5.Portlatish ishlari tasniflanishi
Portlatish ishlari olib borishda patronlangan portlovchi moddalarda kutilmagan hodisalar – detonatsiyaning o‘chib qolishi yoki zaryadidagi portlovchi moddaning to‘liq detonatsiyalanmaslik hollari uchrab turadi. Shpurdagi zaryadlarning turg‘unligi portlovchi moddaning kimyoviy tarkibi, uning fizikaviy holati, shuningdek, portlash sodir bo‘ladigan shart-sharoit bilan aniqlanadi. Uzaytirilgan zaryadlarning turg‘un detonatsiyasini aniqlovchi fizikaviy omillarga zaryadning diametri, zaryaddagi portlovchi modda zichligi, bir xil turdagi portlov- 108 chi moddalarning yoki portlovchi modda aralashmasidagi birikmalar (komponentlar) maydaligi darajasi va ularning bir tekis aralashtirilganligi, ammiak-selitrali portlovchi moddalarning namligi, portlovchi modda patron g‘ilofining mavjudligi va uning o‘rash xarakteri, boshlang‘ich impuls quvvati va boshqalar kiradi. Ma’lumki, portlovchi kimyoviy birikmalar va, ayniqsa, mexanik aralashmalar uzaytirilgan zaryadlari detonatsiyasi uning zaryadining diametri kritik diametrdan katta bo‘lgandagina turg‘un bo‘ladi. Kritik diametr deb, itqituvchi portlovchi modda zaryadining minimal (eng kichik) diametriga aytiladi, bunda lahimdagi hamma zaryad bo‘ylab o‘chmaydigan turg‘un detonatsiya qaror topadi. Uzaytirilgan zaryadni portlatganda detonatsiya to‘lqini o‘tishi bilan portlashdan hosil bo‘lgan gazlar hajmi keskin ko‘paysa, uning bosimi va harorati, aksincha, keskin pasayadi. Y. B. Xaritonning nuqtai nazariga muvofiq, uzaytirilgan zaryadda detonatsiya turg‘un bo‘lishi uchun detonatsiya to‘lqini frontida davomiylik portlovchi modda tashqi qatlamining itqitish vaqtidan kam bo‘lishi kerak. Zaryad diametrini kattalashtirilganda uning ustki qatlamining sochilish vaqti uzayadi. Agar detonatsiya to‘lqin frontida reaksiya davomiyligi katta bo‘lsa, turg‘un detonatsiya uchun bunday portlovchi modda zaryadining diametri yetarli bo‘lishi kerak. Agar portlovchi moddaning portlashga aylanishi katta tezlikda kechsa va detonatsiya to‘lqini frontida reaksiya vaqti kam bo‘lsa, u holda hatto zaryad diametri kichik bo‘lganda ham detonatsiya turg‘un bo‘lishi mumkin. Masalan, qo‘rg‘oshin azidi uchun kritik diametri millimetrning o‘ndan bir bo‘lagi bo‘lishi mumkin. Kichik diametrli zaryad portlatilganda hosil bo‘lgan gazning yon tomonga yo‘nalishlardagi nisbiy yo‘qotishlari shunday katta bo‘lishi mumkinki, bu holda detonatsiya tarqalishi mumkin bo‘lmay qoladi. Zaryad kritik diametrining kattaligi portlovchi modda detonatsiyalanish qobiliyatining me’yori hisoblaniladi: detonatsiyalanish qobiliyatiga ega bo‘lgan portlovchi modda zaryadining diametri qancha kichik bo‘lsa, shu portlovchi moddaning detonatsiyalash qobiliyati shuncha yuqori bo‘ladi. Ba’zi bir portlovchi modda uchun zichligi 0,9–1,0 g/sm3, uning zarrachalarining o‘lchami 0,18 mm atrofida bo‘lganda va uni shisha naychada portlatilganida zaryadning kritik diametri (mm) quyidagicha bo‘lishi mumkin: qo‘rg‘oshin azidida 0,01–0,02; TЭHda 109 1,0–1,5, geksogenda 1,0–1,5, tetrilda 6–7, trotilda 8–10, ammonit 6ЖВ larda 10–12 va ammiak-selitrasi uchun 80–100. Portlovchi modda zarrachalarining o‘lchami kattalashgan sari uning kritik diametri ham katta bo‘ladi. Masalan, trotil uchun zarrachaning o‘lchami 0,06 mm bo‘lganda, uning kritik diametri 