1.2. Fizikani fanlar bilan bog’lab o`qitishning pedagogik asoslari.
Aniq fanlarning ibtidosi, ya’ni dastlabki paydo bo‘lgani fizika hisoblanadi. U ijtimoiy-hayotiy zaruriyat sababli falsafadan ajralib chiqdi. Buning boisi hayotda fizik ilmga bo’lgan ehtiyojning ortib borishi va bu fan o‘rganadigan bilimlar ko‘lamining kengaya borishi edi. Chunki, hayot hamma vaqt taraqqiy etishda va rivojlanishdadir.
Fizika dastlab, o‘z tarkibiga ilmini qamrab olgan bo’lsa-da, insoniyatning koinot sirlarini bilishga qiziqishining ortib borishi uning tarkibidan astronomiya fanining ajrab chiqishiga, mamlakatlar, xududlar, joylar, binolar sathini o‘lchashga ehtiyojning ortib borishi esa geologiya, geografiya fanlarining ajralib chiqishiga sabab bo’ldi. Huddi shuningdek, davrlar o‘tishi bilan kimyo, zoologiya, biologiya fanlari ham hayotiy ehtiyojlarning ortib borishi sababli fizika tarkibidan ajralib o‘zlari alohida yo‘nalishda ilmiy tadqiqot olib bordi.
Fizika tabiiy fanlar orasida alohida fan sifatida shakllanib, hozirgi zamon fizikasi darajasiga kelguncha bir qancha taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tgan. Bu bosqichlarni shartli ravishda quyidagi asosiy 4 ta davrga bo‘lish mumkin: qadimgi antic davrdan XVI asr oxirigacha bo‘lgan davr, fizikaning fan sifatida shakllanish davri, klassik fizikaning yaxlit nazariya sifatida shakllanish davri va hozirgi zamon fizikasi davri.
Antik davrda tabiat hodisalarini ilmiy ravishda kuzatish va qarashlar asosan yunon olimlari tomonidan olib borilgan. Ular ilk fizikaviy qonunlarni yaratdilar.
Demokrit tomonidan materiyaning mayda bo‘laklari boshqa kichik bo‘laklarga bo‘linmasligi to‘g‘risidagi fikrlarning olg‘a surilishi, Arastu (Aristotel) tomonidanmexanikaviy harakat elementlari, to‘g‘ri va egri chiziqli mexanikaviy harakatlar, richag va uning muvozanati qoidalarining aniqlanishi eramizdan oldingi V-IV asrlarga xosdir.
O‘rta asrlarga kelib ilm-fanning rivojlanishi Sharqiy Arab va O‘rta Osiyo mamlakatlariga ko‘chdi. Ayniqsa, IX-XII asrlardan boshlab fizikaning geometric optika, statika, gidravlika, mexanika va boshqa sohalari bo‘yicha ko‘plab ilmiy kuzatishlar va tekshirishlar olib borildi.
Al-Forobiy Arastuning tabiiy fanlarga oid “Fizika”, “Osmon to‘g‘risida”, “Metrologiya” kabi ilmiy ishlariga, Batlimusning astronomiya va sohasidagi ishlariga sharxlar yozdi, hamda ularni kengaytirdi.
Sharqning buyuk allomasi Ibn Sino tibbiyot, alximiya, matematika va boshqa sohalardan tashqari fizikaning harakat, kuch bo‘shliq kabi falsafiy masalalaribilan shug‘ullanib, o‘zidan keyingi davrlarda yashab o‘tgan ko‘plab olimlarni hayratda qoldirdi.
Fizika fanining taraqqiyotida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning (973-1048) ilmiy ishlari olamshumul ahamiyat kasb etadi. U tabiat hodisalarini, jumladan, yomg‘ir, shudring, qirovlarning hosil bo‘lishini, chaqmoq, momaqaldiroq, kamalakning paydo bo‘lish sababini tahlil qilib bergan.
Fizika kimyo, geografiya, mexanik, matematika, texnika, falsafa va boshqa fanlar bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki matematikasiz fizik qonunlarni tushuntirish mumkin emas. Fizikani rivojlanishida matematika ilmiy metod sifatida juda katta ahamiyatga ega. Fan tarixida ming yillar davomida astronomlar osmon hodisalari to‘g‘risida faqat ko‘zga ko‘rinadigan yorug‘lik vositasida olinadigan informatsiyadan foydalanganlar. 1960-yillar radiofizikasining rivojlanishi tufayli radioastronomiya vujudga keldi va bizning koinot haqidagi tasavvurlarimiz haddan tashqari kengayib ketti. Astronomiyaga turdosh bo‘lgan astrofizika ko‘proq rivojlana boshladi. Chunki texnika, texnologiyalar va boshqa bir-biriga yaqin fanlarningtaraqqiyoti natijasida astrofizika masalalarni yechishga juda katta imkoniyatlar yaratildi. Demak, fanning rivojlanishi bilan ishlab chiqarish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani chambarchas bog‘liqligi ravshan.
