 marta va ko‘p miqdorda ich
ketishi bilan namoyon bo‘ladi va axlat massalarining sutkalik umumiy miqdori 1,5-
2 kg ga etishi mumkin. Axlat massalarining konsistensiyasi bo‘tqasimon, rangi
qaytarilmagan bilirubin va ko‘p miqdordagi yog‘lar hisobiga och-sariq bo‘ladi,
shuningdek hazm bo‘lmagan ovqat bo‘laklarining bo‘lishi kuzatiladi, lekin qon va
yiring bo‘lmaydi. Agar ingichka ichakda chirish jarayonlari ustunlik qilsa, axlat
massalari yomon hid va ishqoriy reaktsiyaga ega bo‘ladi. Bijg‘ish jarayonlari
ustunlik qilsa u ko‘piksimon bo‘lib, gaz pufakchalarini tutadi va kislotali muxitga
ega bo‘ladi. Og‘ir holatlarda ich ketish soni sutkasiga 15 martagacha etishi mumkin.
Surunkali enteritning qo‘zg‘alishi dietani buzish natijasida yuzaga keladi.
Odatda bemorlar ko‘p miqdorda yog‘ va uglevod tutuvchi ovqatlarni, sut, achchiq
va yog‘li taomlarni hazm qila olmaydilar. Shuningdek, koprologik sindrom ko‘p
miqdorda ovqatlanishga javoban paydo bo‘ladi, bazida ovqatlanishdan biroz o‘tib
defekatsiyaga kuchli chaqiriqlar paydo bo‘ladi, defekatsiyadan so‘ng esa keskin
holsizlik, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, sovuq ter bosishi, qo‘llar qaltirashi, arterial
bosimning pasayishi kuzatiladi.
Malabsorbsiya sindromi tana vaznining kamayishi, ozib ketish, holsizlik, tez
toliqish, ta’sirchanlik, bosh og‘riqlari, bosh aylanishi, ish qobiliyatining pasayishi
bilan namoyon bo‘ladi.
Vitaminlar va mineral moddalar so‘rilishining buzilishi natijasida
poligipovitaminoz belgilari paydo bo‘lib, terining quruqligi, angulyar stomatit,
tirnoqlarning mo‘rtlashuvi, soch to‘kilishi, terining yupqalashuvi va muguzlashuvi,
polinevrit, qorong‘ida ko‘rishning buzilishi va h.k. sodir bo‘ladi.
Mikroelementlarning so‘rilishi buzilganda bir qator ionlar, ayniqsa kaltsiyning
miqdori kamayadi. Natijada qalqonsimon oldi bezlarining etishmovchiligi
gipoparatireoidizm belgilari paydo bo‘ladi ya’ni suyaklarnining patologik mo‘rtligi,
Xvostek va Trusso simptomlari, tutqanoqlar va boshqalar.
Surunkali enterit uzoq vaqt davom etganda, temir va B12 defitsiti anemiyasi,
ichki a’zolar, jumladan jigar, miokard, buyraklar va boshqa a’zolar distrofiyasi
simptomlari rivojlanadi.
Surunkali enteritning diagnostikasida quyidagi tekshirishlar qonning umumiy
va biokimyoviy tahlili, koprologik va bakteriologik tekshiruvi, jigar, o‘t yo‘llari,
me’daosti bezining ultratovush tekshiruvi, mo‘ljalli biopsiya ichak endoskopiyasi
usullari ahamiyatli. Qonning umumiy tahlilida anemiya, biokimyoviy tahlilida esa
193
oqsil, xolesterin miqdorining pasayishi aniqlanadi. Koprologik tekshiruvda hazm
bo‘lmagan yog‘ steatoreya, mushak tolalari kreatoreya, hujayradan tashqari kraxmal
amiloreya, kletchatka, shuningdek, shilliq va leykotsitlar miqdorining yuqoriligi
aniqlanadi, bakteriologik tekshiruvda disbakterioz borligi aniqlanadi.
Surunkali enteritni davolashda dietadavo juda muhim ahamiyatga ega.
Qo‘zg‘alish davrida kasallikning og‘irlik darajasiga qarab dieta №4, №4b, №4v
lardan biri belgilanadi. Kasallik qo‘zg‘alish davrida dastlab dieta № 4 qo‘llaniladi,
so‘ng yallig‘lanish jarayonlarining tinchlanishiga qarab dieta № 4b belgilanadi.
Tuzalish davrida dieta № 4v tavsiya qilinadi. Dieta № 4v dan so‘ng umumiy stolga
ohista o‘tish uchun dieta № 2 belgilash kerak. Mazkur dietalarga amal qilish muddati
turlicha bo‘lib, odatda, kasallikning og‘irlik darajasiga va organizmning individual
xususiyatlariga bog‘liq.
Dori vositalari bilan davoda qo‘llaniladi: antibiotiklar, meyoriy ichak
mikroflorasini tutuvchi preparatlar, fermentativ preparatlar, sorbentlar, diareyaga
qarshi preparatlar, oqsil preparatlar, vitaminlar va mikroelementlar va metaboliklar.
Surunkali enteritning profilaktikasi sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga rioya
qilish, o‘tkir ichak infektsiyalari va ovqatdan zaharlanishlarni o‘z vaqtida, adekvat
davolashdan iborat. Surunkali enteritlar, kolitlar va ichak tasirlanish sindromi
kasalliklarida parhez davoga uzoq vaqt rioya etish va kuyidagilarni man etish lozim
,achchiq, tuzli, mahsulotlar, spirtli, gazli ichimliklar qovurilgan, dudlangan taomlar,
xayvon egi,dukaklilar va boshqa tasirlovchi mahsulotlar. Surunkali ichak
kasalliklarini gastoenterolog – dietolog tomonidan uzoq nazorat qilish va kasallik
xolatiga mos parhez belgilashi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |