Oltin o`rdaning qulashi. o`zbekxon vafotidan so`ng tushkunlik davri boshlandi. Toj-taxt uchun kurash avj oldi. Oqibatda 1360- yildan 1380- yilgacha 25 marta xon almashgan.
1380- yilda Mamayning Rusdan yengilishidan so`ng toj-u taxt uchun kurash kuchaydi. Bunday sharoitda ayrim shahzodalar jon saqlash maqsadida turli tomonlarga qochib keta boshlaganlar. Shulardan biri To`xtamish edi. U Jo`jining o`gii o`rda Ichenning beshinchi avlodi bo’lgan.
To`xtamishxon Amir Temur huzuriga qochib kelgan. Amir Temur o`z davlati manfaatini ko`zlab uni qo`llab-quvvatlashga qaror qilgan. Chunki bu davrda ham Oltin o`rda Xorazmni Movarounnahr davlatiga birlashtirish yo`lidagi asosiy to`siq edi.
Nihoyat, 1380- yilda To`xtamish Amir Temur yordamida Oltin o`rda taxtini egallagan. Afsuski To`xtamishxon Amir Temur bilan do`stona munosabat o`rnatmadi. Aksincha, Amir Temurga qarshi siyosat yurita boshlagan. 1383- yilda Xorazmda o`z nomi bilan pul zarb ettirishga jur'at etgan. Bu hodisa To`xtamishxonning o`la-o`lguncha unutmasligi kerak bo`lgan Amir Temur bilan ochiqdan-ochiq aloqani uzganligini anglatar edi. To`xtamishxon hatto Amir Temurga qarshi Misr sultoni bilan ittifoq tuzishga uringan. Qolaversa, 1388- yilda Movarounnahrga bostirib kirgan. Bu davrda Amir Temur Eronning Sheroz shahrida edi. Bu ham yetmaganidek, Xorazmda Amir Temurga qarshi qo`zg`olon tashkil etgan.
Tabiiyki, Amir Temur bu hodisalar oldida qo`l qovushtirib o`tira olmas edi. Endi har ikki hukmdorning to`qnashishi aniq edi.
Amir Temur To`xtamishxonga qarshi uch marta yurish qilgan. 1395- yildagi uchinchi yurishda To`xtamishxonning qo`shinini to`la tor-mor etgan.
Amir Temurning bu zarbasidan so`ng Oltin o`rda o`zining avvalgi shuhratini qayta tiklay olmagan. Shunday bo`lsa-da, To`xtamishxon Buyuk Litva knyazligi yordamida Oltin o`rda taxtini qaytarib olishga urinib ko`rgan. Buning uddasidan chiqa olmagan To`xtamishxon 1405-yilning yanvar oyida Tyumenda vafot etgan.
Oltin o`rdada taxt uchun boshlangan o`zaro urushlar uni halokat girdobiga tobora ko`proq torta boshlagan. Bu hodisa oxir-oqibatda Oltin o`rdaning parchalanishiga olib kelgan. XV asrda Sibir, No`g`oy, Qozon, Qrim, Qozoq va Astraxan xonliklari ajralib chiqdi.
Oltin o`rda XVI asr boshlariga kelib butunlay barham topdi.