Gyugensning mayatnik nazariyasi-mexanik soatni ixtiro qilishga olib keldi. Termodinamikadan S.Karno sikli bug‘ mashinasining ixtiro etilishiga asos bo‘ldi. A.S.Popov tomonidan radioning kashf etilishi radiofizikaning rivojlanishiga olib keldi va hokazolar.
O‘tgan asrlarimizda ro‘y bergan ijtimoiy tarixiy muhit sababli fan va texnika, ishlab chiqarish, ayniqsa harbiy texnika rivojlanishi o‘ta jadallashib ketganligi bois, bu fanlar ham o‘z navbatida tarkiblaridan yangi-yangi fanlar ajralib chiqishini taqozo qildi. O‘z navbatida fizika, mexanika, molekulyar fizika, elektrodinamika, optika, atom va yadro fizikasi kabi tarkibiy qismlarga bo‘linib ketdi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limida fanlar aro aloqadorlikning dolzarbligi, ularning ta’lim samaradorligiga qo‘shadigan hissasi ijtimoiy, tabiiy, texnik va amaliy bilimlarning birlashishi yaqqol ifodalangan va har bir fanning zamonaviy rivojlanish darajasi bilan belgilanadi. Ilmiy bilimlarning turli sohalarda bo’lsa-da, o‘zaro uyg‘unlashib borishi, bir-birini taqozo etishi har bir fan bo‘yicha ta’lim beruvchi mutaxassis o‘qituvchi oldiga yangi-yangi talablar qo‘yadi.
Turli fanlarning bir-biriga bo‘lgan aloqalari, ularning kuchli yoki kuchsiz darajada bir-biri bilan bog‘lanishi, o‘qitish jarayonida bir-birini taqozo etishi integratsiyalashuv jarayonlari ta’siri ostida yuzaga keladigan fanning rivojlanishiga oid zamonaviy tendensiyalarni o‘qitish mazmunida ochib berish metodi bo‘lib xizmat qiladi. Bunday tendensiyalar elementlari hali unchalik yetarlicha to‘liq bo‘lmasa-da, o‘z ifodasini topib bermoqda. Fizik tushunchalarga tayanish fizik bilimlarning yangi-yangi qirralarini ochib beradi, shu bilan birga bir vaqtning o‘zida fizik bilimlar ham umumlashgan mazmunga ega bo‘la boradi. Fanlarning bir-biri bilan bo‘lgan bunday aloqadorligi hisobiga o‘quv predmeti o‘quvchilar uchun faqat bilimlar tizimigina emas, balki metodlar tizimi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Demak, fanlararo aloqadorlik o‘quv mavzulari mazmunini har tomonlama, atroflicha ochib berish uchun zarurdir.
Fanlarning bir-biriga bog‘liqlik qoidalarini aniqlash va uni o‘quv jarayonida muvaffaqiyatli qo‘llash quyidagi yutuqlarga erishishimiz uchun sabab bo‘ladi:
1) Har bir fanning o‘quv mavzulari bo‘yicha fanlararo bog‘lanishining hajmini real aniqlash hamda unga sub’ektiv yondoshish ehtimolini pasaytirish;
2) Har bir fanning muhim g‘oyalarini ochib berishda ko‘mak beradigan, ular bilan kuchli darajada bog‘langan fanlarning asosiy mazmuniga o‘quvchilar e’tiborini qaratish;
3) Fanlar o‘quv mazmunining murakkablashib borishiga parallel ravishda ular o‘rtasidagi bog‘lanishning ham mustahkamlana borishini turli didaktik vositalarni qo‘llagan holda, bunday bog‘liqlikni kuchaytirish maqsadida tashkiliy ishlarni amalga oshirish;
4) Har bir fan o‘quv predmetlarining turli vositalari yordamida, ularning bog‘liqlik va uzviy birligi, to‘g‘risida bilim olinishiga qiziqishni shakllantirish;
5) O‘qituvchi va o‘quvchilar hamda o‘quvchilarnig o‘zaro ijodiy hamkorlik qilishlariga erishish;
6) Hozirgi zamon dunyoqarashi hamda uning muammolari va masalalarini o‘qitilayotgan fan va u bilan bog‘liq fanlar aloqadorligi nuqtai-nazaridan hamda hayot bilan aloqadorlik asosida o‘rganish.