9 mm ga teng; zarrachaning o‘lchami 0,5 mm bo‘lganda kritik diametri 28 mm ga teng bo‘ladi. Zaryadning eng yuqori detonatsiyalanish qobiliyati va mos holda zaryadning eng kichik kritik diametriga tarkibida ko‘proq faol (aktiv) komponentlar (tetril, geksogen va boshqalar) bo‘lgan portlovchi moddalar muvofiq keladi. Portlovchi moddalar tarkibidagi inert moddalar detonatsiyalanish tezligini kamaytirib, zaryadning kritik diametrini kattalashtiradi. Zaryaddagi portlovchi modda zichligi uning turg‘un detonatsiyalanishiga kuchli ta’sir etadi. Zichligi nisbatan kam bo‘lgan portlovchi moddaning zichligini ma’lum o‘lchamgacha ko‘paytirish detonatsiyalash tezligini oshirib, uning kritik diametrining kamayishiga olib keladi. Portlovchi moddaning zichligi nisbatan yuqori bo‘lsa, ba’zi bir portlovchi moddalar ma’lum sharoitda turg‘un detonatsiyalanmasdan, so‘nishga moyil bo‘ladi. Portlovchi modda zaryadining kritik zichligi berilgan diametrdan katta bo‘lsa, detonatsiya turg‘un bo‘lmay qoladi. Kritik diametrga o‘xshab, kritik zichlik ham portlovchi modda tarkibiga kiruvchi moddalarning fizikaviy holatiga va maydalanish darajasiga bog‘liq. Masalan, kukunsimon mayda kristalli trotil 1,46 g/sm3 o‘lchamga qadar zichlanganda, zaryadning diametri 2,1 mm bo‘lganda detonatsiyalanadi. Zichligi 0,9–1 g/sm3 , kukunsimon zaryadning diametri 8–10 mm bo‘lganda detonatsiyalanadi, quyma trotil esa zichligi 1,64 g/sm3 bo‘lganda zaryadning diametri 32 mm dan kam bo‘lmasagina detonatsiyalanadi. Yuqorida ko‘rsatilganlar shisha naycha (trubka) yoki presslangan qog‘oz g‘ilofda portlatiladigan zaryadlarga taalluqli. Agar zaryad yetarlicha zichlangan yaxlit mahkam materialdan yasalgan g‘ilof bilan o‘ralgan bo‘lsa, portlashdan hosil bo‘lgan gaz boshlang‘ich lahzada erkin va tez tarqala olmaydi, bu o‘z navbatida portlagan modda ustki qatlamining irg‘itilishiga to‘sqinlik qilib, hosil bo‘lgan gazning yon tomonga tarqalishini kamaytiradi. Bu esa portlashdan hosil bo‘lgan gazlar bosimining ortishiga va portlovchi modda zaryadidagi detonatsiya rejimini quvvatlantirishga sarflanadi. Shunday g‘ilof ma’lum darajada kritik diametrni qisqartirib zaryadlarning nisbatan kichik diametrlari- 110 da turg‘un detonatsiyani ta’minlaydi, bunda mahkam bo‘lmagan g‘ilofdagi portlovchi modda portlatilsa detonatsiya keskin so‘nadi. Masalan, mayda ezilgan toza ammiak-selitrani (zichligi 0,8 g/sm3 ) qalinligi 20 mm po‘lat g‘ilofga joylashtirilgan diametri 7 mm zaryad kapsul-detonator bilan portlatilsa, uning turg‘un detonatsiyasining tezligi 1500 m/s ni tashkil etadi. Ayni vaqt g‘ilofsiz portlatilganda ammiak-selitra ning kritik diametri 80–100 mm ni tashkil etadi. Amaliyotda portlovchi moddalarning shpurdagi zaryadini qo‘llashda atrofini o‘rab turuvchi tog‘ kon jinslari yaxlit, mahkam g‘ilof o‘rnini bajaradi va portlovchi modda zardining detonatsiyalanish sharoitini yaxshilaydi. Ko‘pchilik portlovchi modda zaryadlarida turg‘un detonatsiyalanishni ta’minlash uchun boshlang‘ich detonatsiya impulsining quvvatini oshirish zarur, ammo qator oddiy portlovchi moddalar uchun, masalan, igdanit, granulit, akvatollarga kuchli detonatsiyalarning o‘zi kifoya qiladi. Agar zaryad diametri kritik diametrdan kichik bo‘lsa, turg‘un detonatsiyaga erishish mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |