Sultonlikning zaiflashuvi. Bir tomondan, viloyatlar markaziy hokimiyatga bo`ysunmaslikka intilar edilar. Ikkinchi tomondan, sulton mustaqillikka intilayotgan vassal hind rojalariga qarshi muttasil urush olib borishga majbur bo`lgan.
Bu urushlar jamoachi dehqonlardan olinadigan soliqlarning yanada oshirilishiga olib kelgan. Hosilning 1/4 qismi hajmida soliq to`lagan jamoachi dehqonlar endilikda 1/2 qismi hajmida to`lashga majbur etilgan. Bu sultonlikdagi ichki vaziyatni yanada keskinlashtirgan.
XIV asrning 30- yillariga kelib, aholi hatto 1/4 hajmdagi soliqni ham to`lay olmay qolgan.
Muttasil yetti yil davom etgan qurg`oqchilik iqtisodiyotni butunlay xonavayron qilgan. Mamlakatda ocharchilik yuz bergan. Aholi yoppasiga qirila boshlagan. Bu ham yetmagandek, sulton Muhammad Tug`luq puxta o`ylamay o`tkazgan ikki islohot mam-lakatni halokat yoqasiga keltirib qo`ygan. Ulardan biri mamlakat poytaxtining Dehlidan Davlatobodga ko`chirilganligi bo`lsa, ikkinchisi mis pulning joriy etilishi edi. Mis pul tezda qadrsizlangan. Shunday qilib, to`xtovsiz davom etgan o`zaro urushlar va mamlakat iqtisodiyotining izdan chiqishi Dehli sultonligining inqirozga yuz tutishiga olib kelgan. Oxir-oqibatda Dehli sultoni o`z qo`lida qolgan ozgina hududni ham himoya qilishga qodir bo`lmay qolgan.
Sulton hokimiyatining zaiflashuvi salbiy oqibatlarga olib kelgan. Endi Hindiston chetdan bo`ladigan hujumlarni qaytarishga ojiz edi.
Dehli sultonligining keyingi taqdiri.Ana shunday bir sharoitda 1398- yilda Amir Temurning Hindistonga yurishi boshlangan. Tajribali sarkarda Amir Temur hech bir qarshiliksiz Dehlini egalladi, sultonlik tobe etildi. Amir Temurning oldida Usmonli turklar imperiyasiga qarshi kurash vazifasi turganligi uchun u tez orada Samarqandga qaytdi. Shunday bir sharoitda Dehli sultonligi yana avvalgi qudratini tiklashi mumkindek edi. Biroq o`zaro ichki urushlar bunga imkon bermagan. Mamlakatda tarqoqlik tobora kuchaya borgan. Dehli sultoni Buyuk sulton hisoblansa-da, amalda oddiy bir davlat hukmdoriga aylanib qolgan. o`zaro urushlar natijasida sultonlikda hokimiyat sayyidlar sulolasi qo`liga o`tgan (1414 - 1451). Biroq bu sulola hokimiyat tepasida uzoq tura olmagan.
1451- yildan hokimiyatni afg`onlar qabilasi boshlig`i Bahlul Lodi boshqara boshlagan. Yangi sulola to Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonni egallaguniga qadar (1526- yil) hukmronlik qilgan.