Fizika fanini o‘qitish jarayonida ma’lum darajada qolgan aniq fanlar, ijtimoiy-gumanitar, shuningdek amaliy fanlarga ham murojaat qilinadi. Bu esa fizika faoliyatlarining qaysi biri dars jarayonida qo‘llanilayotganligiga bog‘liq. Masalan: Musiqa fanining tovushlar mavzusida fizika faniga, ya’ni tovushning havo tebranishi ekanligi, u jismlarning harakati yoki bir-biriga to‘qnashishi natijasida hosil bo‘lishi, tovushlarning yo‘g‘on yoki ingichka bo‘lishi ma’lum vaqt davomidagi tebranishlar soniga, ya’ni ma’lum bir soniya vaqt davomida tebranishlar soni qancha ko‘p bo‘lsa tovush shuncha ingichka, qanchalik kam bo‘lsa tovush shu darajada yo‘g‘on bo‘lar ekan. Bundan tashqari tovushlarning qattiq yoki sekin bo‘lishi tebranish amplitudasiga, ya’ni tebranish kengligiga bog‘liq ekan. Tebranish kengligi qanchalik bo‘lsa tovushning qattiqlik darajasi ham o‘sha darajada bo‘lar ekan. Shuningdek, tovush balandligini fizik asbob kamerton yordamida aniqlanar ekan. Kamerton ma’lum soniyada aniq tebranishlar sonini belgilar va musiqada ma’lum bir tovush balandligini belgilar ekan. Qo‘lda tayoqcha bilan urib chalinadigan kamerton bir soniyada 440 marta tebranish berar va bu musiqada 1-oktava lya tovushining balandligi ekan. Lekin, hozirgi davrda puflab chalinuvchi kamertonlar ham ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu kamertonda musiqaning bir oktava oralig‘idagi 12 tovushining ham balandligini aniqlash mumkin. Bunday kamertonlarning qulaylik tomoni , unda juda ko‘p torlari bo‘lgan fortepiano, royal, chang kabi cholg‘u sozlarini sozlash imkoniyati kengroqdir. Bundan tashqari musiqada fizik asboblardan Melstel metronomi ishlatiladi. Bu asbob fizik olim Melstel tomonidan kashf etilgan bo‘lib, piramida shaklida yasalgan va soat kabi burab dam solinadi. Uning o‘ng va chapga harakatlanuvchi mayatnigi bo‘lib, unga maxsus posangi tosh o‘rnatilgan. Toshni qanchalik pastga tomon siljitilsa, mayatnikning harakati shu darajada tezlasha boradi. Metronom korpusiga maxsus shkala o‘rnatilgan bo‘lib, bu shkala bo‘laklarga bo‘lingan. Agar mayatnik toshini minutga 80 marta tebranishi lozim bo‘lsa 80 belgisi qo‘yilgan shkalaga to‘g‘rilab qo‘yiladi. Melstel metronomida ijro etilayotgan musiqiy asar tezligi aniqlanadi va tartibga solinadi, ya’ni uning ijro davomida tezlashib ketishiga yoki sekinlashib qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu metronom ayniqsa musiqa ijrochiligini, ya’ni uning cholg‘u ijrochiligi, xonandalik kabi turlarini, shuningdek, dirijyorlik san’atini endi o‘rganayotgan o‘quvchi va talabalar uchun juda katta yordam beradi. Ko‘p hollarda, ayniqsa milliy musiqa asarlarimiz yozilgan notalarga asar tempi bilan birga M.M. 80, M.M. 40 yoki M.M. 120 va hokazo deb yozib qo‘yiladi. Bu esa metronom mayatnigidagi toshni shkalaning qaysi joyiga qo‘yish lozimligini ko‘rsatadi. Albatta, musiqa darslarini o‘tish jarayonida mana shunday fizik qonuniyatlardan hamda ishlab chiqarilgan fizik asboblardan foydalanish jarayonida o‘quvchilarga shu qonuniyatlar mohiyatini, mazmunini, uning fizika faniga dahldor ekanligini, shuningdek, ishlab chiqilgan to‘g‘rirog‘i yaratilgan fizik asboblar tuzilishi, ishlash prinstiplari hamda ulardan musiqada qanday qilib foydalanish yo‘l-yo‘riqlari to‘g‘risida tushuncha berib o‘tish, fizika fani va musiqaning mushtaraklik tomonlarini tushuntirish maqsadga muvofiqdir.
O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekiston qadimgi davrlardan boshlab jahonning taraqqiyot markazlaridan biri bo‘lib kelganligiga shak – shubha yo‘q. Buni arxeologik qidiruv ishlari natijalari, me’yoriy obidalar va qadimgi tarixiy yozma manbalar tasdiqlab turibdi. Bu o‘lkadan yetishib chiqqan ko‘plab ilm ahillari, allomalar jahon fani ilm-fani, madaniyatining rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shganlar ayniqsa ular orasidan Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr al-Farobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchilarning nomini dunyo ilm ahli hozirgacha tilga oladilar. Ushbu bitiruv malakaviy ishining birinchi bobida O‘rta Osiyo ilmu-fani, xususan fizika fani, uning nazariy tamoyillari rivojiga o‘z ilmiy izlanishlari, yozib qoldirgan ilmiy risolalari ular yaratgan qonuniyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan birga fizik fanini hozirgi zamon talablari asosida o‘qitish zamonaviy pedagogik texnologiyalar va ularning ta’limga tadbiq etilishi, shuningdek fizika fanining boshqa dunyoviy fanlar bilan bog‘lanishi, ularni o‘qitish jarayonlarida bir-biri bilan bog‘liqlik prinsiplariga amal qilishning beradigan samarasi to‘g‘risidagi fikr va mulohazalar bayon qilindi.
Bu mulohazalardan shu narsa ayon bo‘ldiki, dunyo fanlarining rivojlanishi va tarmoqlarga bo‘lina borishi ijtimoiy tarixiy taraqqiyot sabablidir. Dunyo ilmi qanchalik taraqqiy etib borsa fanlar mazmuniva ularning turlari tarmoqlari ham shu darajada kengayib boraveradi. Chunki yaqin o‘tmishimizda avtomatik, kibernetika, informatika kabi fan nomlari qo‘llanilmas edi. Balki kelgusida yanada fan nomlari, ular tadqiq etadigan ilmiy yo‘nalishlar paydo bo‘ladi.
Asosiy bayon qilingan fikrlardan biri, fizika fanining o‘qitilishida boshqa fanlar bilan aloqadorlik, fizika fani bilan kuchli va kuchsiz darajada bog‘langan fanlar, shuningdek boshqa fanlarning o‘qitilishida fanning qo‘llanilishi tarix, ona tili va adabiyot, matematika hamda amaliy fanlari, ularning o‘qitilishi misolida ko‘rsatib berishga harakat qilindi.
1. Bir-biri bilan kuchsiz darajada bog‘liq fanlarga nisbatan kuchli darajada bog‘liq fanlar o‘zaro mushtarak bo‘lib, mavzular mohiyati va ularni o‘quvchilarga tushuntirish jarayonida hamisha bir-birini taqozo etadi;
2. Bu fanlarning kuchli darajada bog‘lanishi ularning bir-birining ichki tizilmalarigacha kirib borishi, deyarli har bir mavzu bayonida ularga murojaat qilish zaruriyati bilan belgilanadi;
3. Bu bog‘liqlik va bir-biriga chuqur singib borish natijasida fanlar tadqiq etadigan muammolar va masalalar o‘z yechimini topib boradi;
4. Fanlarning bir-biriga bog‘liqlik darajalarini, shuningdek bu fanlarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangi tadqiqot natijalari, yangilanishlardan xabardor bo‘lib borish, hozirgi zamon o‘qituvchisiga qo‘yilgan talab bo‘lib, u dars saviyasi, mavzu mazmunining o‘quvchilar ongiga singdirilishi va uning beradigan samarasining oshishida asosiy omillardan biri bo‘lib hisoblanadi;
5. Dars jarayonida fanlarning bir-biriga bog‘liqlik darajasi va ularning mavzu mazmunini to‘ldirishdagi ahamiyati asosan o‘qituvchi bilim va malakasi, pedagogik mahorati, ko‘rgazmali qurollar, texnik vositalardan va axborot-kommunikatsion texnologiyalardan qay darajada o‘rinli foydalanishiga bog‘liq
bo‘ladi;
6. O‘qituvchining fanlarni bir-biriga bog‘liq holda dars o‘tishida akademik litsey va kasb-hunar kolleji dars jarayonining mazmunini va uning o‘quvchilar tomonidan idrok etilishida beradigan samarasi benihoya katta bo‘ladi;
7. Dars samaradorligini oshirishda o‘qituvchining shaxsiy mahorati ham muhim rol o‘ynaydi, o‘quvchilarda fanga nisbatan qiziqish uyg‘otadi va dunyoqarashini, amaliy malakalarining hosil qilish mahoratlarining oshishida asosiy omil bo‘ladi.
Barkamol, har tomonlama yetuk, komil inson tarbiyasi bosh maqsadimiz ekan, bu ish hamma vaqt o‘qituvchining diqqat markazida turishi o‘z pedagogik faoliyatining barcha imkoniyatini shunga qaratishi taqozo etiladi. Buning uchun o‘qituvchi keng dunyoqarashli, chuqur bilimli va yuksak ilm malakasiga ega bo‘lishi, shuningdek pedagogik metod va usullarni yaxshi bilishi, ilg‘or ish tajribalari, pedagogik va axborot texnologiyalaridan xabardor bo‘lishi, o‘z darsi mazmuniga ko‘ra ularni qo‘llay bilishi, o‘zi dars o‘tadigan fan bo‘yicha kerakli adabiyotlar, ko‘rgazmali qurol va didaktik materiallar to‘plashi, ulardan dars mavzusi mazmuniga ko‘ra unumli foydalanishi zarur.
Yuqorida ko‘rsatilgan talablar darajasida dars berish va dars jarayonida fanlararo bog‘liqlik, prinsiplaridan foydalanib dars samaradorligini oshirish uchun o‘qituvchiga quyidagi metodik tavsiyalarni beramiz:
1. Fanlarda bo‘layotgan o‘zgarish va yangilanishlardan doimo xabardor bo‘lib turish va uni to‘g‘ri baholay olish, o‘zi o‘zlashtirgan bilimlar ko‘lamini unutmaslik, aksincha, uni kengaytirib borish va ijro malakasini oshiib borishi uchun to‘xtovsiz o‘z ustida ishlash;
2. Dars mavzusiga ko‘ra metod va usullarni to‘g‘ri tanlash va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish bu metodlarning to‘g‘ri tanlanganligi va mavzuni yoritishdagi o‘rnini to‘g‘ri belgilash;
3. Dars mavzusiga ko‘ra faoliyat turlarini to‘g‘ri tanlash bu faoliyat turlari darsning mazmunini tashkil qilishini unutmaslik faoliyat turlaridan foydalanish ketma-ketligini to‘g‘ri belgilash (dars strukturasi).
4. Dars mavzusi mazmuniga ko‘ra qaysi fan bilan bog‘liqlik holda dars o‘tish hamda bu darsda qaysi faoliyat turlaridan foydalanish yaxshi natija berishini to‘g‘ri belgilash va har bir faoliyat turiga bog‘liq bo‘lgan fanni aniqlab faoliyat jarayonida qo‘llash.
5. Mavzuga mos dars rejasini tanlash va uni amalga oshirish malakasini egallash o‘quvchilarga shaxsan amalga oshirish metodining boshqa metodlarga nisbatan samarasi yuqori ekanligini bilish;
6. Fizika va texnika kutubxonasini, axborot-resurs markazini tashkil qilish va uni kerakli o‘quv-uslubiy, siyosiy-ijtimoiy, ilmiy hamda turli sohalardagi materiallar, asarlar bilan boyitish va ulardan dars jarayonida mavzu mazmuniga ko‘ra unumli foydalanish;
7. Fizika va texnika kutubxonasi xazinasining doimo to‘liq bo‘lishi, uning turlarga va sohalarga ko‘ra joylashtirilishi, foydalanishni nazorat qilish, ehtiyot qilib saqlash, ulardan foydalanish uchun zarur bo‘ladigan texnik jihozlarni saqlash va zarur vaqtda ishlata bilish;
8. Maxsus fizika va texnika (yoki to‘garak) xonasining bo‘lishi va unda fizik va texnik adabiyotlar, ko‘rgazmali hamda tarqatma-didaktik materiallar, texnik vositalar, magnitofon, audio-video apparatlari, monitor, axborot-kommunikatsion texnologiyalar vositalari, devor stendlari (bannerlar) va boshqalarning bo‘lishiga erishish;
9. Har bir o‘quvchining O‘rta Osiyodan yetishib chiqqan va fizik ilm hamda uning amaliyotida muvaffaqiyatli ijod qilib tariximizda iz qoldirgan alloma olimlar hayoti, ijodiy faoliyati va qoldirgan ilmiy merosi to‘g‘risida chuqur bilimga ega bo‘lishiga erishish uchun ular to‘g‘risida qisqa va mazmunli ma’lumotlar keltirilgan, devoriy rasmlar, bukletlar, foto stendlar bilan fizika xonasini jihozlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |